«Paxtakor» fojiasiga bugun 40 yil bo‘ldi. Biz ularni hech qachon unutmaymiz. Ular mangu barhayot.
Sergey Pokatilov 1975 yilda og‘ir jarohat oladi. Ammo uning irodasi va qat’iyligi orqaga chekinishga yo‘l qo‘ymaydi hamda oradan uch yil o‘tib, 1978 yilgi chempionatning ikkinchi davrasidan boshlab asosiy tarkibdagi o‘rnini qaytarib oladi.
Toshkentga kelmasdan oldin, shifokorlar Yuriy Zagumennixning hayotini zo‘rg‘a saqlab qolishgandi. Ammo bu hayot nogironlik tamg‘asi ostida o‘tishi kerakligi qat’iy talab qilinadi. Futbolchining aql bovar qilmas irodasi natijasida u katta futbolga qaytadi.
Vladimir Makarov Dushanbeda futbol o‘ynay boshlagan, «Paxtakor»ga har jihatdan mos kelgandi, u jamoaviy futbolchi edi va bu jamoadoshlari bilan tezda til topishida va jamoaning ajralmas bo‘lagi bo‘lib qolishida muhim ahamiyat kasb etgandi.
Olim Ashirov «Paxtakor»ga 17 yoshida kelgandi va himoya markazidan joy olgandi. Himoyachi bo‘lishiga qaramasdan, u hujumga ham tez-tez qo‘shilar, bir nechta muhim gollar muallifiga aylangandi.
Nikolay Kulikov futboldagi ilk qadamlarini Moskvada qo‘ygandi, 1974 yilda esa O‘zbekistonga kelib «Xonqa», «Yangiyer» kabi jamoalarda o‘zini ko‘rsatdi. 1977 yilda «Paxtakor»ga taklif qilindi va jamoaning oliy ligaga qaytishida o‘z ulushini qo‘shdi.
Ravil Agishev futbolchi sifatida Buxoroda tarbiya topdi, 16 yoshida esa «Paxtakor»ning o‘rinbosarlar tarkibida maydonga tusha boshladi. 1978 yildan esa asosiy tarkib o‘yinlarida maydonga tusha boshladi.
Shuhrat Eshbo‘tayev 1978 yilgi o‘rinbosarlar tarkibidagi sermahsul o‘yinlari orqali murabbiylar nazariga tushgandi. Asosiy tarkibda ham yo‘qolib qolmadi, asosan zaxiradan maydonga tushganiga qaramasdan, uchta gol muallifiga aylangandi.
Vladimir Sobirovni o‘sha paytlarda Xorazmning «Xonqa» jamoasining bosh murabbiyi Sergey Dosenko tavsiya qilgandi. «Paxtakor»da ham u yo‘qolib qolmadi, asta-sekin asosiy tarkibga kirib borayotgan edi.
Sirojiddin Bozorov balki Minskda o‘zining asosiy tarkibdagi ilk uchrashuvini o‘tkazishi kerak edi.
Viktor Churkin 1976 yilda tarkibga qo‘shilgan va asosiy tarkibning barqaror o‘yinchilaridan biriga aylandi.
Konstantin Bakanov «Paxtakor»dagi ilk o‘yinini 1972 yilda, 18 yoshida o‘tkazgandi. Iste’dodli futbolchi, futbol maktabida uning ilk ustozi «Paxtakor»ning 60-yillardagi himoyachisi Akmal Azizxo‘jayev edi.
Aleksandr Korchenov jamoaning yetakchilaridan biri, qiyin vaziyatlarda o‘zida kuch topish va jamoani oldinga boshlash qobiliyatiga ega edi. U «Paxtakor» tarkibida 200ga yaqin o‘yinlarda maydonga tushgan.
Mixail An butun mamlakatda tan olingan, nom qozongan futbolchi edi. U sobiq ittifoq yoshlar terma jamoasiga jalb etilgandi va jamoa sardori sifatida zafar quchgandi.
Vladimir Fyodorov «Paxtakor»da o‘ynagan o‘yinchilar orasida terma jamoaga eng ko‘p jalb qilingan futbolchi edi. Toshkentliklar 1-ligaga tushib ketganlarida ham, Lobanovskiy uni termaga chaqirishni to‘xtatmagandi.
Idgay Tezitdinov futbolchilikni tugatgach, murabbiylik sohasida ishlay boshladi va nimadir uni «Paxtakor»ga doim tortardi. U jamoaga qaytdi va ikkinchi murabbiy sifatida ishlay boshladi. Shuningdek, jamoa administratori Mansur Tolibjonov va vrach Vladimir Chumakovlar o‘sha mudhish aviahalokat qurboniga aylangandilar.
1979 yilning 11 avgustida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Minskga, mahalliy “Dinamo”ga qarshi o‘yin o‘tkazish uchun ketayotganda aviahalokatga uchradilar.
O‘sha kuni hamma yig‘lagandi. Faqat o‘sha kuni yig‘laganlar ham bor muxlislar ichida. Otasining yig‘lashini ilk bor ko‘rib hayron bo‘lib qolgan bolakaylar hozir ulg‘aygan, so‘rasangiz, aytib berishadi. «Yigirma ikki tentak bir to‘p orqasidan yugurib yurishini» tomosha qilayotgan erini tushunmay, yelka qisadigan ayol o‘sha kuni mana shu futbol tufayli uning yig‘layotganini ko‘rdi.
Albatta, hozir buni his qilish qiyin, rosa harakat qilib ham yig‘lay olmaymiz. Shunchaki, oniy o‘lim bizni yaqinlarimizdan, balki yaqinlarimizni bizdan ajratishga tayyor turganini tushunsak kifoya. Shundagina, bugunda ko‘pgina narsalarni qadrlashni o‘rganarmidik.