Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Aleksandr Krestinin: «Futbol - qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha bo‘lgan hayot»

Aleksandr Krestinin: «Futbol - qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha bo‘lgan hayot»

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Murabbiylar / Fikrlar
Rukn: Intervyular

Ta’bir joiz bo‘lsa, Qir­g‘iziston terma jamoasining Osiyo kubogi-2019dagi ishtiroki mamlakat futbolini rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqdi. Albatta, bunda terma jamoa ustozi, rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestininning hissasi katta. Shu bois, bombardir.ru sayti xodimlari chempionat yakunidan so‘ng yosh mutaxassis bilan bog‘lanib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

- Qirg‘iziston terma jamoasi Osiyo kubogida 1|8 finalgacha yetib bordi. Hamma hayratda. Xo‘sh, sizning taassurotlaringiz qanday?

- Shaxsan meni hammadan ham chempionatga tayyorgarlik ishlari hayron qoldirdi: mehmonxonalardagi oliy sharoit, maydonlar, mashg‘ulot bazalari - bari ajoyib. To‘g‘ri, aslida ham shunday bo‘lishi kerak, lekin fikrimcha, amirliklar xuddi Qatar singari, jahon chempionatiga da’vogarlik qilsa bo‘laverarkan. Natijalarga kelsak, biz debyutant uchun chakki bo‘lmagan o‘yin ko‘rsatdik. Ammo boshqa tomondan, faqat birgina vazifani - guruhdan chiqishni uddaladik, xolos. Holbuki, bu qo‘limizdan kelishini hali turnir boshlanmasidan oldinoq ta’kidlagandim. Jamoamizning o‘yini yaxshi edi va aslida bundan ham uzoqroqqa bora olardik. Faqat, qaysidir lahzalarda biroz omad yetishmadi. Shuni inobatga olsak, natijadan 50 foizga qoniqdim.

Aytgancha, quvonch uchun sabab ham bor - biz kuchli termalarga qarshi tengma-teng kurasha olishimizni hammaga isbotladik. Deylik, Xitoy, Janubiy Koreya kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda juda ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Uyga qayt­ganimizdan so‘ng hamma meni tabriklay boshladi. Zero, hech kim yurishimiz bunday muvaffaqiyatli chiqishiga ishonmagandi.

- Qirg‘izlar natijangizni «tarixiy» deya baholashmoqda.

- Ha, buni eshitdim. Muxlislar bizni kutib olish uchun aeroportga kelishgani ham jamoani mamnun qildi. Jurnalistlarning aytishicha, u yerga besh yuzdan ortiq odam yig‘ilgan ekan. Xuddi o‘sha kunning o‘zida Bishkekdagi bosh maydon odamlarga to‘lib ketdi. Hatto Yangi yil bayramida ham buncha olomonni uchratmagandim. Umuman olganda, mamlakat shu kuni futbol tufayli qandaydir jips­lashgandek tuyuldi va menimcha, eng muhimi - shu. Shuningdek, bizni mamlakat prezidenti ham tabrikladi. Turnir davomida esa menga prezidentdan qo‘ng‘iroq ham bo‘ldi. Uyga qatganimizdan so‘ng davlat rahbarining qabulida bo‘ldik. Tadbirda yigitlar esdalik soatlari va ordenlar bilan taqdirlanishdi. Meni esa Qirg‘izistonning eng yuksak mukofoti - «Danaker» ordeniga loyiq topishdi. Ma’lumot uchun aytib o‘taman, bu orden bilan avvalroq Lavrov, Medvedev, Erdog‘an va Blatter kabi insonlar mukofotlangan. Xuddi shu holat men uchun sira kutilmagan bo‘ldi.

- Kichkinagina mamlakat termasini shunday katta musobaqaga tayyorlashda eng qiyini nima edi?

