Kirish Ro'yxatdan o'tish
11/01 00:45 Lasio 1-1 Komo
11/01 01:00 Rayo Valyekano 2-1 Selta
11/01 18:00 Alaves 0-1 Jirona
11/01 19:00 Empoli 1-3 Lechche
11/01 19:00 Udineze 0-0 Atalanta
11/01 20:15 Valyadolid - Betis
11/01 22:00 Torino - Yuventus
11/01 22:30 Espanyol - Leganes
12/01 00:45 Milan - Kalyari
12/01 01:00 Sevilya - Valensiya
12/01 16:30 Jenoa - Parma
12/01 18:00 Las-Palmas - Xetafe
12/01 19:00 Venetsiya - Inter
12/01 20:15 Atletiko - Osasuna
12/01 22:00 Bolonya - Roma

Murabbiylar: Misoli topag‘on savdogar

Murabbiylar: Misoli topag‘on savdogar

Baho:
+ | -

Hozirgi futbol borgani sari bozor qoidalariga moslashib bormoqda. Millionlar o‘yini allaqachon o‘zining transfer yo‘nalishini belgilab olgan, u har mavsum tobora faollashyapti. Klublar turli sabablarga tayangan holda futbolchilar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishmoqda - kimdir avvaldan belgilangan vazifalarni bajarishni xohlaydi, kimdir shunchaki g‘aznasini rivojlanish yo‘lida kerak bo‘ladigan pul bilan to‘ldiradi.

Bugun Yevropaning eng mashhur besh nafar murabbiyi faoliyatiga nazar tashlab, ularning futbolchi sotish orqali o‘z klubiga qancha daromad keltirganini hisob-kitob qilamiz. Albatta, ular bu ishni muayyan bir klubda emas, balki butun faoliyatlari davomida amalga oshirishgan. Shuningdek, bugungi ro‘yxatdan ayni payt qo‘l ostidagi futbolchilar bilan faol ishlayotganlar joy olishganini qo‘shimcha qilish darkor.

5. UNAI EMERI (Ispaniya)

Sotgan futbolchilarining umumiy narxi: 466,61 million funt

Hozirda Londonning «Arsenal» klubida ishlayotgan 47 yoshli ispaniyalik mutaxassis faoliyati davomida o‘z yurtidagi unchalik taniqli bo‘lmagan jamoalarda ishlagach, keyinchalik «Valensiya», «Spartak Moskva», «Sevilya», «PSJ»da mehnat qildi. O‘tgan yilning yozida esa uzoq yillardan so‘ng «kanonirlar» boshqaruvini tark etgan Arsen Vengerning o‘rnini egalladi. Ushbu beshta klubda Unai Emeri umumiy summasi 466,61 million funt sterlingga teng 59 nafar futbolchini sotishga ulgurgan. Umuman, sevimli jamoalarining transfer bozoridagi jiddiy xaridlariga ko‘nikkan «Arsenal» fanatlari Emeridan kimnidir sotish emas, balki yanada saviyaliroq bo‘lgan o‘yinchilarni sotib olishni kutishmoqda. «Sevilya» bilan Yevropa Ligasida ketma-ket (2013|2014, 2014|2015, 2015|2016) bosh sovringa ega chiqilishi ushbu mutaxassisning faoliyatidagi eng yirik yutuqlar hisoblanadi. Bundan tashqari, «PSJ» bosh murabbiyi sifatida 2017|2018 yillar mavsumida Fransiya chempionligini qo‘lga kiritgan. Qizig‘i, Emeri amaldagi rekord darajadagi transferni amalga oshirgan klubga ustozlik qilgan. Aynan ispaniyalik ishlagan paytda - 2017 yilning yozida «PSJ» Neymar uchun «Barselona»ga 222 million yevro to‘lagan.

