ATIGI 300 KISHI YASHAYDIGAN QISHLOQDA ULG‘AYGAN ANDRE ONANA TARIXI. «Tottenxem»-ning CHL yarim finali ilk o‘yinida chorasiz qolganida aynan shu yigitning xizmati katta bo‘ldi. «Ayaks» 23 yil badaliga ilk marta yevrokuboklar doirasidagi safar uchrashuvida o‘z darvozasi daxl-sizligini saqlab qoldi va Madrid finali sari katta qadam tashladi. Londondagi bahsning bosh qahramoni sifatida bemalol Amsterdam klubining kamerunlik golkiperi Andre Onanani ko‘rsatish mumkin. To‘g‘ri, «Tottenxem» o‘sha oqshom golga tortadigan yaqqol vaziyat yaratgani yo‘q, lekin inglizlar butun o‘yin davomida raqib jarima maydonida yuqori haroratni ushlab turishdi. Ya’ni «shporlar» imkon tug‘ilishi bilan to‘pni qanotlardan markazga - Fernando Lyorentega uzatishdan charchashmadi. Onana esa to‘pga har safar ishonch bilan chiqib borib, xavfni bartaraf etaverdi. U hattoki, 11 mertli nuqta atrofiga yo‘llangan eng murakkab uzatmalarga peshvoz chiqishda ham biror marta xatoga yo‘l qo‘ygani yo‘q. Raqamlarga qarang: Onana 90 daqiqa davomida 7 marta o‘z joyini tashlab, to‘p yo‘liga otildi va ularning barchasi muvaffaqiyatli chiqdi. Kamerunlik kiperning urinishlaridan biri yakunida esa, «Tottenxem» Yan Vertongensiz qoldi. Oddiy aytganda, Andre o‘sha oqshom darvozabon jarima maydonida qanday hukmronlik qilishi kerakligini qoyilmaqom darajada ko‘rsatib berdi.
Andre Onana Kamerunning ovloq go‘shalaridan birida ulg‘aygan. Aniqroq aytganda, 2005 yilgi ma’lumot bo‘yicha atigi 300 kishi yashaydigan qishloqda. Xullas, «Ayaks» kiperining jonajon o‘lkasi hattoki, har narsani biluvchi google tizimiga ham ma’lum emas. Lekin youtube qishloqcha bilan tanish. Chunonchi, iqtidorli golkiper haqida o‘sha yerda hujjatli film suratga olingan. To‘g‘ri, Andre Kamerundan ancha erta chiqib ketgan. Futbol bilan mashhur Samuel Eto~O akademiyasida shug‘ullana boshlagan qiziqqon golkiper 13 yoshida «Barselona» faxri - La Masiyada paydo bo‘ladi. Kamerunlik «shahar ko‘rmagan» yigitcha Barselonada shunday «hunar»lar ko‘rsatadiki, asti qo‘yaverasiz. U shuning barobarida darvozabonlik iqtidorini ham to‘liq namoyish eta oladi. Har holda, La Masiya mutaxassislari kamerunlik «bebosh» yigitni akademiyaning umidli tarbiyalanuvchilari terma jamoasiga bejiz kiritishmagandi. Biroq Andre yakunda «Barsa» tizimidan qochadi va katta janjal yuzaga keladi...
Xo‘sh, qanday janjal? Aslida «Barselona» o‘z dargohida 5 yil tahsil olgan Andrega shartnoma taklif qiladi, ammo u negadir «Ayaks»ga qochib ketadi. «Ha, biz rasman yangi kelishuv tayyorlab, Onanadan imzo chekishini so‘ragandik. Biroq u javob bermadi va «yo‘qolib» qoldi, - deya voqea tafsilotlariga to‘xtalgan edi «Barselona» sport direktori Andoni Subisarreta. - Keyinroq «Ayaks» vakillari klub Onana bilan shartnoma tuzganini ma’lum qilishdi. Ochig‘i, gollandlarning bunday ish tutishlari - bizga, «Barselona»ga nisbatan hurmatsizlik. Ulardan hech ham shunday munosabat kutmagandik...». Janjalning mohiyati shuki, «Ayaks» va «Barselona» o‘rtasidagi aloqalar azaldan yaxshi. Ha, Andre Onana tufayli o‘rtadagi rishta uzilishi hech gap emasdi. Lekin «Barsa»ning ko‘pni ko‘rgan mutaxassislari Amsterdam klubiga e’tiroz bildirish bilan cheklanishdi. Ya’ni muhokama yoki sudlashishni ortiqcha bilib, «Onana voqeasi»ni shunchaki, unutishdi. Zero, ular samarali akademiyaga ega va kuchli ijrochilarni katta sahnaga olib chiqish salohiyati bor klub bilan dushman bo‘lib qolishni istamasdilar. Deylik, kataloniyaliklar yaqinda Frenki de Yong transferini sotib olishdi. Bordiyu, «Barsa» Onana masalasida «Ayaks» bilan tortishganida nima bo‘lardi? Ehtimolki, yosh darvozabonni o‘z safiga qaytarardi, ammo bundan qanday naf chiqardi? Qisqasi, ispan klubining Andrega qattiq yopishib olmagani barchaga yaxshi bo‘ldi. Ayniqsa, yosh darvozabonga. Qolaversa, ikki jamoaning o‘zaro aloqalari buzilmadi...
