Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Jahongir Mehmonov: «Ikki davrali format tarafdoriman»

Jahongir Mehmonov: «Ikki davrali format tarafdoriman»

Baho:
+ | -

Pepsi Superliga-2018 bronza medali sovrindori - «Navbahor» yangi mavsumda ham o‘z oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ymoqda. Kuni kecha «lochinlar» Qrimda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlab, Namanganga qaytishdi. Yig‘in doirasida uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi. Biz mazkur safarning so‘nggi kuni jamoa yetakchilaridan biri Jahongir Mehmonov bilan suhbat qurdik.

- Jahongir, «Navbahor» bilan amaldagi shartnomangizni uzaytirdingizmi yoki hali yana bir yillik kelishuvingiz bormidi?

- 2018 yilning yakunida jamoa bilan shartnomam nihoyasiga yetgandi. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi bilan muzokaralardan so‘ng kelishuvni uzaytirdik.

- U qancha muddatga uzaytirildi?

- Bir yilga.

- O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini taniqli mutaxassis Andrey Kanchelskis qo‘l ostida o‘tkazdinglar. Rossiyalik murabbiy haqida nimalar deya olasiz?

- Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha uslubi bo‘ladi. Tabiiyki, Kanchelskisda ham. Faoliyat olib borgan klublari hammaga ayon. Undan ko‘p narsa o‘rganishga harakat qilyapmiz.

Qattiqqo‘lmi?

- Kerakli vaziyatda qattiqqo‘l va talabchan. Vaziyatga qarab futbolchilar bilan hazillashib ham turadi.

- «Navbahor»ning o‘tgan yilgi egallagan o‘rni jamoaning imkoniyatlari darajasiga mos bo‘ldimi yoki yana bir pog‘ona ko‘tarilish mumkinmidi?

- Bronza medali yaxshi natija, deb o‘ylayman. Mavsum davomidagi mehnatlarimizning mevasini oldik. Har bir inson astoydil ishlasa, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalariga albatta erishar ekan.

- Bu yil jamoa oldiga qanday vazifa qo‘yilyapti?

- Faqat birinchi o‘rin, ya’ni chempionlik vazifasi qo‘yilgan. Bu maqsadimizga erishamiz, degan umiddaman.

- Vaziyatga real qarasak, buning imkoni bormikan?

- Albatta, imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q! Yuqorida aytganimdek, mehnat qilsak, niyatimizga erishamiz.

- Lekin «Paxtakor» va «Lokomotiv» klublarida ham shunday istak bor...

- To‘g‘ri. Ammo biz ham shu kuchli jamoalar singari chempionlik uchun kurashamiz. Marrani yuqoriroq olaverish kerak.

- Jamoa rahbariyati o‘tgan mavsum maoshlari bo‘yicha to‘liq hisob-kitob ishlarini amalga oshirdimi?

- Ha, jamoaning futbolchilardan umuman qarzi yo‘q.

- 12ta klub ishtirok etgan Superliganing o‘tgan yilgi formati sizga ma’qul keldimi?

- Yo‘q! Negaki, jadvalning ikkinchi qismiga bo‘lgan e’tibor keskin kama-yib ketdi. Quyi oltilikdagi deyali barcha o‘yinlarga qiziqish bo‘lmadi, hisob. Oldingi formatda har bir bahs qiziqarli kechardi. Yevopaning kuchli ligalari ikki davrali oddiy formatda o‘tkaziladi. Biz ham avvalgi tizimga qaytishimiz kerak. Shunda chempionatimiz yanada kuchayadi.

- «Navbahor»ning Qrimdagi yig‘ini qanday o‘tdi? O‘rtoqlik o‘yinlari, tarkibdagi yangi futbolchilar qanday taassurot qoldirdi?

- Yangi mavsumga tayyorgarlik reja asosida ketyapti. Bu ilk xorij yig‘inimiz edi. Ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Yig‘in doirasida Qrim jamoalariga qarshi uchta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. Yangi futbolchilarning bari professional, o‘z ishini yaxshi biladi. Ularning aksariyati tajribali o‘yinchilar.

- Aziz Turg‘unboyevning transferi yaxshigina muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu jarayon hamon davom etyapti. Jamoadoshingizning «Navbahor»da qolishi aniq bo‘ldimi?

- Ha. Katta ehtimol bilan u yangi mavsumni ham «Navbahor»da boshlaydi. Osiyo kubogida milliy jamoamiz tarkibida maydonga tushib, Ektor Kuper boshchiligidagi mashg‘ulotlarda ishtirok etdi va ulkan tajriba to‘pladi.

- O‘zbekiston termasining Osiyo kubogidagi ishtiroki haqida nima deya olasiz?

- Juda alamli yakun bo‘ldi. Futbolchilar oxirigacha harakat qilishdi. Avstraliya bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida toliqib qolishgani ko‘zga tashlandi. 120 daqiqa davomida jismonan kuchli futbolchilari bor raqibga qarshi bir maromda o‘ynash mushkul. Ayrimlar hozirgi Avstraliya avvalgilari kabi kuchli emas, degan fikrni bildirishmoqda. Menimcha, unday emas. «Kengurular» barcha davrlarda kuchli ijrochilarga ega bo‘lishgan. «Yashil qit’a» jamoasi Yevropa uslubida o‘ynaydi. Futbolchilarida jismoniy tayyorgarlik juda yuqori. Penaltilar seriyasi - lotereya. O‘sha kuni avstraliyaliklar omadliroq chiqishdi. Aslida hamma futbolchilar ham 11 metrli nuqtaga yaqinlashavermaydilar. Bu vazifa katta mas’uliyat yuklaydi. Penaltidan unumli foydalana olmasangiz, jamoadoshlaringiz, murabbiylar va eng asosiysi, muxlislar oldida mulzam bo‘lib qolasiz. Shu bois ham, raqib darvozasini ishg‘ol qilolmagan futbolchilarimizni to‘g‘ri tushunish kerak. Ular ham atayin darvoza ishg‘ol qilib, muxlislar olqishini olishni istashgandi...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 15:17, 09.02.2019.
O'qildi: 3094 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.