Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

O‘sha gap! O‘sha Messi!

O‘sha gap! O‘sha Messi!

Baho:
+1 | -1

Kecha YECHL guruh bosqichi doirasida kechgan o‘yinda «Barselona» o‘z uyida muqarrar mag‘lubiyatdan qutulib, yakunda zafar quchdi. Garchi mazkur o‘yinda Suares dubl qayd etgan bo‘lsa-da, g‘alabaning asosiy sababchisi butunlay boshqa — Lionel Messi.

OCHIQ ZONA

Messi maydonga tushmagan paytda raqib himoyachilarining bor e’tibori Suares va Grizmannga qaratiladi. Messi maydonda bo‘lganida esa kamida ikkita raqib unga biriktiriladi. Hujumlar paytida kamida ikkita futbolchi Messining zararsizlantirishga urinadi. Bu esa Suares va Grizmannga ochiq hudud yaratib beradi. Kecha ham shunga o‘xshash vaziyat yuzaga keldi. Arturo Vidal to‘pni uzatayotgan paytda Messini qo‘riqlashga kirishgan futbolchilar Suaresni e’tiborsiz qoldirishdi. Ikkinchi golda esa Messi Suaresni ajoyib uzatma bilan ta’minladi.

HAM YUTUQ, HAM KAMCHILIK

Kecha Messini asosiy tarkibda ko‘rib, ikki xil xulosa chiqardim: ham ijobiy, ham salbiy. Ijobiysi, «Barselona»da boshqa jamoalar, xususan, «Real»dan farqli ravishda o‘yinni qutqara oladigan, g‘alabani ta’minlashi mumkin bo‘lgan yetakchi bor. Salbiysi, «Barselona» ana shu yetakchiga tamomila bog‘lanib qolgan. «Inter»ga qarshi o‘yinda Valverdening jarohatidan endigina tuzalgan futbolchini dastlabki daqiqalardanoq maydonga tushirishga majbur bo‘lgani ham fikrimizning isbotidir.

Kechagi o‘yinda Messining jarohatidan endigina forig‘ bo‘lgani sezildi, baribir. Oldingidek chaqqon, oldingidek shiddatli o‘ynay olgani yo‘q, ammo hozirgi holatida ham «Barselona»da kerakli natijani u ta’minlayapti. Bu esa tezroq bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchilik, ya’ni Messisiz nimadir qila olishni hamon o‘rgana olmagan «Barselona» Leo ketadigan bo‘lsa, qiyin ahvolga tushishi tabiiy.

Kechagi o‘yinni ko‘rib, shunday xulosaga keldim — Messi «fenomen». Ayni damda hech bir jamoa Leo kabi yaqqol yetakchiga ega emas. Shu boisdan Kataloniya klubi sovrinlarni qo‘lga kiritishni niyat qilgan bo‘lsa, buning uchun Messi faqat va faqat maydonda bo‘lishi kerak. Hatto Messi tushmagan bitta o‘yinda ham uning yo‘qligini bilinayotgani bor gap.

Messi — aqlli futbolchi. Buni kecha uning to‘psiz o‘yinidan ham bildim. To‘psiz deyarli ko‘zga ko‘rinmay, hech kim e’tiborini tortmay yuradiyu, to‘p yaqinlashganida darrov uni qabul qilib oladi hamda xavfli vaziyat yaratishga intiladi. Kecha ham raqib futbolchilarini bir nechta vaziyatda aldab, jamoadoshlari uchun xavfli vaziyat yaratishga harakat qildi. Messi kecha gol urish uchun emas, jamoasining gol urishiga sharoit yaratib berish uchun maydonga tushganini, ko‘proq shu vazifa uning zimmasida ekanligini his etib o‘ynadi.

Ikkinchi tomondan, «Inter» ikkinchi bo‘limda hech narsa qila olmadi. Konte, baribir, italiyalik murabbiyligiga bordi va ko‘proq himoyaga e’tibor berdi. Aksiga olib, qarshi hujumlarda pala-partishlik pand berdi. O‘yindan oldin Konte «Bizga motivasiyaning keragi yo‘q, «Barsa» nomining o‘zi yetarli», degandi. Buni qarangki, «Barsa» nomining o‘zi ham motivasiya beribdi, ham «Inter» futbolchilarining yuragiga vahima solib qo‘yibdi. Bu esa ko‘plab dovdirashlarga sabab bo‘ldi va «Inter» bir qancha ajoyib vaziyatlarni ko‘kka sovurdi.

Ayni damda «Barselona» ikkinchi o‘ringa joylashdi. Birinchi o‘yinda «Slaviya»ni mag‘lub etgan Dortmundning «Borussiya»si. Bu ikki jamoada 4 ochkodan bor. «Inter» va «Slaviya» esa bir ochkodan to‘plashgan, to‘plar nisbatiga ko‘ra «Inter» 3-o‘rinni egallagan.

Navbatdagi turda «Barselona» «Slaviya»ni imtihon qiladi. «Inter» esa Dortmundning «Borussiya»si bilan kuch sinashadi. Ana shu o‘yin haqiqiy shedevrga aylansa, ajab emas.

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 14:52, 03.10.2019.
O'qildi: 12033 marta.
Fikrlar: 9 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.