«Real Madrid»ning uy stadioni hisoblangan «Santyago Bernabeu»ni ko‘pchilik yaxshi biladi. Yaqinda «Qirollik klubi» mazkur arenani yangilash loyihasini taqdim etdi.
Agar u amalga oshsa, afsonaviy stadion sezilarli tarzda o‘zgaradi. «SE» nashri vakillari ushbu yangilik tafsilotlariga atroflicha to‘xtalishdi.
Yangilanish loyihasi
2019 yilning 2 apreli - Madridning «Real» klubi tarixida o‘ziga xos bosqich bo‘ldi. Shu kuni klub prezidenti Florentino Peres hamda Ispaniya poytaxtining meri Manuela Karmena maxsus matbuot anjumanida «qaymoqranglilar»ning uy stadioni - «Santyago Bernabeu»ni yangilash bo‘yicha 2011 yili ishlab chiqilgan loyihani taqdim etishdi.
Tarix: ochilish, JCH-82,
500 mln. yevro
Ilk g‘ishti 1944 yili qo‘yilgan stadion dastlab «Nuevo Estadio Chamartin» deb nomlangan. Hozirgi nomini esa 1955 yili olgan. Yarim asrdan uzoq vaqt mobaynida ushbu arena 12 marta turli ta’mirlash va kengaytirish ishlarini boshdan kechirgan.
Hozirga qadar «Santyago Bernabeu»da amalga oshirilgan eng yirik o‘zgarish Ispaniyada o‘tkazilgan JCH-82ga to‘g‘ri kelgan. Bundan 18 yil avval Yevro-64ning hal qiluvchi uchrashuviga mezbonlik qilgan stadionda mundial finali o‘tkazilishi rejalashtirilgan, shu bois ishga astoydil kirishilgandi: o‘sha paytda stadion sig‘imi 125 000 edi, ammo o‘rindiqlar soni tik holda ko‘radigan joylardan deyarli ikki marta kam edi. FIFA esa bu borada tenglik bo‘lishi lozimligini talab qilgan, boz ustiga, o‘rindiqlarning aksariyati tom ostiga o‘rnatilishi kerakligini aytgan. Shu bois, sig‘im 90 800taga tushgan, tribunalar usti yopilgan.
30 yillik kredit
El Confidencial nashri bergan xabarga ko‘ra, «Santyago Bernabeu»ni qayta ta’mirlashda ishlatiladigan texnologik uskunalar uchun 100 million, qurilish ishlariga 300 million hamda ichki inshootlar va kommunikasiyalarni yaxshilash uchun 125 million kerak bo‘ladi. «Qaymoqranglilar»ga Amerikaning ikkita va bir nechta ispan banklari kredit ajratishlarini ma’lum qilishgan - ma’lumotlarga ko‘ra, 2,5 foizlik (maksimum) kredit 30 yil muddatga beriladi. Shunday ekan, «Real» har yili banklarga 25 million yevro to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Zarur barcha ruxsatnomalar olingan, ishlarga may oyi oxirida kirishiladi, loyihani amalga oshirish muddati - uch yarim yil. 2023 yili «Qirollik klubi»ning yangilangan saroyi tayyor bo‘lishi lozim. Endi detallarga to‘xtalsak.
«Kimda ko‘p bo‘lsa, boshqalar bilan baham ko‘rsin»
1. Birinchi navbatda «Real» stadionga qo‘shni bo‘lgan savdo markazini buzishga kirishadi, shu tariqa bo‘shagan hududga park va dam olish maskani quriladi. Madrid meri bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «Arena atrofidagi ishlarning bari klub hisobidan bajariladi. Kimda ko‘p bo‘lsa, boshqalar bilan baham ko‘rsin».
2. Hozirgi «Santyago Bernabeu»ning balandligi - 45 metr. Yangilangan stadion 12 metr balandroq bo‘ladi - bu tomni yopishda ishlatiladigan maxsus qurilmalarni o‘rnatish imkonini beradi. Shu tariqa usti yopiq arenada tadbirlar o‘tkazilgan paytda yon-atrofdagi aholini bezovta qilmaslik imkoniyati tug‘iladi. Stadion tomi to‘liq ochilishi uchun 15 daqiqa kerak bo‘ladi.
3. Ichki tomondan stadion to‘laligicha maxsus panellar va yarim shaffof plyonka bilan o‘raladi. Bu bir tomondan uzzukun tabiiy yorug‘lik bilan ta’minlash imkoniyatini taqdim etsa, boshqa tomondan qorong‘u paytda turli ranglar bilan bezatish mumkin bo‘ladi. Xuddi Myunxendagi «Alyans Arena»da bo‘lgani kabi.
4. Tomoshabinlar sig‘imi sezilarli darajada oshirilmasligi bois, stadiondagi asosiy o‘zgarish gigant mediaekran bilan bog‘liq bo‘ladi.
5. Arenaning ichki o‘zgarishlari haqida gapirganda, birinchi navbatda klub muzeyi tilga olinadi. Shuningdek, yangi interaktiv muzey, kibersportga mo‘ljallangan joy, sayr hududi, do‘konlar, restoranlar va dam olish joylari barpo etiladi. Klub rahbariyatining fikricha, bularning bari «Real» g‘aznasiga har yili 25 million yevro keltiradi.
Florentino Peres loyihani taqdim etayotgan paytda shunday dedi: «Yangi «Santyago Bernabeu» kelajakda eng yaxshi stadion bo‘ladi. Siz bilan bizning kelajagimizda».