Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/12 00:45 Verona 3-1 Atalanta
07/12 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Atletiko
07/12 16:30 Cremonese 2-0 Lechche
07/12 18:00 Elche 3-0 Jirona
07/12 19:00 Brayton 1-1 Vest Xem
07/12 19:00 Kalyari 1-0 Roma
07/12 20:15 Valensiya 1-1 Sevilya
07/12 21:30 Fulhem 1-2 Kristal Pelas
07/12 22:00 Lasio 1-1 Bolonya
07/12 22:30 Espanyol 1-0 Rayo Valyekano
08/12 00:45 Napoli 2-1 Yuventus
08/12 01:00 Real Madrid 0-2 Selta
08/12 19:00 Piza - Parma
08/12 22:00 Udineze - Jenoa
09/12 00:45 Torino - Milan
09/12 01:00 Vulverhempton - Man. Yunayted
09/12 01:00 Osasuna - Levante

Qandingni ur, «Molde»!

Qandingni ur, «Molde»!

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Ishonasizmi-yo‘qmi, shu qishda atigi ikki inson Norvegiyaning «Molde» klubiga jamoaning bir yillik byudjetidan ko‘ra ko‘proq foyda keltirishdi.

Bu ma’lumotni endi bemalol rasmiy deya izohlash mumkin. Gap shundaki, Zalsburgning «Red Bull» klubiga transfer qilingan 18 yoshli hujumchi Erling Xolann «Molde» g‘aznasiga umumiy hisobda 5 mln. yevro (yana qanchadir bonuslar ham bor) «to‘kkan» bo‘lsa, Ole-Gunnar Sulsherning «Manchester Yunayted» ustozi sifatida rasman tan olinishi rumsdalsliklar uchun sira kutilmagan boylikni tuhfa qildi. Agar Norvegiya OAVlarida berilayotgan xabarlarga tayansak, bu miqdor 80 mln. krona — ya’ni 8 million yevrodan oshiqroqni tashkil qilmoqda. 

Keling, endi shu 8 millionning Norvegiya uchun qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rib chiqaylik. Sulsherning «Yunayted»ga transferi Norvegiya futboli tarixida qiymati bo‘yicha uchinchi bo‘ldi. Bundan oldinroq Jon Obi Mikel «Lyun»dan «Chelsi»ga 20 mln. yevro evaziga o‘tgan va Jon Karyu «Rusenborg»dan «Valensiya»ga 9 mln. yevroga sotilgandi. E’tibor bering, yuqoridagi har ikki holatda ham gap kelajagi porloq yosh futbolchilar haqida ketyapti, aslo murabbiy haqida emas. Sulsherning o‘ziga kelsak, 1996 yili «MYU» uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun taxminan 2,5 mln. yevro sarflagandi. Qarangki, murabbiy Sulsherning narxi futbolchi Sulshernikidan uch baravar qimmatroq bo‘lib chiqyapti.

Aytgancha, «Molde» ijrochi-direktori Eysteyn Neerland ham kuni kecha klub Sulsher uchun belgilangan kompensasiya pulini olganini aytdi. Ammo u ushbu to‘lov miqdori rostdan ham 80 mln. krona ekanini na tasdiqladi va na rad etdi.

«Manchester Yunayted» murabbiy uchun pul to‘lashi va Xolanning ketishi oydinlashgach, «Molde» Norvegiya o‘lchamlari bilan qaralganda, bir qator «kuchli» transferlarga kirishib, birgina o‘tgan qishning o‘zida oldingi to‘rt mavsumda xaridlar uchun sarflagan mablag‘dan ko‘proq pul ishlatdi. Deylik, avvaliga Tippeliganing o‘tgan yilgi mavsumida eng yaxshi chap qanot himoyachisi bo‘lgan Eyrik Andersen «Molde» safiga qo‘shildi. Keyinroq esa «Budyo-Glimt» klubi sardori, tajribali markaziy himoyachi Martin Byornbak xarid qilindi. Shuningdek, hujumchi Oi Omoyjuanfo va o‘ng qanot himoyachisi, «Xyougesunn» vise-sardori Kristoffer Xaraldseydlar ham jamoa safiga qo‘shilishdi. Tan olish lozim, yuqoridagi xaridlar - Norvegiya uchun anchagina yirik savdo. Chunonchi, Andersen yoki Byornbak kabi futbolchilar Rossiyaning o‘rtamiyona klublari talablariga bemalol javob bergan bo‘lishardi.

