Respublika olimpiya zaxiralari maktab-internatida O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasi hamkorligida belbog‘li kurash bo‘yicha “Adolat” kubogi musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur musobaqa davlatimiz rahbarining yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusini ro‘yobga chiqarish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni sog‘lom, baquvvat va barkamol qilib tarbiyalash, sportchi yoshlarni milliy qadriyatlarimizni e’zozlash va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash hamda belbog‘li kurash sport turini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari va deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston “Adolat” SDP faollari, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasi vakillari, ushbu bellashuvning hududiy bosqichlari g‘oliblari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni jismonan va ma’nan sog‘lom qilib tarbiyalash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro musobaqalar, olimpiadalarda sportchilarimiz yutuqlarga erishib, Vatanimiz sharafini ulug‘lab kelmoqda.
— Keyingi ikki yil davomida jismoniy tarbiya va sport sohasiga doir qabul qilingan bir qator farmon va qarorlarda aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilandi, — deydi partiya Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda Oliy Majlisga taqdim qilgan Murojaatnomasida mamlakatimizda sportni jadal rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga bundan buyon ham katta ahamiyat berish, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish kerakligi alohida ta’kidlangan.
Partiyamiz bir necha yildan buyon O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. “Adolat” kubogi musobaqalarining o‘tkazilishi esa hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqdi, deb o‘ylaymiz.
Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida mazkur sport turi bilan ko‘plab yoshlarimiz muntazam shug‘ullanmoqda. Azal-azaldan turli sayillarda, to‘y va boshqa tadbirlarda bir-biridan qiziqarli bellashuvlar o‘tkazilgan. Bu bellashuvlarda kuragi yerga tegmagan polvonlarimiz yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitganlar. Uzoq tarixga ega bo‘lgan belbog‘li kurash o‘zbek polvonlarining mahorati, matonatini namoyon etib keladi.
Belbog‘li kurash sport turini keng targ‘ib qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarda mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirishda partiya deputatlari O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasining hududiy kengashlari bilan hamkorlikda joylarda saylovchilar hamda yoshlar bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlar, musobaqalar amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimiz kelajagini sog‘lom va har tomonlama uyg‘un rivojlangan yoshlar qo‘lida, deb hisoblovchi O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida joriy yilning mart-aprel oylarida belbog‘li kurash bo‘yicha “Adolat” kubogi musobaqasining tuman, shahar va hududiy bosqichlari ochiqlik, oshkoralik, raqobat mezonlari asosida o‘tkazildi.
136 ta tuman, shaharlarda o‘tkazilgan saralash hamda hududiy bosqichlardagi bellashuvlarda 7 500 nafardan ortiq yosh polvonlar ishtirok etishdi.
Musobaqaning respublika bosqichida hududlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri qatnashchilari — 2000, 2001 hamda 2002 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar 6 vazn toifasida (55, 60, 65, 71, 77, 83 kg. vazn toifasida) 80 dan oshiq eng sara polvonlar o‘zaro kuch sinashdi.
Xalqimiz o‘rtasida halollik, mardlik, jasorat namunasi hisoblanib, yosh avlodning ma’naviy va jismoniy jihatdan rivojlanishida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur sport turi bo‘yicha bellashuvlar boshlanishidan avval Prezidentimizning 5 tashabbusiga hamohang ravishda san’at ustalarining badiiy chiqishlari musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlarni xushnud etdi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida badiiy hamda huquqiy adabiyotlar yarmarkasi tashkil etildi.
Ko‘tarinki ruhda boshlangan musobaqa qiziqarli va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘ldi. Bir-biridan mahoratli polvonlar bahsida kuchlilar orasidan eng kuchlilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng ko‘p sovrinli o‘rinlarni egallagan Andijon viloyati jamoasi umumjamoa hisobida “Adolat” kubogi respublika musobaqasi g‘olibi bo‘ldi. Musobaqada Toshkent shahridan Hasan Azimov (55 kg.), Andijon viloyatidan Oybek Sultonov (60 kg.), Nusratbek Sultonboyev (65 kg.) va Ro‘zioxun Ro‘zioxunov (71 kg.), Farg‘ona viloyatidan Rahmatilla Anvarjonov (77 kg.), Toshkent shahridan Nodir Ahadjonov (83 kg.) 1-o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Mazkur vazn toifalarida Kamronbek Ortiqov (Andijon), Jahongir Haitov (Namangan), Xolmirza Hasanboyev, Shahzod Mirzayorov (Toshkent shahri), Manguberdi Imyanov, Sardor To‘layev (Toshkent viloyati) ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, har bir vazn toifasida ikki nafardan ishtirokchi 3-o‘ringa loyiq topilib, g‘oliblar safidan joy olishdi.
— Uzoq yillik tarixga ega belbog‘li kurash sport turi bugun nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda ham o‘z muxlislariga ega bo‘lib bormoqda, — deydi O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasi raisi Ravshan Dastirov. — O‘zbekiston belbog‘li kurash federasiyasi Birlashgan kurash olamining (UWW) haqiqiy a’zosi hisoblanadi. Mazkur tashkilotning dastur-rejasiga muvofiq jahon chempionatlari va kubok musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkillashtirilayotgan mazkur musobaqa yuqori saviyada o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir. Chunki ushbu bellashuv joriy yilning 18-21 iyun kuni Olmaliq shahri mezbonlik qiladigan, yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionati oldidan terma jamoa a’zolariga nomzodlarni yana bir bor saralab olish imkoniyatini berdi.
G‘oliblar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida g‘olib bo‘lgan Andijon viloyati jamoasiga “Adolat” kubogi topshirildi.