- Futbolchilarning dunyoqarashini o‘zgartirish. Ularga Osiyoning kuchli termalariga qarshi bemalol o‘ynay olishimiz mumkinligini uqtirish qiyin bo‘ldi. Men-ku, bunga ishonardim, ammo futbolchilar... Bir tomondan, shogirdlarimni ham to‘g‘ri tushunaman, chunki ular shu paytgacha o‘zlarini faqat autsayder deb hisoblab kelishgan. Shu bois, futbolchilar tushunchasini o‘zgartirishga ancha vaqt sarfladim.

- Men esa yuqoridagi savolga taktik muammolar bo‘yicha javob berasiz, deb taxmin qilgandim. Chunki bu tomondan ham muammolar yetarli edi. Deylik, aksariyat milliy chempionatlar uchun oddiy hol bo‘lgan InStat dasturi Qirg‘izistonda yaqindagina ishga tushdi...

- Ochig‘ini aytsam, men terma jamoada ish boshlagan ilk kunlardanoq mahalliy federasiyadan shunga o‘xshash tahliliy dasturlar borasida yordam so‘ragandim.

- Unda keling, taktika borasida suhbatlashamiz. Ayni payt kichikroq jamoalarni boshqarayotgan murabbiylar top darajadagi hamkasblaridan taktika o‘g‘irlashlari urfga aylangan. Siz ham shunday qildingizmi?

- Ko‘pchilik ta’kidlaydiki, «nusxa - yomon holatdagi original». Men ham albatta, shunday o‘ylaydigan kishilar sirasidanman. Gvardiola esa yaqindagina murabbiylar har doim bir-biridan nimanidir, albatta o‘g‘irlashlarini aytdi.

- Yaxshi, xo‘sh, siz-chi?

- Ha, endi, o‘g‘irlaysizmi-yo‘qmi, baribir, qo‘l ostingizdagi futbolchilarning saviyasidan kelib ish tutishga majbursiz. Boshlang‘ich tarkib - o‘ta muhim lahza emas. Bu haqda allaqachonlar Lobanovskiy ham aytib ketgandi. Boshqacha aytsak, futbolchilarni maydonda joylashtirish - muammoning yarmi, xolos. Ular oldiga qo‘yiladigan vazifa esa - mana bu haqiqiy sinov. Shunday ekan, men ham vaziyatdan kelib chiqib reja tuzdim. Ha, qaysidir hamkasbimning qaysidir usulidan foydalangan bo‘lishim mumkin, ammo bu - ko‘r-ko‘rona o‘g‘rilik emasdi. Qolaversa, qo‘l ostimdagi futbolchilar jahon darajasidagi yulduzlar emaski, deylik, Gvardiola usulini o‘zimniki qilib olsam...

- Qirg‘iziston termasi turnir davomida Xitoy hamda Janubiy Koreyaga yutqazdi. Ammo tahlillarga nazar solsak, siz hujumkor taktikadan foydalanibsiz?

- Ha, albatta. Biz deyarli barcha uchrashuvlarda qisqa va o‘rta masofalarga uzatiladigan «pas»lar orqali o‘ynadik. Negaki, futbolchilarimning jismoniy holati uzun «pas»lar bilan o‘ynashga imkon bermasdi. Boshqa tomondan, yigitlarim tezkor, to‘p bilan juda chaqqon harakat qilishadi. Demak, men uchun eng to‘g‘ri yo‘l shu edi.

- Baribir, shogidlaringiz saviyasi unchalik yuqori emasdi. Shu bois, ularga taktikangizni uqtirish qiyin bo‘lgandir?

- Ha, chindan ham futbolchilarning mahorati u qadar yuksak emasdi. Lekin birgalikda qilingan mehnatlar evaziga ularning saviyasi sezilarli darajada oshdi. Umuman olganda esa, qirg‘izistonlik futbolchilar taktika borasida FNLning ayrim jamoalaridan ko‘ra ancha maqtovga loyiqlar.

- Iltimos, o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun Qirg‘iziston termasi va Rossiya birinchi ligasi o‘yinchilari o‘rtasidagi farqni tushuntirib bersangiz.

