Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Tepmaysanmi, Rossiya, tepmaysanmi?

Tepmaysanmi, Rossiya, tepmaysanmi?

Baho:
+1 | -

Rossiya o‘z maydonida Belgiya bilan kuch sinashdi. Jahon chempionati saralashi doirasida. O‘yinda Azar va uning sheriklari yirik hisobda g‘alaba qozonishdiyu, ammo...

Hisobni ko‘rgan odam Belgiya Rossiyani o‘z jarima maydoniga qamab qo‘ygandir, deb o‘ylaydi. Ammo bunday emas. Hatto ikkinchi bo‘limda rossiyaliklar ustunlikka ham erishishdi to‘p bilan muomala borasida. Lekin har doim yakunlovchi pallada nimadir yetishmay qolaverdi.

Bugungi mag‘lubiyat — Cherchesovniki. Belgiya — kuchli raqib. Himoyasi ham yomon emas. Qolaversa, bunday termalarga qarshi o‘yinda har qanday xavfli vaziyatdan ham samara chiqarishga intilish kerak. Bundan tashqari, Kurtua yerlatib berilgan zarbalarni qaytarishga biroz qiynaladi. Shuning uchun Cherchesov shogirdlariga ko‘proq uzoqroq masofadan bo‘lsa ham zarba yo‘llashni buyurishi kerak edi. Agar o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, ruslar ko‘p hujum uyushtirishdi, ammo raqib jarima maydoni ichida ham keraksiz paslar, chiroyli o‘ynashga urinishlar, to‘pni ko‘p ushlab qolish pand berdi. Vaholanki, bunday pallalarda darvoza tomonga kuchli zarba yo‘llash kerak edi — hech bo‘lmaganda burchak to‘pi ishlanardi yoki to‘p futbolchilardan biriga tegib darvozaga kirib ketishi ham mumkin edi. Mezbonlar esa o‘yinning so‘nggi daqiqalaridagina bir-ikki zarba berishdi, lekin u ham noaniq.

Shu o‘rinda Cherchesovning tavakkalchiligiga ham qoyil qolmay iloj yo‘q. Ikkita hujumchi bilan o‘ynadi. Aslida, bugungi o‘yinda ana shunday taktikaga tayansa ham zarar qilmaydi. Chunki Belgiya kuchli raqib, undan uchralgan mag‘lubiyat uchun hech kim Cherchesovni koyimaydi, muxlislar ham bunga fojia sifatida qarashmaydi. Shuning uchun ham murabbiy tavakkal qilishdan cho‘chimadi, ikkita hujumchini maydonga tushirdi. Aslida, bu kabi o‘yinlar ham qaysidir ma’noda tajriba, sinov vazifasini o‘taydi.

Rossiyaning 2018 yilgi mundialda ko‘rsatgan natijasi ko‘pchilikni qoyil qoldirgani bor gap. Ruslarning jahon chempionatidan keyin ham kuchsizlanib qolmagani yana bir karra haylantiradi. Cherchesov terma jamoani sezilarli darajada kuchaytirdi. Buni bugungi o‘yin ham isbotlaydi. Rossiya bugun hujumlar uyushtirish borasida Belgiyadan qolishmadi, ammo mezbonlar tarkibida Azar, Lukaku kabi hujumlarni golga aylantira oladigan futbolchilar yo‘q. Bugun ana shu omil ko‘p narsani hal qildi.

Cherchesov Rossiyani taktikasiz jamoadan ma’lum taktikaga, hatto taktikalarga ega jamoaga aylantirdi. O‘yinlarni kuzatsangiz, Rossiya har doim bir xil o‘ynamaydi. Kuchi, darajasi o‘ziga teng, o‘zidan birozgina kuchli termalarga qarshi boshqacharoq taktika qo‘llaydi. Ya’ni Cherchesov raqibni mag‘lub etish mumkinligiga ishona olsa, boshqacharoq uslub qo‘llaydi. Ayyorona uslub qo‘llaydi. Bugun ham u g‘alaba qozonishni istagani bor gap, hech qaysi murabbiy mag‘lubiyatni bo‘yniga olib maydonga tushmaydi.

Belgiya shu paytga qadar darvozasidan ikkita gol o‘tkazdi. Qizig‘i, ikkala golni ham Rossiya terma jamoasi kiritdi. Shuningdek, Cherchesov shogirdlari 21 ochko to‘plashga ulgurishdi. Bu hazilakam natija emas.

Bilasizmi nima, biz O‘zbekiston milliy terma jamoasi Belgiya bilan o‘ynashini orzu qilamiz. Mayli, 1:4 emas, undan ham yirikroq hisobda yutqazsin. Axir bunday jamoalar bilan o‘ynashning o‘zi bir tarix, bir maktab.

Rossiya terma jamoasini yorqin kelajak kutyapti. Cherchesov darvozabon bo‘lib o‘ynagan chog‘larida futbolchilarni bevosita kuzatib, miyasida pishitib qo‘ygan g‘oyalarini, keyin esa murabbiylik borasida tajriba to‘plab, ancha oshirgan bilimlarini amalda qo‘llayapti. Bu g‘oyalarini futbolchilarga singdira olyapti.

Bugungi o‘yindan oldin Cherchesov miyasidagi “Belgiyani yutish qiyin, juda kuchli jamoa”, degan fikrni futbolchilarning miyasini ham egallagani bor gap. Murabbiy esa ana shu xavotirni yo‘qota olmabdi. Futbolchilardagi hayajonni, raqib oldidagi bosimni yo‘qota olmabdi. Bu esa ko‘p hollarda futbolchilarning kalovlanib qolishiga, shoshishiga sabab bo‘ldi. Ammo Belgiya kabi termalar bilan o‘ynayversa, Rossiya futbolchilari bunday darajadagi o‘yinlarga ham ko‘nikib, odatlanib qolishadi.

2020 yilda bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatida Cherchesov va Rossiya terma jamoasiga omad tilab qolamiz.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 00:45, 17.11.2019.
O'qildi: 12306 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.