Terma jamoalar o‘z yig‘inlarini yakunlashdi, Yevropa va boshqa qit’alarda saralash va o‘rtoqlik o‘yinlari nihoyasiga yetdi.
Endi yana klublar futboliga qaytamiz va Yevropaning eng kuchli jamoalari ham ichki chempionatda, ham yevrokuboklarda mavsumning so‘nggi choragiga kirib kelmoqda. Ispaniyada Kataloniya derbisi, Angliyada chempionlik va kuchli to‘rtlik kurashida muhim ahamiyat kasb etadigan to‘qnashuvlar bilan navbatdagi futbol haftasi boshlanadi.
MANCHESTER YUNAYTED – UOTFORD (30 mart, 20:00
«Manchester Yunayted» nihoyat Ole Gunnar Sulsher bilan to‘laqonli shartnoma imzoladi va norvegiyalik mutaxassis yana uch yil jamoani boshqaradigan bo‘ldi. Sulsher vaqtincha emas, doimiy murabbiy sifatida o‘zining debyut uchrashuvini «Uotford»ga qarshi o‘tkazadi.
Mourinyo iste’foga chiqishidan sal oldinroq, Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rt o‘rindan birini egallash «MYU» uchun fantastika ekanini aytgandi. O‘shanda manchesterliklar kuchli to‘rtlikdan 11 ochko orqada borayotgandi. Ammo Sulsher vaziyatni o‘ngladi, fantastika haqiqatga aylandi, hozirda «MYU»ni uchinchi o‘rindan atigi 3 ochko ajratib turibdi, xolos. Sulsher ham shartnomadan keyingi ilk matbuot anjumanida asosiy maqsadlardan biri Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash ekanini yashirmadi.
Ammo oson bo‘lmaydi. Birinchidan, «Uotford»ga qarshi o‘yin terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin bo‘lib o‘tmoqda. Ya’ni, terma jamoa bilan birgalikda turli mamlakatlarga ketib, qaytib kelgan futbolchilar mezbonlar safida ko‘proq. Ikkinchidan, o‘zi shundoq ham jamoa tarkibida juda ko‘p jarohatlangan futbolchilar bor edi. Errera, Sanches, Jons, Lingard, Mata, Darmian kabi futbolchilardan tashqari, Marsiyal, Reshford, Lukaku va Matich ham o‘z terma jamoasi yig‘ini oldidan jarohatlanib qaytishgan. Ularning «Uotford»ga qarshi qay darajada tayyor ekanliklari hali aniq emas.
O‘z navbatida «Uotford» ham anoyi emas va turnir jadvalining dastlabki o‘nligida bormoqda. «Yunayted» ularga qarshi oxirgi 4 o‘yinni g‘alaba bilan tugatgan bo‘lsa-da, bu o‘yinlarning har birida «Uotford» raqibga yetarlicha muammolar tug‘dira olgan. Birinchi davradagi o‘yinda «Manchester Yunayted» mehmonda 2:1 hisobida ustun kelgandi.
BARSELONA – ESPANYOL (30 mart, 20:15)
Mavsum tugashiga 10 tur qolganda, «Barselona» 10 ochkolik farq bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda va har bir g‘alaba kataloniyaliklarni navbatdagi chempionlik sari yaqinlashtiradi. «Barselona» Chempionlar Ligasida kurashni davom ettirayotgan yagona ispan jamoasi ekani hisobga olinsa, «bo‘sh vaqtlar»da ochko yo‘qotmasdan, iloji boricha, chempionlikni rasmiylashtirish Valverde jamoasi uchun muhimdir.
«Espanyol»ni esa, hazillashib Madridning Kataloniyadagi farm klubi deyishadi. Sababi, aynan «Espanyol» bilan o‘yinlarda haqiqiy derbi maqomini his qilasiz, jamoa doimo «Barselona»ga qattiq qarshilik qilib keladi. La Liga doirasida Espanyolda o‘tgan oxirgi 4 o‘yinning ikkitasida durang qayd etilgan, shuningdek, o‘tgan yili Ispaniya kubogida «Espanyol» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan.
Shuningdek, turnir nuqtai nazaridan ham mehmonlarga ochko zarur. Jamoa turnir jadvali ekvatoriga yaqin joylashgan bo‘lsa-da, xavfli zonadan ham u qadar uzoqlashib ketmagan. O‘z navbatida, yevrokuboklar o‘rni bilan ham atigi 6 ochkolik masofa ajratib turibdi, xolos.
Tarkiblar borasida «Espanyol»ning holati yomonroq. Asosiy tarkib o‘yinchilari Lopes, Naldo, Duarte va mavsum oxirigacha safdan chiqqan Pablo Pyatti sheriklariga yordam bera olmaydi. «Barselona» uchun esa, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus endigina yakunlangani va deyarli butun tarkib yig‘inlarda ishtirok etgani noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Xususan, yetakchi hujumchilar Lionel Messi va Luis Suares kichik jarohat tufayli yig‘inlardan qaytib kelgan. Ularning bu o‘yinga tayyor ekani aytilayotgan bo‘lsa-da, qanday sport formasida ekanliklari hozircha ma’lum emas.
Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, bu tur yakunlanishi bilan, hafta o‘rtasida Ispaniyada yana bir tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ya’ni, Chempionlar Ligasi boshlanguncha, bir hafta ichida «Barselona» 3ta o‘yinda maydonga tushadi. Kuchlarni to‘g‘ri taqsimlash uchun ham Valverde o‘yinlarda tarkiblarda biroz o‘zgarishlar qilishi. Rotasiyaga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin.
