Oxirgi 3ta o‘yinda 3ta gol. «Shanxay SIPG» klubi Xitoy Superligasi 3-turida «Xebey Chayna Forchun» mehmoni bo‘lib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Diqqatni tortadigan tomoni, mehmonlarga g‘alaba keltirgan golga 80-daqiqada hamyurtimiz Odil Ahmedov mualliflik qildi. Alohida ta’kidlash kerak, milliy jamoamiz sardori «Shanxay SIPG»ning Xitoy chempionati doirasidagi oxirgi 3ta o‘yinidan buyon maydonni golsiz tark etmayapti. Aniqroq aytsak, o‘tgan mavsumning so‘nggi turidan o‘rin olgan uchrashuvda gol urgan hamyurtimiz yangi chempionat hisobidan ortda qolgan 2ta o‘yinda ham raqiblar darvozasini nishonga oldi. Odilning «Xebey Chayna Forchun»ga qarshi bahsda to‘liq 90 daqiqa faol to‘p surganini alohida ta’kidlash kerak. «Shanxay SIPG» ayni payt 9 ochkoga ega va turnir jadvalini aynan shu jamoa boshqarib turadi.
Qisqa o‘yin vaqti. Rossiya Premer-ligasi 21-turidan o‘rin olgan «Rostov» - «Ural» uchrashuvida mezbonlar g‘alaba qozonishdi - 2:1. «Rostov» safidagi Eldor Shomurodov 68-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, jamoasi g‘alabasiga ozmi-ko‘p hissa qo‘shdi. Har holda, rostovliklar g‘alaba golini so‘nggi lahzalarda urishdi. Vitaliy Denisov «Krilya Sovetov» safida nihoyat, yana maydonga tushdi va 60 daqiqa to‘p surdi. Biroq samaraliklar o‘z muxlislari qarshisida «Arsenal» (Tula)ga yutqazib qo‘yishdi - 0:1. «Orenburg» peshqadam - «Zenit»ga aytarli qarshilik ko‘rsatolmay, Sankt-Peterburgdan 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytdi. Mazkur muvaffaqiyatsiz bahsda mehmon jamoa vakili Vadim Afonin to‘liq vaqt harakatda bo‘ldi.
Atigi 5 daqiqa. Tarkibida hamyurtimiz Fozil Musayev faoliyat olib borayotgan «Jubilo Ivata» jamoasi Yaponiya chempionati elit divizioni 5-turida «Kashima Antlers»ni qabul qildi. Uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi. O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod futbolchi 85-daqiqadagina Kentaro Moriya o‘rniga maydonga tushdi. 5ta o‘yinda atigi 3 ochko olgan «Jubilo Ivata» ayni payt Yaponiya chempionati turnir jadvalida 16-o‘rinni band etib turibdi.
Yaponiya ikkinchi divizionidagi legionerlarimiz - Doston Tursunov («Renofa Yamaguchi») va Zabihillo O‘rinboyev («Yamagata») esa maydonga tushishmadi. Ularning klublari tegishlicha «Ryukyu» (2:2) va «Toigi» (0:0) maydonida durang natija qayd etdi.
«Seul»ning ishlari yaxshi. Ikrom Aliboyevning yangi klubi - «Seul» Janubiy Koreya «K»-ligasi turnir jadvalida hamon peshqadamlik qilmoqda. Poytaxtliklar 4-turda «Sangju Sangmu»ni 2:0 hisobida dog‘da qoldirib, o‘z ochkolari sonini 10taga yetkazib qo‘yishdi.«Seul» o‘yiniga muammosiz qo‘shilib ketgan terma jamoamiz yarim himoyachisi bu safar 66 daqiqa to‘p surdi. Janubiy Koreya ikkinchi divizioniga yo‘l olgan Javlon Ibrohimov «Suvon»ning «Tejon Sitizen»ga qarshi safar uchrashuvida to‘liq vaqt o‘ynab, aynan 2:0 hisobidagi g‘alabani tantana qildi.
Shukurovsiz g‘alaba. BAA chempionatida turnir jadvali yetakchisi «Sharja» asosiy yarim himoyachilaridan biri Otabek Shukurovni ma’lum muddatga yo‘qotgan bo‘lsada, «Al-Jazira»ga qarshi kechgan bahsda 3 ochko olishni epladi. Qiziqarli kurash va kuchli «intriga» ostidagi o‘yin mezbon jamoaning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan xotima topdi.
Sardor «xet-trik»ni esla... Portugaliya chempionatida to‘p surayotgan Sardor Rashidov mahalliy Primerodagi 2-o‘yinida «xet-trik» qayd etganidan buyon o‘zini sira ko‘rsatolmayapti. Boz ustiga, uning klubi - «Nasonal» ketma-ket mag‘lubiyatga uchramoqda. Jamoa 27-tur o‘yinida «Maritimu»ga yutqazib (3:2), turnir jadvalidagi holatini yanada og‘irlashtirib oldi.