"Paxtakor" tarixida yana bir o‘chmas iz qoldirgan futbolchi, 1979 yilgi aviahalokatda dunyodan o‘tgan Vladimir Fyodorovni yodga olamiz.
1955 yil Vladimir Fyodorov Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida dunyoga kelgan. Futbol o‘ynashni Sverdlov jamoa xo‘jaligi jamoasida boshlagan. Uning otasi ham futbolchi bo‘lgan va O‘rtasaroy hududida futbolni rivojlantirishga e’tibor qaratgan. Keyinchalik Toshkentda joylashgan German Titov nomidagi maktab-internatga qabul qilingan. 1972 yil o‘smirlar terma jamoasidagi o‘yinlari bilan "Paxtakor" murabbiylari e’tiborini tortgan Vladimir jamoaga taklif qilingan. Murabbiy Vyacheslav Solovyev uni darhol asosiy jamoa safida maydonga tushirgan. Hujumchi bu ishonchni oqlab, debyut bahsida Permning "Zvezda" jamoasi darvozasini ishg‘ol etgan. O‘sha mavsum "Paxtakor" SSSR chempionati 1-ligasida o‘ynagan. Keyingi bellashuvda "Pomir"ga gol urgan Fyodorov shu bilan kattalar orasida ham o‘zini munosib ko‘rsatgan. Ilk mavsumda u 7 goli bilan yodda qolgan. "Paxtakor" oliy ligaga qaytgach, 1974 yil u ajoyib o‘yin namoyish qilgan. 9 to‘p kiritgan hujumchi SSSRning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatidan o‘rin olgan. 1976 yil ushbu natijani takrorlagan.
Terma jamoadagi debyutini Vladimir 1974 yil o‘tkazgan. O‘shanda u Yevropa chempionati saralash o‘yinida Irlandiyaga qarshi zaxiradan tushirilgan. 1976 yil uning faoliyatida eng yaxshilaridan biriga aylangan. Dastlab yoshlar terma jamoasi tarkibida Yevropa chempionatida chorak finalda Fransiya, yarim finalda Vengriya mag‘lub etilishiga o‘z gollari bilan hissa qo‘shib, do‘sti Mixail An bilan Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan. Iyulda esa Kanadaning Monreal shahrida o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida bronza medaliga ega chiqqan. U futbol bahslarida Olimpiada medaliga ega o‘zbekistonlik yagona futbolchi hisoblanadi. Olimpiadada Fyodorov 4 uchrashuvda maydonga tushgan.
Milliy terma jamoada esa Konstantin Beskovdan keyin Valeriy Lobanovskiy qo‘l ostida 8 bahsda o‘ynagan. Keyinroq Nikita Simonyan ham uni terma jamoaga jalb qilishda davom etgan. 1976 yilgi ajoyib mavsumdan so‘ng unga ko‘plab jamoalardan takliflar bo‘lishiga qaramay, Vladimir "Paxtakor" uchun o‘ynashda davom etishini ma’lum qilgan.
SSSR terma jamoasi tarkibida u jami 18 bellashuvda maydonda harakat qilgan. "Paxtakor" uchun 188 bahsda 58 gol muallifiga aylangan. 2006 yil o‘limidan keyin "Shuhrat" medaliga loyiq ko‘rilgan.
Hujumdagi tez va aldamchi harakati, darvozaga tayyorgarliksiz zarba bera olishi, jangchi xarakteri, o‘yinni o‘ziga olishi kabi xususiyatlari uni boshqalardan ajratib turardi.