SAMPDORIYA – MILAN (31 martga o‘tar kechasi, 00:30)
Milanliklarning A Seriyada 8 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yildi. Jamoa 2019 yilda ilk marotaba mag‘lubiyatga uchradi va «Inter»ni uchinchi o‘ringa o‘tkazib yubordi. Endi 4 ochkolik farq bilan ta’qib qilib kelayotgan beshinchi o‘rindagi «Roma»ni yaqinlashtirmaslik uchun ham «Milan» yana yangi g‘alabali seriyani boshlashi shart.
Raqib bo‘lmish «Sampdoriya» esa anoyi emas, ayniqsa, so‘nggi paytlarda juda sermahsul o‘yin namoyish qilyapti. Misol uchun, o‘tgan turda «Sassuolo» maydonidagi g‘alaba (5:3) genuyaliklarning hujum chizig‘ida muammo yo‘qligini ko‘rsatadi. Qanaqa muammo ham bo‘lsin, axir Italiya futboli faxriysi Fabio Kualyarella nechanchidir yoshligini o‘tkazmoqda va 21 gol bilan A Seriya to‘purarlari jadvalida yetakchilik qilmoqda. «Milan» safida ham bombardir bor – Kshishtof Pyontek joriy mavsumda 19 gol urgan. Demak, bu o‘yin to‘purarlarning ham o‘ziga xos bahsiga aylansa ajab emas.
«Sampdoriya»ga Gaston Ramires, Edgar Barreto, Janluka Kaprari va Rorenso Tonelli yordam bera olishmaydi. Mehmonlar safida esa Mattia Kaldara mashg‘ulotlarga qaytgan.
ROMA – NAPOLI (31 mart, 18:00)
Italiya chempionati jadvalining yuqori qismida faqat bitta intriga qoldi. «Yuventus» chempionlikni deyarli hal qilgan, «Napoli»dan ham hech kim ikkinchi o‘rinni tortib ololmasligi oydinlashgan. Faqat Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi ikki o‘rin uchun uch jamoa – «Inter», «Milan» va «Roma» kurash olib bormoqda. Yuqorida aytilganidek, hozirda «Roma» 4 ochkolik farq bilan 5-o‘rinni egallab turibdi.
Mana shu kurash nuqtai nazaridan «Roma» har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishi shubhasiz. Raqib «Napoli» ekani ham cho‘chitmasligi kerak, zero rimliklar bu jamoaga qarshi so‘nggi o‘yinlarni juda yaxshi o‘tkazishmoqda. Roppa-rosa bir yil oldin Neapolda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda «Roma» 4:2 hisobida ustun kelgan edi. Darvoqe, o‘sha mag‘lubiyat tufayli «Napoli» o‘tgan mavsumda chempionlik poygasidan chiqishga majbur bo‘lgan, demak, bu safar neapolliklar «Roma»ni chalib qolishga urinishlari mumkin. Shuningdek, ushbu mavsumning birinchi davrasida, yana Neapolda o‘tgan o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi. Qizig‘i, bu jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Rimdagi o‘yinlarda aksincha, mehmonlar ustunroq harakat qilishmoqda – oxirgi ikki o‘yin «Napoli»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.
LIVERPUL – TOTTENHEM (31 mart, 20:30)
Kuchli beshlikda faqat Bundesliga va APLda chempionlik uchun kurash qizg‘in kechmoqda. Angliyada «Liverpul» 76 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turgan bo‘lsa, «Manchester Siti» hisobida 74 ochko bor, ammo Gvardiola shogirdlari bir o‘yin kam o‘tkazgan. «Liverpul» mavsum oxirigacha top-6 raqiblarga qarshi ikki marta maydonga tushadi. Ikkala o‘yin ham o‘z maydonida – «Tottenhem» va «Chelsi»ga qarshi. «Manchester Siti» esa, «Tottenhem»ni qabul qiladi va aprel oyi oxirida «Old Trafford»ga safar qiladi. «Tottenhem», «Chelsi» va «Manchester Yunayted» kuchli to‘rtlik uchun qattiq kurash olib borayotganini ham e’tiborga olsak, bizni juda qiziqarli yakun kutib turibdi.
Mana shunday o‘yinlardan biri yakshanba kuni «Enfild»da bo‘lib o‘tadi. «Liverpul» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha orqada bo‘lsa-da, bu o‘yindan bir kun oldin «Manchester Siti» «Fulhem» mehmoni bo‘ladi va katta ehtimol bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin. «Liverpul» mana shunday ruhiy bosim ostida «Tottenhem» qarshiligini yengishi talab etiladi.
«Tottenhem»ning muammolari ham yetarli. Londonliklar APLda so‘nggi 4 o‘yinning uchtasida mag‘lubiyatga uchrashdi va bir o‘yinda durang qayd etildi. Natijada, hatto chempionlik uchun kurashishi aytila boshlagan jamoaning kuchli to‘rtlikdagi o‘rni ham xavf ostida qoldi. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat «Tottenhem»ni kuchli to‘rtlikdan ham pastga tushirib yuborishi mumkin.
Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar doim murosasiz kechgan. Oxirgi 20 o‘yinning 8tasida «Liverpul» ustun kelgan bo‘lsa, 6 o‘yin londonliklar g‘alabasi bilan yakunlangan. Birinchi davrada «Uembli»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
BOSHQA O‘YINLAR
30 mart. «Fulhem» – «MANCHESTER SITI» (17:30), «BORUSSIYA» D – «Volbfsburg» (19:30), «Frayburg» – «BAVARIYA» (19:30), «YUVENTUS» – «Empoli» (22:00), «Alaves» – «ATLETIKO» (31 martga o‘tar kechasi, 00:45)
31 mart. «Kardiff» – «CHELSI» (18:05), «REAL» – «Ueska» (23:45)
1 aprel. «ARSENAL» – «Nyukasl» (23:55).