O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev tashkilotdagi faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda uning o‘zi telegram kanalida ma’lum qilib o‘tgan.
"Yo asling kabi ko‘rin, yoki ko‘ringaning kabi bo‘l. TVda ham, hayotda ham shunga amal qildim, nasib bo‘lsa keyinchalik ham shunday bo‘lib qoladi.
Futbolga Sanjar Rizayev taklifi bilan kelganman. Oradan yillar o‘tib Umid Ahmadjonov yana shunday imkoniyat berdi. O‘tgan davr davomida rahbariyat bilan qo‘ldan kelganicha ishladik. Inson sifatida Ahmadjonovdan ham, Omon G‘ofurovdan ham minnatdorman, ular bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolaman.
Ravshan Ermatovni yaxshi bilaman, bu insonning ham men haqimda fikri bor. Bungacha ham qaysidir shaxs uchun emas, o‘zim bilgan futbol uchun kelgandim. Endi ham o‘sha futbol uchun ishlashda davom etaman. Ermatov ko‘tarilmadi, u qiyinroq bosqichga tushirildi. Bungacha mamlakat faxri bo‘lgandi, endi esa tanqidlarning to‘riga chiqarildi. Buni o‘zi ham yaxshi bilib turibdi, futbolni yaxshi ko‘rgani uchungina rahbariyat taklifiga ijobiy javob qaytardi. Mana shu prinsiplar ortidan avvalgi rahbariyat bilan qanday yelkama-elka turgan bo‘lsak, yangisi bilan ham xuddi shunday ishlashda davom etamiz. Bu yerda missiya kimgadir xizmat qilish emas, maqsad futbolni ko‘tarishga zarracha bo‘lsa ham hissa qo‘shish. Biz boshqa sohalarni tushunmasligimiz mumkin, ammo futbol odamlarimiz.
Bu yo‘lni tanlash arafasida har qanday fikrga, tanqidga tayyor edim. Ming kurakda turmaydigan so‘zlarni o‘qimay, aytganlarim ostida izoh uchun joy ochib qo‘yaveraman, izohlarning hammasini o‘qib boraman, kerakligini olaman, ortiqchasi to‘pig‘imga ham chiqmaydi. OAV uchun ochiq bo‘lish kerak deb bilganim uchun ham na TV, na radio va na matbuot savolini yerda qoldirdim. Bungacha jurnalist sifatida faoliyat olib borgan inson sifatida ular uchun yopiq bo‘lishga ma’nan haqim ham yo‘q.
Qachondir futboldan chetlashishga to‘g‘ri kelsa, 4-5 yil umuman boshqa sohada faoliyat olib borishga va futbol haqida umuman yozmaslikka harakat qilaman. Futbolni biror sektorning burchagidan o‘tirib ham tomosha qilishda davom etishim yoki shunchaki Yevropa futboliga bog‘lanib ham uning bir qismi bo‘lishim mumkin. O‘zim shu sohada ishlab qo‘yganim uchun, nimaningdir uddasidan chiqib, ba’zan xatolarga yo‘l qo‘yganim uchun ham o‘zimdan keyingilarning aybini topib o‘tirishni o‘zimga ep bilmayman.
P.S. Shaxs sifatida yomon ko‘radiganlar, halollikka da’vo qilayotgan murabbiyni haq bilib, qolgan barchani haromxo‘rga chiqarayotganlar, yoshi kattani qanday hurmat qilish kerakligini o‘rgatayotganlarda kanaldan uzilish huquqi borligini eslatib o‘taman. Tersligim, qiziqqonligim, qo‘polroqligim o‘zim ham ayon, buni o‘zimga aytib, kerak bo‘lsa dashnom berib turadiganlarim ham bor. Salbiy odatlarimdan xalos bo‘lishni o‘zim ham istayman va shu yo‘lda harakat qilaveraman. Prinsiplarim esa o‘zim bilan birga ketadi. Yaxshisiga ham, yomoniga ham, u dunyoda ham, bu dunyoda ham faqat o‘zim javob beraman. Rahmat!», — deya yozadi Diyor Imomxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir necha kun davomida O‘zbekiston futbol assosiasiyasida katta o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, O‘FA vise-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. Oradan bir kun o‘tib PFL direktori Omon G‘ofurov ham o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozdi.