Bilasiz, O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2018 yilgi mavsumning har oyidan keyin to‘rt yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshilarni aniqlab keldi: eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi futbolchi, eng yaxshi darvozabon va eng chiroyli gol.
Tashkil etilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ovoz to‘play olgan nomzodlar tashkilotning eng yaxshilar uchun atalgan statuetkalarini qabul qilib olishdi.
2019 yilgi mavsumda ham mazkur an’anani davom ettiramiz. Joriy yildan e’tiboran Tribuna.uz nashri oy laureatlarini aniqlashda axborot hamkori sifatida ishtirok etadi. Artelsavdo belgisi esa oyning eng yaxshilariga o‘z smartfonlarini taqdim etadi.
Eng yaxshilarni aniqlash shartlari o‘zgarmaydi. Superliganing 14 klubi bosh murabbiylari hamda sardorlari ko‘rsatilgan nomzodlarni uchtalikka joylashtirib chiqadi.
Dastlabki o‘rinda ko‘rsatilgan nomzod 3, mos ravishda keyingi ikki o‘rindagilar 2 va 1 ochkolik bo‘ladi.
Shuningdek, Tribuna.uz nashri futbol muxlislari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bunda muxlislar ovozi katta ahamiyatga ega bo‘lib, birinchi o‘rinni egallagan nomzod 6, mos ravishda keyingilar 4 va 2 ochkodan qo‘lga kiritadi. Yakunda eng ko‘p ball to‘plaganlar oyning eng yaxshilari sifatida e’tirof etiladi.
Ortda qolgan aprel oyida Superligada 4 ta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Mazkur o‘yinlarda bir qator chiroyli gollar darvozalardan joy oldi.
Superliga jamoalari murabbiylar, sardorlari hamda muxlislar o‘rtasida tashkil etilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, “Buxoro” jamoasi a’zosi Doston Ibragimovning “Buxoro” – “Qizilqum” (3-tur) uchrashuvida kiritgan ajoyib goli Aprel oyining eng chiroyli goli deb topildi.