Andre Onana vaqtida La Masiyaning umidli tarbiyalanuvchilari terma jamoasidan joy olgandi...
Andre Onananing Gollandiyadagi ishlariga kelsak, uning faoliyatida bitta muayyan vaziyat katta rol o‘ynadi. Kamerunlik futbolchi Eredivizion doirasidagi ilk o‘yinlaridan birida penaltini bartaraf etdi va amsterdamlik murabbiylar ishonchiga kirdi. O‘shanda «Gou Exed Iglz» klubiga qarshi bahsda hisob ochilmagan va raqib g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirish uchun real imkoniyat hosil qilgandi. Lekin Andre o‘ta murakkab zarbadan ke-yin to‘pni mo‘’jivaziy tarzda qaytarib yuborish barobarida asosiy kiper - Yasper Sillessenni tarkibdan batamom «siqib» chiqardi. Eng qizig‘i, amsterdamliklar keyinchalik uni aynan «Barselona»ga sotishdi. Onana shu-shu «Ayaks» darvozasini ishonch bilan qo‘riqlamoqda, barqarorligi bilan alohida ajralib turibdi. U nafaqat to‘pga chiqishda benazir, balki oyoq bilan o‘ynash bobida ham chakki emas. Golkiperning o‘zi bu ustunligini bolaligida ko‘pincha darvozada turmagani, aksincha, maydonda to‘p tepgani bilan izohlaydi.
«PSJ» Fransiya kubogining «almashtirilmas» sohibi edi. Har holda, parijliklar oxirgi 4 yilda mamlakat kubogini hech kimga berishmagan (jamoa muzeyidagi milliy billur sovrin soni - 12ta). «Renn» esa nufuzli sovringa oxirgi marta 1971 yili ega chiqqandi.
«PSJ»ning sensasion mag‘lubiyatidan keyin OAVda yana jamoaning ichki muammolari haqida yozilmoqda. Ta’kidlanishicha, futbolchilar o‘rtasida o‘zaro aloqalar yaxshi emas. Misol uchun, Neymar finaldan keyin tarkibdagi yosh futbolchilarni tanqid ostiga oldi. Braziliyalik yulduzning iddaosiga ko‘ra, ularda nafaqat nisbatan tajribali o‘yinchilar, balki murabbiylarga nisbatan ham hurmat hissi yo‘q. «Kiyinish xonasida o‘zimizni chin mardlardek tutishimiz, jipslashishimiz shart. Jamoamizdagi aksariyat yoshlar esa o‘ylashdan ko‘ra, gapirishni xush ko‘rishadi. Ular avvalo, kattalarga quloq tutishni, ularni hurmat qilishni o‘rganishlari kerak. Shaxsan men katta futboldagi yo‘limni xuddi shunday boshlaganman», — dedi Neymar ESPN muxbirlariga.
Andre Onana «Ayaks» safida jami 135 marta maydonga tushdi, «quruq» o‘yinlari soni - 58ta. Ayni payt transfermarkt.de «Ayaks» kiperi transferini 35 mln. yevroga baholamoqda. Shunga muvofiq aytsak, Onana hozirda jahon futbolidagi 10 nafar eng qimmatbaho kiperdan biridir. E’tibor bering, Ugo Lyoris («Tottenxem»), Manuel Noyer («Bavariya») va Bernd Leno («Arsenal») kabi darvozabonlar narx bo‘yicha Onanadan orqadalar.