“Barselona” tarkib qanchalik kuchli bo‘lmasin, Messisiz o‘ynay olmaydigan jamoa. Tan olish kerak, Leosiz Kataloniya klubi kamida yarim kuchini yo‘qotadi. Ayniqsa, murakkab o‘yinlarda argentinalik futbolchisiz “Barselona” qiyin holatga tushib qoladi.
Bugun ana shunday o‘yinlardan biri. Ernesto Valverde shogirdlari YECHL guruh bosqichi doirasida Milanning “Inter”ini qabul qiladi. Mazkur o‘yinning murakkabligi shundaki, ayni damdagi “Inter” ancha kuchaygan, jamoada yangi qurollar va yangi murabbiy bor. “Barselona” esa oldingi “Barselona” emas.
VALVERDE UCHUN JIDDIY SINOV
“Barselona” bugun ochko yo‘qotmasligi lozim. Sababi, birinchi o‘yinda Germaniyada Dortmundning “Borussiya”si bilan shundoq ham durang o‘ynagan. Bordiyu bugun ham durang o‘ynaydigan yoki mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, Kataloniya klubining ahvoli qiyinlashishi tayin. Bu esa “Barselona”ga bosim yuklaydi.
“Inter”ni esa durang ham qanoatlantiradi. Birinchidan, Milan klubi Kataloniyada “Barselona”ga qarshi o‘ynaydi. Bunday holatdagi durang Konte shogirdlari uchun g‘alabaga teng.
Ikkinchidan, bugungi o‘yindagi durang “Inter”ni kamida 2-o‘ringa joylashtiradi. Ayni damda hamma jamoada 1 ochkodan. “Inter” “Barselona” bilan durang o‘ynab, “Borussiya” — “Slaviya” o‘yinida biror bir jamoaning qo‘li baland kelsa, “Inter” ikkinchi o‘ringa joylashadi. Agar yuqoridagi jamoalar o‘rtasidagi o‘yinda durang qayd etilsa, vaziyat yana o‘zgarishi mumkin. Xullas, durang natija “Inter”ni “Barselona”dan yuqoriga joylashtiradi.
BIRINCHI GOLNING AHAMIYATI
Mazkur o‘yinda agar “Barselona” hisobni ochsa, qolgani jamoaning ssenariysi bo‘yicha ketishi ehtimolga yaqin. Boisi, “Barselona” tiki-taka bilan birga qarshi hujumni ham eplay oladi. Grizmann, Suares, agar maydonga tushsa Messi, Alba — tezkorlikni yaxshi ko‘radigan bunday futbolchilar “Barselona”da istagancha topiladi. Menimcha, taxminan dastlabki 10 daqiqa Kataloniya klubining shturmi ostida o‘tadi. Agar ana shu voqealar davomida Valverde shogirdlari gol urishni uddalasa, vazifa bir qadar osonlashishi mumkin.
Bordiyu birinchi bo‘lib “Inter” gol ursa, vaziyat “neradzurri”lar foydasiga o‘zgarishi mumkin. Konte ham tezkor futbolni xush ko‘radi ayni damda, “Inter” esa qarshi hujumlarga begona emas. Yodingizda bo‘lsa, Mourinyo davrida aynan tezkorlik va qarshi hujumlar evaziga “Inter” aynan “Barselona”ni mag‘lub etgandi.
KONTE UCHUN BOSH OG‘RIG‘I
Birinchi turda “Slaviya” bilan o‘yindagi durang Konte uchun ham, “Inter”ning muxlislari uchun ham kutilmagan bo‘ldi. Chunki “Slaviya” Milan klubi uchun mag‘lub etsa bo‘ladigan jamoa edi. Biroq Kontening taktikada biroz yanglishgani va omadsizlik “Inter”ni 2 ochkodan mahrum qildi.
Bugun esa Konte ana shu jihatlarni o‘yinda bartaraf eta olishi kerak. “Barselona”ga qarshi o‘yinda minimal imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish, har bir xavfli vaziyatni samarali yakunlashga intilish lozim. Tavakkal qarorlarga, tavakkal zarbalarga imkon qadar kamroq e’tibor qaratgan ma’qul.
MESSI FENOMENI
Ayrim xabarlarga ko‘ra, bugun Messi maydonga tusha oladi. Bu esa tarozi pallasini “Barselona” tomonga og‘diradi. Messi agar chindan ham tushsa, Valverdening muammosi o‘z-o‘zidan kamayishi va Messi nimadir qila olishi mumkin. Yanayam ko‘p narsa butun jamoaga, futbolchilarga bog‘liq. Agar jamoadoshlarining o‘yini qovushmasa, Messi ham hech narsa qila olmasligini ko‘p bor ko‘rganmiz.
Shu paytga qadar Messi haqida ko‘p gapirildi, gapirilmoqda. Agar bugun Messi fenomeni ijobiy tomonlama namoyon bo‘lsa, bu gaplar o‘z tasdig‘ini topadi. Aks holda... Mayli, bu haqda o‘yindan keyin fikrlashamiz.