Ha, «Barselona» kutilganidek, yevro-arenadagi eng iqtidorli futbolchilardan biri - Frenki de Yongni o‘z tomoniga og‘dirdi. «Ayaks» safida porlayotgan yarim himoyachi faoliyatini yangi mavsumdan e’tiboran Ispaniya Primerosida davom ettiradi. Tomonlar 21 yoshli iste’dod transferini 75 million yevroga baholashdi. Frenki 2024 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma ostiga imzo chekdi va 1 iyul kuni Kataloniya klubi safiga qo‘shiladi. O‘rtadagi kelishuv bandlariga muvofiq, «Ayaks» 11 million yevro miqdorida bonus olishi ham mumkin. Buning uchun Frenki «Barselona»da muvaffaqiyatli o‘ynab ketsa, bas. Aytgancha, gollandiyalik futbolchi «PSJ», «Manchester Siti» va «Yuventus» kabi grandlar e’tiborini ham tortgandi. Xo‘sh, «Barselona»da o‘ynashni ma’qul ko‘rgan «Ayaks» yarim himoyachisi haqida nimalarni bilish kerak? Rossiyaning «SSF» nashri ko‘pchilikni qiziqtirgan transfer munosabati bilan Frenki de Yongga daxldor ma’lumotlarni alohida maqola shaklida taqdim etdi.
Gollandiyadan rekord transfer. Mamlakat Eredevizioni klublari vakillaridan hech biri bu qadar baland bahoda sotilmagandi. Oddiy aytganda, «Ayaks» safida hali 50ta o‘yin o‘tkazishga ham ulgurmagan 21 yoshli Frenki de Yong «Barselona» beradigan 75 million yevro tufayli Gollandiya chempionati rekordchisiga aylanadi.
Tarixdagi eng qimmatbaho gollandiyalik. Frenki «Barselona» safida muvaffaqiyatli o‘ynab ketgan taqdirda kataloniyaliklar Amsterdam jamoasiga bonus tariqasida yana 11 million yevro to‘lashadi. Qisqasi, de Yong yaqin orada futbol tarixidagi eng qimmatbaho gollandiyalikka aylanish imkoniyatiga ega. Eslatish o‘rinli, ayni payt bu maqom «Liverpul» himoyachisi Virjil van Deyk (transfer bahosi - 78,8 mln. yevro)da.
«Ayaks» de Yongni 1 yevroga sotib olgandi. Niderlandiya futboli bosh umidining transfer bahosi qisqa vaqt ichida million martalab qimmatlashdi. Darvoqe, bunday «mazali pirog»dan hattoki, Gollaniya ikkinchi ligasi ishtirokchisi ham tatib ko‘radi. Aqlga sig‘dirish qiyin: «Ayaks» 2015 yili 17 yoshli de Yongni «Villem II» klubidan atigi 1 yevro (!)ga sotib olgandi. Sof ramziy baho. To‘g‘ri, «Ayaks» o‘zaro kelishuvga muvofiq, Lesli de Sa, Ruben Ligeon, Rixayro Jivkovich va Lukas Andersen kabi tarbiyalanuvchilarini ijara asosida Tilburgga yuborgan. Biroq ularning hech biri bugun keng doirada tanish emas.
Birinchi klubi ham ulushdor. «Villem II» Frenki de Yong transferi amalga oshgani munosabati bilan bayram qilishga haqli. Chunonchi, «Barselona» tomonidan to‘lanadigan yirik mablag‘ning ma’lum foizi Tilburg jamoasiga tegadi. Shuningdek, «Valveyk» (Frenkining ilk klubi, ikkinchi liga ishtirokchisi) ham o‘z nasibasini oladi. Aniqroq aytsak, «Ayaks» jami summadan 10-15 foizini «Villem»ga beradi. O‘z navbatida, «Valveyk» tilburgliklarga tekkan pulning 40 foiziga ega chiqadi. Xullas, taxminiy hisob-kitobga ko‘ra, «Valveyk» chamasi 5 million yevrodan umid qilishga haqli. Taqqoslash uchun aytsak, bu klubning yillik byudjet 3 million yevroni tashkil etadi. Ajoyib tizim, shunday emasmi?
Hozir o‘ynayotganlar orasida to‘rtinchi de Yong. De Yong - Niderlandiyada eng ko‘p tarqalgan familiya. De Yonglar orasida mashhur siyosatchilar, rassomlar, yozuvchilar va sportchilar ko‘p. Xususan, bu familiya egalari orasida taniqli chang‘ichilar va voleybolchilar qatori futbolchilar ham bor. Misol uchun, ayni payt 4 nafar de Yong yuqori saviyada o‘ynamoqda. Bular - Frenki, shuningdek, Nayjel («Al-Ahli»), aka-uka - Sim («Sidney») va Lyuk (PSV). Diqqatni tortadigan tomoni, shulardan 3 nafari «Ayaks» tizimidan o‘tgan, birgina Lyuk begona, xolos.
