Krishtianu Ronaldu — o‘ziga xos xarakter egasi. U o‘ziga nisbatan talabchan, shuning uchun jamoasi g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa-da, o‘zi gol ura olmayotganidan g‘azablanadi. U intiluvchan, gap-so‘zlarga e’tibor qilmay, olg‘a davom etadi. U qarimaydigan iqtidor sohibi, yoshi 35 ga qarab ketayotgan bo‘lsa-da, hamon xet-trik qayd etish bilan band. Ronalduning o‘ziga xos qarashlari mavjud. Quyida portugaliyalik yulduzning hayot yo‘lini ifodalab beradigan fikrlarini havola etamiz.
TO‘G‘RI YO‘L HAQIDA
“O‘zingning shaxsiy qonuniyatningni yarat, maqsadingni aniqlab ol va uni amalga oshirish uchun harakat qil. Buni sen uchun birov qilib bermaydi”.
“Futbol boshqa sport turlari kabi hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam beradi. U menga maqsadimni amalga oshirishim mumkinligini o‘rgatdi. Kerakli qaror qabul qilishga yordam berdi”.
QAT’IYATLILIK HAQIDA
“Shunday vaqt keladiki, o‘zingizga qarshi chiqishga majbur bo‘lasiz. Unutmang, siz hech kimga hech narsani isbotlashga majbur emassiz. Albatta, men hamma narsani yutdim, deb ayta olaman va endi oldimga maqsadlar qo‘yishim shart emas. Ha, ehtimol, men kamroq ishlashni boshlashim mumkin.Ammo har doim oldinga intilib, shuhratparast bo‘lishingiz zarar qilmaydi”.
“Ba’zan ikki qadam oldinga yurish uchun orqaga bir qadam tashlashga to‘g‘ri keladi”.
ODAMLAR HAQIDA, ALLOH HAQIDA
"Men boshqalarga yordam berib, kameraga tushishga harakat qiladigan odam emasman. O‘ylaymanki, meni yaxshi taniydigan odamlar muhtojlarga yordam berish uchun nimalar qilishimni yaxshi bilishadi. Odamlarga qancha ko‘p yordam bersangiz, Xudo sizni shuncha ko‘p mukofotlaydi. Men o‘zim yordam bergan odamlardan minnatdorman, ular tufayli doim o‘zimni yaxshi his qilaman. Tinch uxlayapman, chunki yordamga muhtojlarga madad bo‘lib, savob ish qilganimni yaxshi bilaman”.
NAFRAT HAQIDA
"Odamlar meni mazax qilishsa, bu menga yoqadi. Men ularning ko‘zlarida o‘zimga nisbatan nafrat ko‘rsam, haqoratlar eshitsam, xursand bo‘laman. Bu menga zarar qilmaydi. Shunchaki futbol maydonida ularga javob qaytaraman”.
HAYOT HAQIDA
“Hayotda hech narsa oson emas. Agar oson bo‘lganida, biz yig‘lab tug‘ilmasdik”.
MOTIVASIYA HAQIDA
“Motivasiya – bu kalit. Agar siz o‘zingizga doim yuqori baho bersangiz, karyerangizda ko‘p narsalarga erisha olasiz. Men har doim yaxshi kayfiyatda bo‘lishga va har qanday vaziyatda o‘zimga ishonishga harakat qilaman”.
MUVAFFAQIYAT HAQIDA
“Qattiq mehnatsiz hech narsaga erisha olmaysiz. O‘zimni sevimli ishimga bag‘ishlash va bor kuchimni sarflash men uchun eng muhim qoidadir. Hayot jumboqqa o‘xshaydi va har kuni uning o‘rniga qo‘yish kerak bo‘lgan bo‘lagi mavjud. Muvaffaqiyatga erishish uchun qoidalar va tartib-intizomga amal qilish kerak”.
O‘RGANISH HAQIDA
"Men perfeksionist emasman, lekin hamma narsani sifatli bajarganimni bilish menga yoqadi. Eng muhimi, men nafaqat murabbiy va muxlislarni mamnun qilish, balki o‘zimdan qoniqish hosil qilish uchun ham yanada ko‘p narsa o‘rganishga, mahoratimni oshirishga harakat qilaman. Shunisi aniqki, yoshingiz nechchida bo‘lishidan qat’iy nazar, bilim olishga muhtojsiz”.
Nizomjon ISLOMOV tayyorladi.