Braziliyalik Ronaldo o‘z faoliyatini yakunlagach, u to‘p surgan 9-raqam ko‘plab futbolchilar tomonidan qabul qilib olingan bo‘lsada, hali-hamon o‘zining sobiq egasini sog‘inayotgan bo‘lsa, ajab emas. Ho‘sh «so‘yloq»dan so‘ng, ushbu raqam ostida kimlar to‘p surdi? Bugun ushbu savolning javobini topishga urunib ko‘ramiz.
Fred 39 ta uchrashuv va 19 ta gol
Ushbu futbolchini Braziliyada hech qachon 9-raqamning haqiqiy egasi deb e’tirof etishmagan bo‘lsada, fakt faktligicha qoladi. Braziliya terma jamoasi Skolari qo‘l ostiga o‘tgach, jamoaning yakunlovchi zarbasini berish aynan Fredga ishonib topshirilgan, futbolchi ushbu raqam ostida ilk rasmiy musobaqasida (2013-yil “Konfederasiyalar kubogi) ishonchli ko‘ringan edi va o‘zining 3 ta goli bilan Braziliyaning chempionligiga katta hissa qo‘shgan edi. Afsuski, JCH o‘yinlarida Fred sira o‘ziga o‘xshamay qoldi. Germaniyadan 7 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan uchrashuvdan so‘ng, 3-o‘rin uchun bo‘lgan o‘yinda zahirada qolgan qahramonimiz musobaqadan so‘ng, o‘zining terma jamoadagi faoliyatiga yakun yasadi.
Pato 27 ta uchrashuv va 10 ta gol
18 yoshida Yevropani o‘ziga qarata olgan Pato Braziliya futboli uzoq kutgan 9-raqam egasi bo‘lishi kutilgan edi, lekin Pato faqat jarohatlar borasida Ronaldoga tenglashib oldi xolos. 2011-yilda ilk bor 9-raqam ostida «Kopa Amerika» musobaqasida ishtirok etgan Pato faqat 3-turga kelibgina gol kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Pley-off o‘yinlarida Ekvador terma jamoasi darvozasini 2 bor ishg‘ol qilgan Pato Paragvayga qarshi uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmadi va Braziliya penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib musobaqani tark etdi. O‘sha musobaqadan so‘n, Pato terma jamoadan qayta chaqiruv olmadi.
Luis Fabiano 45 ta uchrashuv va 28 ta gol
Braziliya terma jamoasi postiga Dunga kelgach, aynan Luis Fabiano 9-raqamning yangi egasiga aylandi. Baland bo‘yli, baquvvat futbolchi texnik tomondan kuchli bo‘lmasada, kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘lishni uddalay olar edi. Ayniqsa, 2009-yilda bo‘lib o‘tgan «Konfederasiyalar kubogi» Musobaqasida futbolchi o‘zini to‘liq namoyish eta oldi. Musobaqa davomida 5 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol etgan Fabiano Ronalduning o‘rnini bosa oladigandek ko‘ringan bo‘lsada, oradan bir yil o‘tib mundial o‘yinlarida o‘zini ko‘rsata olmadi. Braziliya Chorak finalda o‘z yurishini to‘xtatgan bo‘lsa, Luis Fabiano musobaqadan so‘ng, terma jamoadagi faoliyatiga nuqta qo‘ydi.
Adriano 48 ta o‘yin 27 ta gol
Afsonaviy hujumchi iqtidor borasida Ronaldo bilan bir hil darajada bo‘lgan bo‘lsada, o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish eta olmagani juda achinarli.
Qahramonimiz 2008-yilda Braziliya terma jamoasining 9-raqam egasiga aylangan Adriano 2010-yilda bo‘lib o‘tgan JCH saralashida ishtirok etgan bo‘lsada, aytarli hech narsa namoyish eta olgani yo‘q. Ortiqcha vazn muammosiga duchor bo‘lgan futbolchining klublardagi faoliyati orqaga ketgan bo‘lsada, qahramonimiz 2010-yilga qadar 9-raqamni hech kimga topshirgani yo‘q.
Gabriyel Jezus 35 ta o‘yin va 17 ta gol
19 yoshida Braziliya terma jamoasining birinchi raqamli hujumchisiga aylangan Jezus Gvardiola qo‘l ostidda ham taktik ham jismoniy taraflama o‘sishga erishgani rost. To‘g‘ri, u Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan musobaqada o‘zini ko‘rsata olmadi, biroq o‘z yurtida bo‘lib o‘tgan qit’a chempionatida 9-raqamga mos o‘yin namoyish etdi. «Manchester Siti» futbolchisi Ronaldoning o‘rnini bosa olmasa, undan hech kim xafa bo‘lmasligi aniq. Axir «so‘yloq» singari futbolchilar 100 yilda bir marta tug‘iladi!
Shuningdek 9-raqam ostida Vagner Lav, Jonas, Diyego Tardelli singari futbolchila to‘p surgan bo‘lsada, ular juda kam uchrashuv o‘tkazgani bois alohida to‘xtalib o‘tirmadik.