Frenki deyarli 1 yil o‘ynamagandi. De Yong aslida «Villem»da deyarli o‘ynamagan, ya’ni butun vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan. Aytishlaricha, klub bosh murabbiyi Yurgen Streppel o‘ziga xos xarakterga ega yigitchani sira yoqtirmagan, shuning uchun unga juda kam imkoniyat bergan. Umuman olganda, Frenki «Villem II»ning 3tagina rasmiy o‘yinida qatnashgan. Shunga qaramay, 2015 yilning yozidayoq katta klublar o‘rtasida iqtidorli yigit uchun kurash boshlandi. Yakunda Amsterdam klubi 2016 yilning yanvarida maqsadiga erishdi. Keyingi voqealarni nazarda tutsak, «Ayaks» haqiqiy «brilliant»ni «yovuz» murabbiy changalidan ozod qilgan ekan. Frenki buning uchun avvalo, klubning texnik direktori Mark Overmarsdan minnatdor bo‘lishi kerak. Chunonchi, u bir necha yillik kuzatuvlari asosida yigitchaning istiqboliga baho berishda adashmadi.
Foydali amaliyot. «Ayaks» rahbariyati yosh futbolchini «sindirib» qo‘ymaslik va ishonchini kuchaytirish maqsadida uni avvaliga ikkinchi ligada o‘ynaydigan yoshlar jamoasi - «Yong Ayaks» ixtiyoriga jo‘natdi. Muhimi, bu tajriba katta naf berdi - Frenki yil davomida barqaror to‘p surib (46ta o‘yinda 8ta gol va 11ta samarali uzatma), diqqat-e’tiborni o‘ziga qaratdi. Xullas, 2017 yilning qishida hamma yigitchaga kattalar jamoasida imkoniyat taqdim etish zarurligini tushunib yetdi.
Yangi va noodatiy amplua. De Yong avvaliga ancha kam o‘ynadi, lekin vaqt o‘tishi bilan joyi asosiy tarkibda ekanligini isbotladi. Aytish joiz, Marsel Kayzer undagi yangi qirralarni mutlaqo tasodifan kashf etdi. Binobarin, Frenki 26 noyabr kuni «Roda»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, 1:1 hisobini 4:1ga aylanishida bosh rolni bajardi. Ya’ni gollandiyalik iqtidor 3ta golga hammualliflik qilishdan tashqari, raqiblarni rosa qiynagandi. «Ayaks»ning keyingi bosh murabbiyi Erik ten Xag esa Frenkini tarkibdagi almashtirilmas o‘yinchilar qatoriga olib chiqdi. U bunda de Yongga xos universallikdan unumli foydalandi. Xullas, yoshlar jamoalarida hujumkor yarim himoyachi rolida gavdalangan de Yong yangi murabbiy qo‘l ostida tayanch zonasining chin qiroliga aylandi-qo‘ydi. U ba’zida hattoki, himoya markazida Matteys de Ligt bilan hamkorlik qildi.
De Yong serqirra harakatlari va o‘yin uslubi bilan Serxio Busketsga o‘xshaydi, maydondagi joylashuviga qarasangiz, beixtiyor afsonaviy Frans Bekkenbauer yodingizga tushadi. Chunonchi, Frenki yuqori texnik salohiyati hisobiga bir necha raqibni xotirjam holda ortda qoldirishi va hujumga faol qo‘shilib, har qanday masofadan kuchli zarba yo‘llashi mumkin. Umuman, texnikasi va maydonni ko‘rish qobiliyati evaziga maydonning xohlagan nuqtasida jamoasiga son ustunligini ta’minlashga qodir. Eden Azar, Jorjinyo va David Silva kabi usta ijrochilarning eng yaxshi xislatlarini o‘zida mujassamlashtirgan futbolchini tasavvur qiling - bu aynan Frenki de Yong.
Malumot uchun! Frenki de YONG
Amplua bo‘yicha: yarim himoyachi
Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1997 yil 12 may, Arkele (Gollandiya)
Faoliyati: «Valveyk», «Villem II» (2005-2015), «Ayaks» (2016-...), «Barselona» (2019-...)
Gollandiya terma jamoasi safida 5 marta maydonga tushgan
DARVOQE
Agar Frenki «Barselona» qolib, boshqa klubga rozilik berganida, ko‘pchilik yengil «shok» holatiga tushardi qaysidir ma’noda. Chunonchi, «Ayaks» va Kataloniya klubi o‘rtasida qalin rishtalar bor: Amsterdam - Barselona yo‘nalishiga asos solinganiga ko‘p bo‘ldi. Faktlar asosida aytsak, Frenki de Yong «Ayaks»dan to‘g‘ri «Barsa» safiga qo‘shilgan 8-futbolchidir.
«Ayaks» - «Barselona» yo‘nalishi bo‘yicha
harakatlangan futbolchilar
№ Futbolchi Ampluasi Yillar
1. Yoxan Kroyff Hujumchi 1973-1978
2. Yoxan Neskens Yarim himoyachi 1974-1979
3. Rixard Vitsche Yarim himoyachi 1991-1993
4. Xordi Kroyff Yarim himoyachi 1992-1996
5. Ronald de Bur Yarim himoyachi 1998-2000
6. Frank de Bur Himoyachi 1998-2003
7. Yasper Sillessen Darvozabon 2016-...
8. Frenki de Yong Yarim himoyachi 2019 (yoz)-...