Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Xetafe»ni nega yoqtirishmaydi?

«Xetafe»ni nega yoqtirishmaydi?

Baho:
+ | -

MADRID JAMOASINING OG‘IR QISMATI. Kamtarin «Xetafe»ning La-ligadagi shashti sira pasaymayapti.

Ispaniya poytaxtiga tutash shaharcha jamoasi finishga 4-o‘rinda qadam qo‘yib, Chempionlar Ligasining qimmatli yo‘llanmasiga ega chiqsami, bu nafaqat Pireney yarim orolidagi muxlislar, balki butun yevrofutbol shinavandalari uchun asosiy «syurpriz» bo‘ladi... Gap yevrokuboklarda juda kam ko‘rinish beradigan jamoa haqida ketmoqda.

Aniqroq aytsak, «Xetafe» hattoki, Yevropa Ligasida atigi 2 martagina ishtirok etgan. Qolaversa, jamoa bundan 2 yilcha oldin Segundaga tushib ketgandi, to‘g‘ri, bir mavsumdan keyinoq yana kuchlilar qatoriga qaytdi. Biroq Ispaniyada kamtarin «Xetafe»ning hozirgi muvaffaqiyatlaridan hech kim alohida quvonayotgani yo‘q. Nega? Sabab nima? 

Katta natijalari bilan ajralib turmaydigan «Xetafe»ga nisbatan nafrat bilan qarashlarining asosi nima? Gap shundaki, jamoa oxirgi 10 yillik davomida o‘ziga anchagina dushmanlar orttirib oldi. Bundan 1 oycha muqaddam Valensiyada chop etiladigan Las Provincias nashri shu mavzuni ko‘tarib, g‘alati savolni o‘rtaga tashladi: «O‘zi Xetafe qayerda joylashgan?» Xullas, jurnalistlar shu nomdagi shahar borligiga shubha bilan qarash asnosida klubga yana bir bora «zarba» berishdi. Xo‘sh, «Xetafe»ni nega yoqtirishmaydi? «Ispaniyada bu klubni yaxshi ko‘rishmaydi? Yo‘q, u shunchaki, bizni mutlaqo qiziqtirmaydi, - deb yozadi ChildishCoutinho foydalanuvchisi. - Hattoki, shaxsiy fanatlari ham «Xetafe»ga befarq qarashganidan keyin yana nima deyish mumkin?»

1. «Xetafe» muxlisi yo‘q klub maqomini olgan. Joriy mavsum jamoaning o‘z maydonidagi har bir o‘yinini o‘rtacha hisobda atigi 10451 kishi bevosita stadionda kuzatmoqda. Bu La-ligadagi 18-ko‘rsatkich hisoblanadi. Vaholanki, «Xetafe» ko‘p yillar badaliga eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda va kuchli to‘rtlikka kirish uchun real da’vogarlik qilmoqda. Hammasi geografiyaga bog‘liq. Xetafe shaharchasi poytaxt tevaragida joylashgan. Demakki, klubning manzil bobida omadi yurishmagan. Axir poytaxtliklar bir tomonda qudratli «Real», ikkinchi tarafda o‘z an’analariga ega «Atletiko» turganida «g‘arib»gina «Xetafe»ga ko‘ngil berisharmidi? Qisqasi, Ispaniya poytaxtida bu klubga e’tibor pastligi tabiiy hol. Aynan shuning oqibatida bechora «Xetafe» kulfat va dashnomlar ostida qolmoqda. «Hech kimni qiziqtirmaydigan jamoa La-ligada nima qiladi? Undan qanday naf bor?» Ispanlarni shu kabi savollar qiynamoqda, chunki ular buni mantiqsizlik o‘rnida ko‘rib, bema’nilikka toqat qilolmaydilar.

