Kirish Ro'yxatdan o'tish

Tolibonlar ta’qibida qolgan Messining muxlisi

Tolibonlar ta’qibida qolgan Messining muxlisi

Baho:
+1 | -

Argentinalik Leo Messining eng mashhur muxlisi -  Murtazo Ahmadi haqida ko‘pchilik eshitgan bo‘lsa, ajab emas. Uning poliyetelin xaltachadan  Argentina terma jamosi milliy libosini yasab olgani va orqasiga ruchka yordamida “Messi“ deb yozib olgani ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuv ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan edi.


Keyinchalik kichkintoy Murtazo Doxa shahrida o‘z kumiri bilan uchrashgan va azaliy orzusiga yetishgan edi.  Ertak chiroyli xotima bilan yakun topgandek tuyulgan bo‘lishi mumkin, ammo bu voqealar yosh muxlis va uning oila a’zolarining hayotlarini tubdan o‘zgarib ketishiga sabab bo‘ldi.

Tolibonlar ta’ziqi

 Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng Murtazoning dadasi Orif Ahmadiga  anonim qo‘ng‘iroqlar soni birdaniga ko‘payib ketadi. Aslida etnik o‘zbek  bo‘lgan Afg‘onistonlik Orif avvaliga bu qo‘ng‘iroqlarga e’tibor bermaydi. Ko‘p o‘tmay uning uyida tolibonlar vakili mehmon bo‘lgach, vaziyat naqadar jiddiy ekanligini his qiladi. Qaxramonimiz vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga urunib ko‘radi, ammo bu hech qanday foyda bermaydi. Tolibon jangarilari uning nima uchun o‘z o‘g‘lini islomiy ta’lim olish o‘rniga dunyoviy muammolarga o‘ralashib qolganini izohlab berishlarini talab qila boshlashadi. Voqealar rivoji keskin tus olayotganini ko‘rgan Orif Ahmadi o‘z oilasining xavfsizligi  haqida bosh qotira boshlaydi.

Pokistonga qoshich

Orif Ahmadi butun oila a’zolari nomidan tolibonlar bilan ko‘rishgani boradi, ulardan uzr so‘raydi va hammasini to‘g‘irlashga va’da beradi. Bunday yo‘l tutilganidan ko‘ngli joyiga tushgan guruh biroz shashtidan tushsada, ularni ta’qib qilishni to‘xtatmaydi.
Oradan 3 kun o‘tgach qishloqdagilar ularning uyida hech kim yo‘qligini sezib qolishadi. Bu vaqtda Orif Ahmadi o‘z oilasi bilan Pokiston chegaralariga yaqinlashib qolgan edi. O‘g‘lining va oilasining hayotidan havotir olgan ota uy-joyini tashlab begona yurtga qarab qochishga majbur bo‘ladi. Uning bunday yo‘l tutganidan g‘azablangan tolibonlar  qidiruv ishlarini boshlab yuborishadi, ammo bu vaqtda  yosh muxlisning oilasi Pokiston davlatiga kirib ulgurgan edi. Afsuski, ularning Pokistondagi ishlari ham ha deganda yurishib ketavermaydi.

2 yil davom etgan musofirchilikda qiynalgan oila noiloj yana ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Ularning qaytgani haqidagi xabarni eshitgan Afg‘onistonning 1-raqamli telekanallaridan biri sanaladigan «Ariana Tv» hodimlari yosh muxlis va uning dadasi bilan eksklyuziv ko‘rsatuv tayyorlashadi. Ko‘rsatuvda Murtazoning dadasi Orif Ahmadi: «U kechalari uyqudan uyg‘onib uning ismini aytar, har kuni ishga ketayotganimda Messining futbolkasini olib kelishimni iltimos qilar edi. Bir kuni akasi Humoyun poliyetelin paketdan unga futbolka yasab berdi va orqasiga Messi deb yozib qo‘ydi. O‘sha kundan boshlab o‘g‘lim boshqa mendan futbolka olib kelishimni so‘ramadi. Uning poliyetelin paketini olib qo‘ymoqchi bo‘ldim, ammo u ustidagi futbolkanusxa narsani shu qadar yaxshi ko‘rardiki, hatto kechalari ham yechmay yotardi. Men og‘limni ko‘nglini sindirishdan qo‘rqib, ustidagisini yechishini talab qila olmadim. Mening va oilamning xatosi shunda bo‘lgandir, balki…»

Bu ko‘rsatuvdan so‘ng millionlab muxlislarning bu oilaga munosabati o‘zgardi. Shu jumladan tolibonlarning ham. Hozirda Orif Ahmadi 4 o‘g‘il va 4 qizning otasi sifatida o‘z qishlog‘ida yashamoqda. Qaxramonimiz kichkintoy Murtazo 8 yoshda. U hozirda katta oliygohlarda ilm olish orzusida yuribdi. Uning orzularidan biri ushalganiga guvoh bo‘ldik. Umid qilamizki, uning navbatdagi orzusi ham ko‘p o‘tmay amalga oshadi.

Yahyoxo'ja Ulug'xo'jayev

Manba: stadion.uz

Maqola "Golden Gol" nashri ma'lumotlariga tayanib yozildi.

Kiritildi: 16:11, 19.04.2019.
O'qildi: 9590 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.