Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Intrigasiz chempionat: kimga qanaqa?

Intrigasiz chempionat: kimga qanaqa?

Baho:
+ | -

Turning markaziy o‘yini hisoblangan “Navbahor”-“Paxtakor” o‘yini bilan 19-tur ham yakunlandi. O‘yindan oldin yetarlicha shov-shuv ko‘tarildi, nafaqat har ikki klub matbuot xizmatlari, balki futbolga ixtisoslashmagan ayrim media tarmoqlarda o‘yin haqida turli fikr-mulohazalar, intervyular, roliklar tarqaldi. Bu, albatta, bahsga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. Har ikki klub o‘rtasidagi o‘yinni bevosita kuzatish asnosida ko‘ngildan turli o‘y-xayollar o‘tdi, shu haqda o‘rtoqlashsam.

Intriga
Chempionat tugashiga ancha tur qolgan bo‘lsada kim chempion bo‘lishini taxmin qilishga tajribali futbol mutaxassisi bo‘lishi shart emas. “Paxtakor” boshqa jamoalarni katta farq bilan ortda qoldirmoqda. 19-turdan keyin turnir jadvalda 1- va 2-o‘rinda borayotgan jamoalarni roppa-rosa 17 ochko ajratib turibdi. Izoh ortiqcha. Hozirdanoq chempion kimligini taxmin qilish qiyinmas. Keyingi turlar 2- va 3-o‘rinlar uchun, katta ehtimol bilan, “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Nasaf” o‘rtasida kechadi.

Saviya
Markaziy uchrashuvda “Paxtakor”ning saviyasi yaqqol ko‘rindi. O‘yinni sharhlayotgan Hayrulla Hamidov ta’kidlab o‘tdi: “Paxtakor”ni yengish uchun kamida “As-Sadd” darajasidagi klub bo‘lishi lozim. Bu fikrga qo‘shilaman. Lekin, afsuski, “As-Sadd” darajasidagi klub chempionatimizda topilmayapti. Yaqin orada chiqishiga ham ko‘zim yetmaydi. Tan olish lozim, ham tarkib, ham moliyaviy imkoniyat jihatdan “Paxtakor” superligadagi boshqa jamoalardan ancha ustun. Boshqa klublar bu borada ham bahslasha olishmaydi. Demak, “Paxtakor” yaqqol favorit!

Tanganing ikkinchi tomoni
Avvallari, “Bunyodkor”, “Nasaf”, keyinchalik “Nasaf” “Paxtakor”ga jiddiy raqib hisoblanardi. Ular o‘rtasidagi bahslar, chempionatdagi intriga sabab, ancha qiziqarli kechardi. Lekin keyingi vaqtlarda bu klublar o‘z mavqelarini ancha boy berishdi.

Eron chempionati bir-biriga teng kuchli jamoalar bahslariga asoslangan, shunga yarasha Osiyo chempionlar ligasida “Istiqlol”, “Piruzi”, “Sepahon”, “Zobahon”, “Traktorsoziy”, “Fulad”... kabi jamoalarni ko‘rib o‘rganganmiz. Eronda ochko yig‘ishda “monopol” jamoa yo‘q. Natija esa terma jamoa saviyasida yaqqol ko‘rinadi. Eron milliy termasi keyingi mundiallarda muntazam ishtirok etmoqda. Yaponiya, J.Koreya yoki Saudiya Arabistoni chempionatlarida ham shunday manzara. Teng kuchli jamoalar chempionlik uchun kurashishadi. Ushbu misollardan so‘ng nima demoqchi bo‘lganimizni angladingiz. “Paxtakor”ning chempion bo‘lishiga qarshilik yo‘q, lekin, deyarli raqobatsiz chempionat milliy futbolimizga foydami yoki zarar? Terma jamoamiz bunday manfaat topadimi yoki yo‘qmi?

90-yillar boshida Ukraina terma jamoasini “Dinamo” Kiyev jamoasi asosida tashkil qilish tajribasi sinaldi. Avvaliga natija yaxshi bo‘ldi. Lekin Ukraina futboli rahbariyati bu g‘oyadan voz kechdi. Shu tariqa “Shaxtyor”, so‘ngra “Metallist” jamoalari kuchaydi. Hozir har uchchala jamoa yevrokuboklarda o‘ynashadi.

Nima qilish kerak?
Terma jamoa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, superligadagi jamoalarning saviyasi bir-biriga yaqin bo‘lishi kerak. Shundagina chempionatga raqobat va intriga qaytadi. Biz Xorvatiya emasmiz – terma jamoaning o‘yinchilari Yevropa top-ligalari klublarida o‘ynaydigan. Terma jamoamizning asosini milliy birinchilikda o‘ynayotgan futbolchilar tashkil etadi. Superligaga intriga qaytmas, jamoalar saviyasi tenglashmas ekan, futbolimiz rivoji yoki xalqimizning azaliy orzusi – mundialga chiqish orzuligicha qolib ketaveradi.

Baxtiyor ABDUG‘AFUR

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 17:25, 16.09.2019.
O'qildi: 5419 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.