------------------------------------------------

4. DIYEGO SIMEONE (Argentina)

Sotgan futbolchilarining umumiy narxi: 494,43 million funt

48 yoshli argentinalik mutaxassis hozirgacha ikkita jamoa bilan ishlashga ulgurdi, xolos - Italiyada «Kataniya» hamda Ispaniyada «Atletiko Madrid». 2011 yildan buyon «matraschi­lar»­ga ustozlik qilayotgan Simeoneni aftidan, klub rahbarlari hali-veri qo‘yib yuborishmaydigan ko‘rinadi. Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, Simeone murabbiylik faoliyati davomida 54 nafar futbolchini sotgan, bu transferlar natijasida u ishlagan klublar g‘aznasiga qariyb 500 million funt tushgan. Ayniqsa, futbol olamida Simeone qo‘l ostida o‘sishga erishgan forvardlarga ehtiyoj katta. O‘z vaqtida «Atletiko» argentinalik murabbiy davrida Falkao sotuvi uchun 39, Jekson Martines uchun 38, Serxio Aguero uchun 36, Diyego Kosta uchun 34 million funt sterlingga ega bo‘lgan. Diyego Simeonening Yevropa qit’asida erishgan eng yirik yutug‘i Ispaniya chempionligi bo‘lib, 2013|2014 yillar mavsumida «matraschilar» mamlakatning tengsiz jamoasi nomini qo‘lga kiritishgan. Bundan tashqari, Simeone davrida «Atletiko» ikki marta Yevropa Ligasida zafar quchdi, ikki marta Chempionlar Ligasi finaliga chiqib, hal qiluvchi bahsda raqibiga imkoniyatni boy berdi. Ta’kidlash joizki, Simeone faoliyati davomida sotib olgan eng qimmat futbolchi Toma Lemar hisoblanadi. Uning uchun «Atletiko» o‘tgan yilning yozida «Monako»ga 63 million funt to‘lagandi.

------------------------------------------------

3. JOZE MOURINYO(Portugaliya)

Sotgan futbolchilarining umumiy narxi: 510,59 million funt

56 yoshli «Benazir» futbol olamidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylardan biri sanaladi. Mourinyo «Portu», «Chelsi», «Inter», «Real» va «Manchester Yunayted»dagi faoliyati orqali yaxshi tanish. Tushunarliki, u Yevropa grandlariga ustozlik qilgani holda, asosiy e’tiborni xaridlarga qaratgan. Uning davrida jamoadan ketgan deyarli barcha futbolchilar Jozening qiziqishlari doirasiga kirishmagan. Mourinyo shunchaki ularga imkoniyat berishni xohlamagani sabab, jamoani tark etishlariga to‘sqinlik qilmagan. Lekin shunday munosabatda ham «Benazir» sotilgan futbolchilar tufayli klubga yirik mablag‘ keltirgan - jami 64 nafar futbolchining umumiy narxi 510,59 million funtga teng bo‘lgan. Ular orasida portugaliyalikning keskin tanqid qilinishiga zamin hozirlaganlari ham bor - masalan, Muhammad Salohning «Chelsi»dan «Roma»ga qo‘yib yuborilishi yoki Kevin De Bryuynening aynan «aristokratlar» safidan «Volfsburg»ga o‘tishi shular jumlasidan. Hozir bu futbolchilarning narxi osmonda, «Benazir» esa ular voz kechayotganidan zarracha afsuslanmagandi. Mourinyo qo‘lga kiritgan yutuqlar ro‘yxatini keltirishdan ma’ni yo‘q, axir o‘ziga xos ensiklopediyaga aylangan ma’lumotlarni sanab chiqish ko‘p vaqt va kuch talab etadi. Qisqacha aytadigan bo‘lsak, Joze erishgan muvaffaqiyatlar orasida eng salmoqlilari Angliya, Italiya, Ispaniya chempionligi, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi bosh sovrini hisoblanadi. Mourinyo, chin ma’noda, aksariyat murabbiylar havas qiladigan deyarli barcha mukofotlar sohibiga aylangan. Joze davrida amalga oshirilgan eng yirik xarid sifatida Pol Pogbani ko‘rsatish mumkin - 2016 yilning yozida «Manchester Yunayted» fransiyalik yarim himoyachi uchun «Yuventus»ga 94,5 million funt to‘lagandi.