- Birinchidan, terma jamoa futbolchilari mehnatkash va maqsad sari oxirigacha kurashadigan yigitlardan tuzilgan. Ikkinchidan, shogirdlarim ruhiyat tomonidan ancha kuchlilar. Ya’ni, ular o‘yin vaqtidagi har qanday holatga doim shay turishadi. Klublarga kelsak, Qirg‘izistonning ikki-uchta jamoasi a’zolari bemalol FNL talablariga javob bera olishadi, menimcha. Deylik, biz o‘tgan yili «Dordoy»ning yig‘inida «Avangard» (Kursk)ga qarshi o‘yin o‘tkazdik. 1:1 hisobida tugagan o‘yinning ikkinchi bo‘limida raqibimiz atigi ikki marta maydonning bizga tegishli qismiga o‘tdi. Qisqasi, «Dordoy» raqibni o‘z jarima maydoniga «qamab qo‘ydi». Vaholanki, o‘sha vaqtda «Avangard» Rossiya kubogi finalchisi edi...

- Adashmasak, termaning muvaffaqiyatiga xorijda o‘ynayotgan futbolchilar ham hissa qo‘shishdi, chog‘i?

- Darhaqiqat, legionerlarimiz jamoaga katta yordam berishdi. Nima qilganda ham, nemis futbolining darajasi balandroq. E’tiborlisi, bu o‘rinda mahalliylashtirish degan tushuncha yo‘q: legionerlarimiz chindan ham Qirg‘izistonda tug‘ilishgan.

- Futbolchilik faoliyatini Rossiyada o‘tkazgansiz. Murabbiylik ishini esa Qirg‘izistonda boshladingiz. Buning sababi nimada?

- Aslida hali katta futbol bilan xayrlashmasimdan oldin kelganman bu yerga. Ozgina o‘ynaganimdan keyin mendek tajribasiz odamga ishonch bildirib, murabbiylikni taklif qilishdi. Xullas, birinchi yiliyoq «Neftchi» bilan mamlakat chempioni bo‘ldik. Bu chinakam fantastika edi. Eh-he, u payt­lari xuddi qarg‘ish tekkandek ishlardim: hammani hamma narsaga o‘rgatardim. Xayriyatki, rahbarlar doim qo‘llab-quvvatlab turishdi.

- Suhbatlarning birida aytgandingizki, Qirg‘iziston futboli - rivojlanmagan masala. Bunday sharoitda qanday qilib mahorat oshiryapsiz?

- Hammasi oddiy: har bir sportchi kabi, o‘zligimni namoyon qilishga intilyapman. Ayni paytlarda ham sohadagi yangiliklarni o‘qib, o‘rganyapman. Darvoqe, meni ilhomlantiradigan mas’uliyatli omillar ham yo‘q emas. Deylik, xalqaro arenalarda ikkita mamlakat sha’ni uchun kurashishim lozim: Rossiya va Qirg‘iziston. Birinchi holatda men rossiyalik murabbiylar darajasida ish tutishim kerak. Ikkinchi holatda esa Qirg‘iziston termasini raqobatbardosh jamoaga aylantirmoqchiman.

- Qirg‘izistondagi qiziqarli voqealar haqida ko‘p hikoyalaringiz bor. Deylik, Bishkek stadionidagi qo‘ylar podasi, «shartnoma» deb atalgan A4 formatdagi top-toza qog‘oz...

- Shu joyda aniqlik kiritib ketay: aslida qo‘yga bog‘liq voqea Bishkek emas, Qo‘chqor-Ota shahrida bo‘lgan. Chindan ham, o‘yinga borsak, stadion direktori maydon chimini qo‘ylar podasi bilan «kaltalatish»ni buyurgan ekan... Bunday hodisa boshqa kuzatilgani yo‘q, har holda. Oppoq qog‘ozdagi «shartnoma»ga kelsak, bu holat ham ilgarilari uchrab turardi.

- Aytishlaricha, Qirg‘izistondagi stadionlar va bazalar sharoiti havasga arzimas ekan...

