Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

O‘zgaribsan-a, Ronaldu?

O‘zgaribsan-a, Ronaldu?

Baho:
+ | -

Portugaliya terma jamoasi va “Yuventus” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu menda kutilmagan ijobiy taassurot qoldirdi.

Dastlab u bilan bog‘liq birinchi vaziyatga to‘xtalaylik. “Yuventus” safida Aaron Remzi uning golini “o‘g‘irlagandi”. O‘shanda ko‘pchilik Krishtianuning xafa bo‘lgani haqida gapirdi, ammo portugaliyalik futbolchi bunga e’tibor ham bermadi. Remzini bag‘riga bosdi, golni samimiy nishonladi. O‘zidan uzr so‘ragan Remzining uzrini qabul qildi. OAVda ham bu haqda umuman gapirmadi. O‘zini xotirjam tutdi.

Natijada nima bo‘lganini bilasizmi? Lyuksemburg terma jamoasiga qarshi o‘yinda Ronaldu jamoadoshining golini “o‘g‘irladi”. Deyarli bir xil vaziyat edi. Tabiiyki, jamoadoshi buning uchun Krishtianudan xafa bo‘lgani yo‘q. Ronaldu esa minnatdorchilik tariqasida gol urganidan keyin sherigiga rahmat aytib qo‘ygan bo‘lsa ham ajab emas. Eng muhimi, bu o‘sha Remzi “o‘g‘irlagan” golning “hisob”i edi. Bu dunyoda hamma narsa hisobli-da axir.

Ronaldu haqidagi fikrimni o‘zgartirgan voqea “Yuventus” bilan bog‘liq. Xabaringiz bor, Turin klubi ustozi Maurisio Sarri ikki bor Ronalduni zaxiraga oldi va buni “jarohati bor” deya izohladi. Vaholanki, Krishtianu terma jamoa safida maydonga tushib, gollar kiritdi. Demakki, uning jarohati yo‘q yoki bo‘lsa ham o‘ynashiga xalal bermaydi. Shundan so‘ng ko‘pchilik portugaliyalik futbolchining tarafini olib, Sarrini yomonlashga kirishdi. Bunday vaziyatda Ronaldu ham OAVga murojaat qilib, bemalol o‘ynay olishini, ammo Sarri bunga imkon bermayotganini aytib, o‘zini oqlashi mumkin edi. Odatda, tajribali, o‘ziga ishongan futbolchilar shunday qilishadi. Sirasini aytganda, vaziyat Ronaldu tomonga og‘ib borayotgandi. Biroq Ronaldu vaziyatdan foydalanib qolishni istamadi va oqilona yo‘l tutdi: jarohati borligini tan olib, Sarrini oqlab qo‘ydi, shuningdek, jamoasiga yordam berishni istaganini ham ta’kidlab, o‘zini ham ihotaladi. Eng muhimi, oxirgi marta Sarriga jahl qilib maydonni tark etgani va o‘yin tugamasdan oldin stadiondan chiqib ketganidan pushaymon ekanligini yashirmayapti. Ronaldu jamoadoshlarini chaqirib, ziyofat uyushtirmoqchi va shu orqali qilig‘i uchun hammadan uzr so‘ramoqchi.

Xo‘sh, Ronaldu to‘g‘ri qilyaptimi? Ha. Shak-shubhasiz, bu xatti-harakatlari uning muxlislari va jamoadoshlari orasidagi obro‘sini, hurmatini bir qadar oshiradi. Ko‘pchilik shu paytga qadar Krishtianuni dimog‘dor, o‘zidan boshqani tan olmaydigan, kekkaygan, deya ta’riflashga o‘rgangandi. Ammo ayni paytda sezilyaptiki, futbolchi o‘zgarishga intilyapti.

Boshqa tomondan, Krishtianu oldingi Krishtianu emas. O‘yini qovushmayotgani, avvalgidek gollar ura olmayotgani (klub safida) ham rost. Ammo bu uning aybi emas. Shunchaki vaqt hukmi, yosh o‘tishi, jismoniy holatning tabiiy ravishda sustlashishi. Tag‘in ham 35 yoshga qarab ketayotgan futbolchi hamon dunyoning eng yaxshi uch nafar futbolchisi ro‘yxatida turibdi. Shunday bo‘lsa-da, Ronaldu oldingi darajada o‘ynay olmayotganini o‘zi ham his qilib, buni tan olyapti va kerakli pallalarda bosh egishni ham eplayapti.

Krishtianu ayni damda terma jamoa safida 99 ta gol kiritdi. Katta ehtimol bilan Ali Daining rekordini yangilaydi. Agar bunga erishsa, faxrlanishga arziydigan rekord qayd etadi.  

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 07:00, 19.11.2019.
O'qildi: 15087 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.