Shunday qilib, «Molde» qishda bosh murabbiy va eng umidli tarbiyalanuvchisini yo‘qotdi-yu, ammo bir tomondan, boyib oldi, ikkinchi tomondan, chempionlik shohsupasi sari dadil qadam qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, rumsdalsliklar so‘nggi bor 2014 yilda bu maqomga erishishgandi. Qolaversa, «Molde»ning yangi mavsumdagi muvaffaqiyatiga hech kim, hatto asosiy raqobatchilardan biri sanalgan «Stabek» klubi ustozi Xenning Berg ham shubha qilmayapti va intervyularining birida aytganidek: «Molde» — mavsumning bosh favoriti».

Eng qizig‘i shundaki, Sulsher ketganidan keyin «Molde» hatto o‘yin uslubini ham o‘zgartirgani yo‘q. Bundan buyon jamoani klubda uzoq vaqtdan beri faoliyat yuritgan, shuningdek, Sulsherning yordamchisi sanalgan Erling Moe boshqaradigan bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, Moe - Sulsher «Manchester Yunayted»dan tushgan taklif haqida xabar bergan birinchi odam hisoblanadi. «Biz maydonda mashg‘ulot o‘tkazayotgandik. Ole menga shunday dedi: «Bu yangilikni eshitish uchun, yaxshisi, o‘tirib ol». Lekin men o‘tirmadim. Aksincha, u tomonga do‘mbaloq oshib bordim. Keyin kutilmagan xabarni eshitdim. O‘ylashimcha, Ole shu paytda ich-ichidan quvonayotgandi», — deydi Moe.

Mana endi, yangi murabbiyning oldida mashaqqatli vazifa turibdi. Bir tomondan, «Molde» ko‘p yillik an’anani buzmasligi lozim - klub pul topishda davom etishi uchun yevrokuboklarga yo‘l olishi shart. Boshqa tomondan, yaqindagina amalga oshirilgan yirik transferlardan so‘ng «Rusenborg»ning yakkahokimligiga ham bir amallab chek qo‘ymasa bo‘lmaydi. Chunonchi, «Rusenborg» so‘nggi yillarda ichki chempionatda juda bemalol harakat qiladigan bo‘lib qoldi.

«Molde»ning yangi murabbiyida qo‘shimcha ijobiy rag‘batlantiruvchi xislat ham bor. Gap shundaki, u «Koventri Siti» (ha, ajablanmang, aksariyat skandinaviyaliklar kamtarona ingliz jamoalariga muxlislik qilishadi) klubi shaydosi. «Koventri» esa so‘nggi 50 yilda ilk bor yuksalish sari yuz burib, joriy mavsum Liga 1da to‘qqizinchi o‘rinda bormoqda va hamon Chempionshipning «pley-off»i uchun imkoniyat saqlab turibdi. Moening aytishicha, Sulsher ketganidan so‘ng «Molde» bosh murabbiyi xonasida ro‘y bergan yagona o‘zgarish aynan ikki mutaxassisning qarashlari bilan bevosita bog‘liq. Xullas, shu paytgacha devorda osig‘liq turgan «Manchester Yunayted» vimpeli olinib, stol tortmasiga joylashtirildi. Uning o‘rniga esa «Koventri Siti» vimpeli faxr bilan ilib qo‘yildi...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 18:39, 08.04.2019.
O'qildi: 2838 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.