- Joylarga qarab, turlicha. Aytaylik, odam zich yashaydigan tumanlarda stadionlar holati birmuncha yaxshiroq. Lekin «a’lo» deb bo‘lmaydi, baribir. Negaki, deyarli 70 yildan buyon mamlakatda futbolga atab hech narsa qurilmagan. Shuning uchun arenalar ahvoli o‘ta xarob.

- Nima deb o‘ylaysiz, qirg‘iz futbolchilarining saviyasi, deylik, FNL darajasiga chiqarmikan, qachondir?

- Qachondir deganingiz nimasi?! Bundaylar hozirning o‘zidayoq bor: Kochenkov, Axmetov va «Enisey»dagi Kichin... To‘g‘ri, Kochenkov va Axmetovlar haliyam Rossiya termasida to‘p surish imkoni borligi uchun ikkilanishyapti, ammo ular bilan muntazam aloqada bo‘lib turibmiz.

- Ammo shular xolos-da...

- Ishoning, rus klublari qirg‘iz futbolchisini tarkibga qo‘shib oladigan kunlar, albatta, keladi. Ayniqsa, Osiyo kubogidan keyin. Aslida qirg‘iz yigitlari Rossiyada o‘ynab ketishlari mumkin, biroq eng yomoni shundaki, Rossiyada agentlarning roli juda kuchli.

- Qirg‘izistonda ham shunaqa-ku?! Masalan, ko‘plab qirg‘iz futbolchilari aynan agentlar faoliyati tufayli Hindiston yoki Tailand chempionatlarida yurishibdi.

- Hecham bunday emas. Gap shundaki, taniqli futbol agentlari qirg‘izistonlik futbolchilarga e’tibor qaratishmaydi. Bu yerdagi agentlar esa o‘z mijozlariga Hindiston yoki Tailand chempionatlaridan yuqoriroq ligani shunchaki, taklif qila olishmaydi.

- 10 yildan beri Qirg‘izistondasiz. Mamlakat haqidagi bir nechta faktlarni qisqacha bayon qiling-chi?!

- Birinchisi - oqko‘ngil va mehmondo‘st, vatandoshlarining yutug‘idan astoydil sevinadigan sodda xalq. Ikkinchisi - mazali va xilma-xil taomlar. Uchinchisi - ko‘pfarzand­lilik. Aytaylik, Rossiyada 5 nafar farzand ko‘rganlar «qahramon-ona» deyiladi. Bu yerda esa - 7 nafar!

- Nima ko‘proq hayratlantiradi?

- Bayramlarda taomlarning ko‘pligi. Yana asosan, go‘shtli ovqatlar. Deylik, odatiy bayramlarda kamida 6 xil issiq taom tanovvul qilishga to‘g‘ri keladi.

- Milliy sport - echki jasadini otda tortqilash sizni hayron qoldirmadimi?

- O, bu yo‘nalishda qirg‘izlar chempion. Sportning o‘ta qo‘pol turini ilk bor tomosha qilganimda, chindan ham, hayron bo‘lgandim. Endi esa ko‘nikib ketdim. Hatto, ot minishni o‘rganib oldim.

- Mamlakatdagi 10 yillik faoliyatdan so‘ng boshqa joyga ketish oson bo‘lmasa kerak. Lekin ayting-chi, nimaning evaziga Qirg‘izistonni tark etishingiz mumkin?

- Futbol - qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha bo‘lgan hayot. Aytaylik, siz bugun shu yerdasiz. Qo‘ng‘iroq bo‘ladi va narsalarni yig‘ishtirishga tushasiz. Ayni paytdagi barcha rejalarim Qirg‘iziston termasi bilan bog‘liq. Lekin hozircha ushalmagan orzularga kelsak, qachondir «Krasnodar»da ishlashni istardim. Bu mening murabbiylikdagi ilk va hayotimdagi eng asosiy orzularimdan biri.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 09:50, 06.03.2019.
O'qildi: 2208 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.