Hozirda butun futbol ommasining asosiy mavzusi «Qirolik klubi»ning inqirozi desak, adashmagan bo‘lamiz. Klub hozirda ancha tushkun kayfiyatda va qiyin kunlarni boshidan kechirmoqda. Ko‘plab muxlislar ushbu vaziyatning yechimi sifatida yangi murabbiyning kelishi desa, kimdir Solariga imkon berish fikrini olg‘a surmoqda. Bugun ushbu mavzuda biroz fikr yuritamiz.
Solarining ketishi to‘g‘rimi?
«Real Madrid» ustozi avvaliga o‘z ishini yaxshi uddalayotgan edi. Keyinchalik muhim uchrashuvlarda birin-ketin boy berilgan uchrashuvlar klubdagi muammolarni yaqqol namoyon qilib berdi. Solarini qo‘rqmasdan kelajagi porloq murabbiylar sirasiga qo‘shsak bo‘ladi. Sabab Ronaldudek yulduz ketgan, Lopategi tomonidan juda yomon boshlangan mavsum, yomonlashgan ichki muhit va boshqa ko‘plab faktorlarga qaramasdan ishga kirishgan Solari «Real Madrid»ning o‘ziga kelib olishi uchun ancha-muncha mehnat sarfladi. To‘g‘ri, «Real Madrid» Solari boshchiligida avvalgi darajasiga chiqa olmadi, ammo ko‘plab muammolarni hal qilishga ulgurdi.
Uning o‘rnini kim egallaydi?
Joze Mourinyu
«Manchester Yunayted»dagi omadsiz mavsum yetmaganidek, Sulsherning erishayotgan yutuqlari «Benazir»ning obro‘sini ikki xissa to‘killishiga sabab bo‘lmoqda. Joze so‘nggi yillarda o‘z reytingini tushirib yuborganiga qaramasdan, «Qirollik klubi» u bilan yana aloqaga chiqdi. Joze uchun bu imkoniyat o‘z obro‘ va imidjini tiklab olishi uchun qulay imkoniyat. Portugaliyalik mutaxassis buni yaxshi tushunib turibdi. «Real» uning avvalgi darajasiga chiqib olishi uchun so‘nggi imkon bo‘lishi mumkin. Sababi zamonaviy futbol olamida yangi murabbiylar eskilarini osonlik bilan ortda qoldirishmoqda va kuchli klublardagi vakansiyani egallab olishmoqda. Joze yana bir bor «quvun tushuradigan» bo‘lsa, u uchun super klublar eshiklari batamom yopiladi. Qahramonimiz ushbu imkoniyatga tish-tirnog‘i bilan yopishishi aniq!
Zidan
Zidanning ortga qaytishi klub uchun foyda bo‘lishi mumkin, ammo Zizu bunga rozi bo‘ladimi? Uning Florintina Perez bilan aloqalari do‘stona emas ekanligi kundek ravshan. Fransiyalik afsona katta ehtimol bilan o‘z kariyerasida yangi sahifa ochish istagida boshqa chempionatlarda ham ishlab ko‘radi. U «Chelsi», «Yuventus», «Bavariya» klublaridan birida ish boshlasa hech kim hayron qolmasligi aniq. Zizu «Real Madrid»ni qayta boshqarishiga ishonish biroz qiyinroq. Agar shunday bo‘lgan taqdirda Zidan bu klubdan yana sovrindor jamoa «yasashi» uchun katta transferlar talab etiladi. Dunyoning eng boy klubi uchun bu muammo emas. Umuman olganda Zizuni rahbariyat ko‘ndira olsa, bu «Real Madrid» uchun faqat va faqat foydali bitim bo‘ladi.
Maurisio Pochettino
Klub boshqaruviga eng munosib tanlovlardan biri desak, adashmagan bo‘lamiz. U yosh va g‘alabalarga o‘ta chanqoq. Undagi motivasiya qayta shakkilantiriladigan klubni sovrindorlar qatoriga qo‘shishi uchun yetib ortadi. Qahramonimiz so‘nggi paytlarda uning adresiga aytilayotgan tanqidlardan charchagani aniq. Kichik byudjet bo‘lishiga qaramasdan, APL da kuchli 4 likdan tushib ketmaslik vazifasini qoyilmaqom bajarayotgan argentinalik mutaxassis o‘z imkoniyatlarini boricha ko‘rsatishi uchun «beli baquvvat» klub ayni muddao. Murabbiy o‘z intervyularida ko‘p bor kichik byudjetning asorati evaziga sovrinsiz qolayotganidan noliganidan xabaringiz bor. Agarda bu mavsum ham «Tottenhem» sovrinsiz qolsa, bu Pochetino uchun yaxshigina ruhiy zarba bo‘lishi aniq.
Qahramonimiz hozirda «Real Madrid» uchun eng ideal variantdek ko‘rinmoqda. Uning hujumkor va tartibli futbol tarafdori ekanligini hisobga olsak, madridlik muxlislar uni iliq kutib olishlari aniq. Birin-ketin qo‘lga kiritilgan sovrinlar esa, Pochittinoning o‘ziga bo‘lgan kuchiga kuch qo‘shib boradi. Uning «Tottenhem»i istalgan klubni o‘z jarima maydonchasiga «qamab» tashlashga qodir ekanligini hammamiz ko‘p bor guvohi bo‘lganmiz. Teng kuchli ikkita tarkib tuzishga qudrati yetadigan «Real Madrid» Pochettinoning istagan o‘yinchilarini olib bera olsa, «Real Madrid» avvalgi ko‘rinishidanda «daxshatliroq» bo‘lib ortga qaytishi aniq!