Bugun quvonchli xabar tarqaldi. Oxirgi paytlarda ham “Rostov”da, ham terma jamoa safida raqiblarini ayamay savalayotgan Eldor Shomurodovga da’vogarlar soni ortibdi.
Quvonarlisi, bu safargisi aniq faktlar: “Shtutgart” Eldor Shomurodov uchun 10 mln yevro berishga tayyor. Xo‘sh, Eldor Bundesliganing aynan shu jamoasiga o‘tishi kerakmi?
Yo‘q. Birinchidan, “Shtutgart” ayni damda quyi ligada. Bundesligada emas. Eldor Shomurodov esa agar Germaniyaga ko‘chib o‘tadigan bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda Yevropa ligasi uchun kurashadigan va bu turnirda qatnashadigan klubiga o‘tishi kerak. Masalan, “Leypsig”. Agar ana shu klubdan taklif tushsa, Eldor hech ikkilanmasdan o‘tsa bo‘ladi. Hamyurtimiz ushbu klubda bemalol o‘ynab keta oladi. Germaniyaning quyi ligasidagi jamoasiga o‘tish Eldorning hozirgi holatida ko‘tarilish emas, sho‘ng‘ish bo‘ladi.
“SSKA” varianti-chi? Yo‘q. Bu shunchaki to‘rtinchi zinadan uchinchi zinaga ko‘tarilishdek gap. Va shu zinada kamida 1-2 yil qolib ketishi mumkin. Bu esa vaqtni yo‘qotishdan boshqa narsa emas. To‘g‘ri, “SSKA” xalqaro turnirlarda qatnashib yurgan jamoa, lekin Eldor hozirdan Yevropaga intilmasa, keyin Yevropa futboli uchun qarilik qilib qolishi mumkin. Yevropa superliga emaski, 28-29 yoshli futbolchilarni normal qabul qiladigan. Rejaga ko‘ra, Eldor hozirdanoq Yevropaga intilishi lozim.
Yana qanday variantlar bor? Italiya chempionatida ham Eldor o‘ynab keta oladigan jamoalar topiladi. Masalan, “Lasio”, “Fiorentina” yoki mayli “Roma”niyam qo‘shaylik. “Inter”, “Napoli” va “Yuventus”da qiyinroq. Hozir Eldorga raqobatda yutqazib, zaxiraga mixlanadigan emas, kurasha olib, ko‘proq maydonga tushadigan jamoa kerak. Shuning uchun biz ta’kidlagan uchta jamoadan biriga o‘tsa ham yomon bo‘lmaydi.
Fransiyada Eldor uchun mos keladigan variant kamroq. “Lion”ni aytish mumkin, nisbatan barqaror o‘ynaydi. Qolgan klublarga esa ishonch yo‘q. “PSJ”da-ku Eldorga joy yo‘q.
Ispaniyada ham xuddi Italiyadagi kabi hamyurtimiz uchun muqobil variantlarni keltirish mumkin. “Sevilya”, “Valensiya”, “Vilyarreal” va hokazo...
Angliyada variantlar ko‘p, lekin ingliz futboli boshqa chempionatlarnikidan mushkulroq, tezkorroq. APLda bosim juda katta. APLda tajribali futbolchilar boshqa chempionatlarnikiga qaraganda ko‘proq. Shunday bo‘lsa-da, Eldor uchun munosib klublar topiladi — “Everton”, “Lester”, “Vest Xem”. APL shunday chempionatki, garchi xalqaro turnirlarda qatnashmasayam bu chempionatda o‘ynashning o‘zi Eldor uchun yetarli bo‘lishi mumkin, APL Eldorga ko‘p narsa o‘rgata oladi. Faqat o‘sha gap — imkoniyatiga qarab qadam tashlashi lozim.
Eldor bir jihatni unutmasligi kerak, u ayni damda Yevropagacha boshqa bir klubni ko‘prik qiladigan yoshda emas. Shuning uchun Yevropadan qulayroq taklif bo‘lsa, ikkilanmaslik kerak. Bordiyu agar “SSKA”ni oxirgi variant sifatida tanlash mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Eldorning hozirgi imkoniyati Odil Ahmedovning imkoniyatidan ham yaxshiroq. Bir paytlar “Yuventus”da tuzuk-quruq o‘ynamagan bo‘lsa ham o‘sha klubga borgan Ilyos Zeytullayev bilan faxrlanardik, hozir ham faxrlanib qo‘yamiz. Ajab emas, Eldor Shomurodov bu zinalarni ham bosib o‘tsa va biz kuchli beshlikda Eldorning jamoasiga muxlislik qilsak. Xudo xohlasa, shu kunlar keladi.
Yuqoridagi biz keltirgan variantlar balandparvozroq tuyulishi mumkin. Maylida, Alloh tog‘ so‘rasang, qir beradi, deyishadi ota-bobolarimiz. Biz ham katta niyat qilyapmiz. Niyatni butun qilyapmiz. Ilohim amalga oshsin. Eldorga esa abadiy kamtarlik, samimiyat va omad tilab qolamiz.
Nizomjon ISLOMOV