Siz, boks bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari, Kuvayt zaminida o‘tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildingiz.
O‘tkazilgan barcha vazn toifalarida yurtimizga medal bilan qaytmoqdasiz. Osiyoning eng sara yosh bokschilariga qarshi kechgan murosasiz janglarda 10 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, yurtimizning umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashini ta’minladingiz. Darhaqiqat, bu o‘zbek boksi tarixida yangi sahifa demakdir.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Sizdek pahlavon yigitlarni voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va murabbiylaringizni bunday tarixiy natija bilan samimiy muborakbod etib, Sizlarning kelajakdagi faoliyatingizda ham mana shunday g‘alabalar yor bo‘lishini tilab qoladi.