Avval xabar berganimizdek 9-15 sentyabr kunlari London shahrida parasuzish bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkazildi.
Kecha musobaqaning so‘nggi kun bahslari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 50 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Aniqrog‘i, ushbu masofaga suzishda Islom Aslanov ikkinchi, Muzaffar Tursunxo‘jayev esa uchinchi natijani qayd etdi va ular mos ravishda kumush hamda bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu musobaqada 7 nafar sportchi bilan ishtirok etgan terma jamoamiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza, jami 8ta medalga ega chiqdi. Shu tariqa parasuzuvchilarimiz 60 ta davlatdan 600 ga yaqin sportchi ishtirok etgan ushbu jahon chempionatida umumjamoa hisobida 20-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Yana bir quvonarli jihati, Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasining qaroriga ko‘ra ushbu jahon chempionatida 1- va 2- o‘rinni egallagan sportchilar kelasi yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lishdi. Aniqroq aytganda, Shoxsanam Toshpo‘latova, Islom Aslanov hamda Firdavs Musabekovlar Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi. Qolgan sportchilarimiz esa bu yo‘lda muhim reyting ochkolariga ega bo‘lishdi.
Bizning qahramonlarimiz London-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bilan 17 sentyabr kuni erta tongda yurtimizga qaytib kelishadi.
Quyida parasuzish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionati sovrindorlari bilan tanishib olishingiz mumkin:
Shoxsanam Toshpo‘latova – 1 ta oltin, 1 ta bronza;
Islom Aslanov – 3 ta kumush;
Firdavs Musabekov – 1 ta kumush
Nigora Mirzoxidova – 1 ta bronza
Muzaffar Tursunxo‘jayev – 1 ta bronza