2. «Xetafe» prezidenti o‘z klubi qolib, «Real»ga muxlislik qiladi. Har holda, 3 yilcha oldin «Barselona» vakili Jerar Pike shu haqda gapirganida, «Xetafe» rahbari futbolchining kinoyasiga  hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. «Hammamiz anchadan bilamizki, «Xetafe» prezidenti Anxel Torres - g‘irt «madridchi». U qachondir «Real» rahbari lavozimini egallash orzusida...», - degandi tili bo‘yi kabi «uzun» Pike o‘shanda. Torresning o‘zi esa hamisha «Real»dek grand bilan hamkor maqomidagi klub tepasida ekanligi bilan alohida faxrlanib kelgan. Chunonchi, Torres shu hamkorlik evaziga «Madrid» futbolchilarini o‘z jamoasi safiga osongina chorlash imkoniyatiga ega, albatta, uning tarkibiga kirolmaganlarni. Muxlislar esa bunga jim qarab turmaydilar: ular «Xetafe»ga «Real Madrid B» laqabini berishgan.

3. «Xetafe» asosan himoyaviy futbolga tayanadi. Ko‘pchilik jamoa bosh murabbiyi Xose Bordalas haqida hali biror gap eshitmagan bo‘lsa kerak. Bu ham oddiy holat: u faoliyati davomida katta klublarni ko‘rgan emas. To‘g‘ri, joriy mavsum voqealari ta’sirida Bordalas shaxsiga qiziqish ancha oshdi, hattoki, ayrim mashhurroq jamoalar unga taklif tayyorlayotgani xususida ham xabarlar yo‘q emas. Hozirda «Xetafe» ustozini kimsan Diyego Simeone bilan taqqoslamoqdalar. Zero, Xose xuddi argentinalik mutaxassis kabi prakmatik futbolning «jinni»si. Qarang, «Xetafe» joriy mavsum o‘yinlarida to‘p nazorati bo‘yicha o‘rtacha 42,5 foizlik ko‘rsatkich qayd etmoqda. Aniq uzatmalar foizi esa 64,1ga teng. Xullas, jamoa har ikki yo‘nalishda La-Liganing eng past ko‘rsatkichlaridan biriga ega. Shuning barobarida Bordalas shogirdlari 28ta turda atigi 24ta gol qo‘yib yuborishdi. Bunisi Primeroning 3-yaxshi natijasidir. 28-turdan ke-yingi holat bo‘yicha aytsak, faqat «Atletiko» va «Valensiya» klublari «Real Madrid B»dan ko‘proq gol qabul qilgan. Qarang, Xose Bordalas yo‘lga qo‘ygan himoya «Barselona» va «Real»nikidan ham kuchliroq... Ayni chuqur himoya taktikasi samarasi o‘laroq, «Xetafe» hozirda turnir jadvalining yuqori qismida bormoqda. Biroq natijalarning keskin yaxshilanishi ham samara berayotgani yo‘q: «Xetafe» hamon muxlislar o‘rtasida hurmat qozonolmayapti, unga nisbatan nafrat hissi pasaymayapti.

Umuman, «Xetafe» Ispaniyaning boshqa klublariga sira o‘xshamaydi. Aytish joiz, futbol ispanlar uchun - toza siyosat. «Barselona» o‘yinlari vaqti tribunalarda hilpiraydigan Kataloniya bayroqlarini ko‘z oldingizga keltiring. Boshqa bir misol: Bilbaoning «Atletik» jamoasi tarkibida haligacha faqat bask millatiga mansub futbolchilar o‘ynashadi. Bundan xulosa shuki, ispanlar futbol ko‘rish asnosida o‘z qarashlari va nimaga moyil ekanliklarini dangal ko‘rsatishni xohlashadi. Qarashlar esa turfa xil: kimlardir xalq mustaqilligini yoqlashadi, boshqalar Ispaniya ichida birdamlik hukm surishiga tarafdorlar. Biroq «Xetafe» bu masalada nafaqat Primero, balki Segunda ishtirokchilari orasida ham katta rolga ega emas. Bu xuddiki, g‘oyasiz harakatdek... Aslida Madrid tevaragidagi klubning obro‘si ancha oldin, Torresning prezidentlik davri boshlanishiga qadar to‘kilgan. Deylik, 1976 yili jamoa rasman «Xetafelik «Real» muxlislari», deb nomlangan. Ko‘rinishidan, o‘sha tushunarsiz nom ta’siridan qutulish oson emas, chog‘i. «Xetafe»ning La-ligada kuchli to‘rtlikdan joy olishga shaylanayotgani ham yordam bermayotgan ekan, biror gap aytish mushkul...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 08:30, 30.03.2019.
O'qildi: 2013 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.