---------------------------------------------

2. MASSIMILIANO ALLEGRI (Italiya)

Sotgan futbolchilarining umumiy narxi: 595,59 million funt

51 yoshli italyan mutaxassisi 2010 yili «Milan» boshqaruvini qo‘lga olganidan buyon top-darajada faoliyat yuritmoqda. 2014 yili «Yuventus»da ish boshlagan murabbiy ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritish orqali dunyo futboli grandlari e’tiborini o‘ziga qaratdi. Qizig‘i, shu paytga qadar Allegri biror marotaba futbolchi sifatida o‘ynamagan, xorij klublarida murabbiylik qilmagandi. Massimiliano, aftidan, Italiya chempionatida o‘zini ancha qulay his etmoqda, vaholanki, bu tendensiya yaqin yillar ichida o‘zgarmasligiga kafolat yo‘q. Allegri shu payt­gacha naq 100 nafar futbolchi sotgan bo‘lsa, ushbu kelishuvlar natijasida muayyan klublar g‘aznasiga 600 million funtga yaqin pul kelib tushgan. Italiyalik mutaxassis ishlagan davrda amalga oshirilgan eng yirik transfer, yuqorida ta’kidlangan Pol Pogbaning «MYU»ga sotilishi bo‘lgan. Qolgan sotuvlar u qadar hashamatli ko‘rinmasligi turgan gap - Leonardo Bonuchchi uchun «Milan» 38 million, Tyago Silva uchun «PSJ» 37,5 million, Arturo Vidal uchun «Bavariya» 34 million, Mattia Kaldara uchun «Milan» 31,5, Alvaro Morata uchun «Real» 27 million, Zlatan Ibragimovich uchun «PSJ» 19 million funt sterling to‘lagan. Xuddi shunday misollar yana talaygina. Ammo ularning hammasi qo‘shib hisoblansa, Allegri bugungi reytingimizda 2-o‘rinni egallashi uchun yetarli summa hosil bo‘ladi. Massimilianoning murabbiylik faoliyati davomida erishgan yutuqlari orasida 5 marta Italiya chempionligini qo‘lga kiritgani alohida o‘rin tutadi - bir marta «Milan» bilan, to‘rt marta «Yuventus» bilan. Yevrokuboklarda esa hozircha Allegri jamoalari sov­rinsiz qolishmoqda. Balki aynan shu sababdan italiyalik mutaxassis «o‘z qozonida qovurilishni» xohlayotgandir?! Mavridi kelganda ta’kidlash joizki, Allegri davrida xarid qilingan futbolchi Krishtianu Ronaldu hisoblanadi. O‘tgan yilning yozgi transferlar oynasida portugaliyalik yulduz uchun «Yuventus» «Real»ga 105 million funt to‘lagandi.

------------------------------------------------

1. LEONARDU JARDIM (Portugaliya)

Sotgan futbolchilarining umumiy narxi: 785,66 million funt

Portugaliyalik boshqa bir mutaxassis Leonardu Jardim sotilgan futbolchilar evaziga o‘zi ishlagan klublarga keltirgan pullar miqdori bo‘yicha murabbiylar orasida eng yuqori pog‘onada. Albatta, «Monako» bu summaning aksar qismini Kilian Mbappe («PSJ»ga, 121,5 mln. funt), Toma Lemar («Atletiko», 63 mln. funt), Antoni Martial («Manchester Yunayted», 54 mln. funt), Benjamin Mendi («Manchester Siti», 52 mln. funt), Fabinyo («Liverpul», 40,5 mln. funt), Bernardu Silva («Manchester Siti», 45 mln. funt), Tyemue Bakayoko («Chelsi», 36 mln. funt) kabi iqtidor sohiblarini sotish evaziga qo‘lga kiritgan. Umumiy hisobda, muayyan klublar Jardim ishlagan paytda 52 nafar futbolchilarni turli klublarga transfer qilish orqali 800 million funtga yaqin mablag‘ga ega bo‘lishgan. Umuman, «Monako» rahbariyati sportda yirik natijalarga erishishdan ko‘ra, moliyaviy manfaatni ustun ko‘rgan. Aynan mutasaddilarning shunday pozisiya tanlashi sababli Jardim atigi bir marta Fransiya chempionligini qo‘lga kiritish bilan cheklangan - bu yutuq 2016|2017 yillar mavsumiga to‘g‘ri kelgan. Qizig‘i, o‘tgan yilning oktyabrida «Monako» Jardimni iste’foga chiqarishga qaror qildi, biroq bir necha oydan keyin klub egalari xatoga yo‘l qo‘yishganini tushunib, portugaliyalik mutaxassisni ortga qaytarishdi. Ayni payt bu murabbiyning oldida «Monako»ni Fransiya futboli elitasida saqlab qolish vazifasi turibdi. Jamoa qisqa muddat ichida juda ko‘plab yulduzlarni sotib yubordi, bu esa yana bir bor kadrlar siyosatini rejalashtirishga ehtiyoj borligini anglatmoqda. Ammo «Monako»ning hozirgi muammolarida Jardimning aybi u qadar katta emas va aynan shuning uchun ham klub xo‘jayinlari uni qaytarishga jazm etishdi. Jardim paytida amalga oshirilgan yirik xaridlar haqida gap borganda, Aleksandr Golovin hamda Balde Keytani aytish mumkin. Knyazliklar bu futbolchilarning har biriga mos ravishda SSKA va «Lasio»ga 27 million funtdan to‘lashgan.

Manba: Stadion
Kiritildi: 18:53, 08.04.2019.
O'qildi: 2333 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.