Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

«Qo‘qon-1912»: 2019 yilning yorqin lahzalari

«Qo‘qon-1912»: 2019 yilning yorqin lahzalari

Baho:
+ | -

Mana hash-pash deguncha 2019 yil ham o‘z poyoniga yetib bormoqda. Odatda bunday pallada yil yakunlari sarhisob qilinadi. Aytish joizki, yakuniga yetayotgan yil Qo‘qon futbolida o‘ziga xos iz qoldirdi, desak mubalag‘a bo‘lmaydi. “Qo‘qon-1912” jamoasining 2019 yildagi yorqin lahzalarini yana bir bor yodga olishni joiz deb topdik.

“Farg‘ona viloyat hokimi kubogi-2019”dagi muvaffaqiyat

Ma’lumki, yil boshida Farg‘onada a’naviy tarzda “Farg‘ona viloyat hokimi kubogi” bahslari bo‘lib o‘tadi. 2019 yilgi musobaqa futbolchilarimiz uchun juda muvaffaqiyatli o‘tdi. Vakillarimiz turnirni yuqori darajada o‘tkazishdi. Barcha o‘yinlarda g‘alaba qozongan qo‘qonliklar bosh sovrinni qo‘lga kiritishdi.

“Qo‘qon-o‘zbek futbolining vatani”

Qo‘qonlik futbol ixlosmandlari uchun unutilmas onlarni taqdim etgan yana bir musobaqa

“Qo‘qon-o‘zbek futbolining vatani” shiori ostidagi xotira turniri bo‘ldi. Aslida, futbol bo‘ladigan kun qo‘qonliklar uchun alohida bir bayram desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Futbol va bayram so‘zi o‘zbek futbolining vatanida hamisha yonma-yon tilga olinadi.

Musobaqa tashkilotchilari mazkur turnirga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rishganini final isbotlab berdi. Deyarli bir haftda davomida “Ahmadxon” sport majmuasi muxlislar bilan gavjum bo‘ldi. Futbol muxlislari jami 32ta futbol uchrashuvlarini tomosha qilishdi.

Musobaqaning yakunida o‘tkazilgan taqdirlash marosimi ham unutilmas va tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Musobaqa tashkilotchilari haqiqiy syurprizlarni taqdim etishdi.

Taqdirlash marosimi boshlanishidan oldin maydon o‘zgacha qiyofaga kirdi. Jahonning ayrim yirik musobaqalarining yakunida shunday “go‘zallik”ning shohidi bo‘lishga odatlangan muxlislar, “Ahmadxon” sport majmuasi maydonida ham shunday manzarani jonli ko‘rishga muyassar bo‘lishdi. Ochig‘i biz bunday taqdirlash marosimini bundan oldin O‘zbekistonda ko‘rmaganmiz.

Barcha musobaqalarda bo‘lgani kabi birinchi bo‘lib final uchrashuvini a’lo darajada boshqargan hakamlar – Ravshan Ermatov va Abduhamidullo Rasulov maxsus sovrin bilan taqdirlanishdi. Taqdirlash marosimini yoqimli ovoz sohibi – Davron Fayziyev olib borganini ham qo‘shimcha qilish lozim.

Shundan keyin birin-ketin nominasiya g‘oliblari e’lon qilina boshladi. Musobaqaning “eng yaxshi darvozaboni” – Farhod Musajonov (“Faxriylar-1”), musobaqa to‘purari – Raxim Jo‘rayev (“Shahar”), musobaqaning “eng yaxshi o‘yinchisi” – Abror Maqsudov (Faxriylar-1”), musobaqaning eng yosh katta futbolchisi Maxmudjon Abdullayev , 66 yosh (“Kimyogar”) va musobaqaning eng yaxshi bosh murabbiyi – Ibrohim Mamadiyev (“Kimyogar”)lar velosiped, televizor, changyutgich kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, “Qo‘qon-1912” futbol klubi tomonidan “Faxriylar-1” jamoasi bosh murabbiyi Sharifjon aka Madaminovga ajoyib va unutilmas sovg‘a taqdim etildi. “Qo‘qon-1912” futbol klubi prezidenti Baxtiyor Tolipov ushbu mutaxassisga “Umra” safariga borish imkoniyatini beruvchi yo‘llanmani taqdim etganida butun stadion larzaga keldi. Shuningdek “Uzmobayl” kompaniyasi hamda Yaypanning “Turon” futbol klubi vakillari ham g‘oliblarga o‘zlarining esdalik sovg‘alarini taqdim qilishdi.

Qo‘qon futbolining fidoyilaridan biri , suxandon Anvarjon aka Oxunov ham musobaqa tashkilotchilar tomonidan 10 million sumlik sertifikat bilan taqdirlandi.

Musobaqani tashkil qilishda mehnat qilgan ko‘plab insonlarga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Musobaqani OAVda yoritib borgan xodimlar ham tashkilotchilar e’tiboridan chetda qolmagani bizni xursand qildi.

“Qo‘qon – o‘zbek futbolining vatani” shiori ostidagi musobaqa yuqori notada o‘z yakuniga yetdi. Ushbu turnir orqali Qo‘qon halqi futbolni qanchalik sevishlari, ardoqlashlari namoyon bo‘ldi. Mana shunday turnirlar bor ekan o‘zbek futboli vatanida yangi yulduzlar yetishib chiqaveradi.

Tarixiy g‘alaba

2019 yilda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari yangi musobaqa Liga kubogi bahslariga ham guvoh bo‘lishdi. Ushbu turnirda qo‘qonliklar yarim finalga qadar yetib borishdi. Musobaqaning birinchi turida “Paxtakor” mehmoni bo‘lgan "Qo‘qon-1912" Toshkentdan yirik 4:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Ushbu g‘alaba qo‘qonlik futbol ixlosmandlariga haqiqiy bayramni taqdim etdi. Murod Xolmuhammedovning supergoli esa har qanday musobaqa bezagiga aylanishi mumkin. Tarixiy g‘alaba va tarixiy gol.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi

Qo‘qonda “Xalqaro hunarmandlar festivali” bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Yirik xalqaro anjuman doirasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilgani esa futbol muxlislari uchun yana bir sovg‘a bo‘ldi. Unda O‘zbekiston va Tojikiston futboli vatani hisoblanadigan “Qo‘qon-1912” va “Xo‘jand” jamoalari maydonga tushishdi. O‘yin gollarga boy bo‘lib, jangovor – 3:3 hisobida yakuniga yetdi. Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi barchada illiq taassurot qoldirdi. Ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamladi.

Yana bir yorqin o‘yin

Muxlislarga quvonchli onlarni taqdim etgan yana bir uchrashuv Coca Cola Superligasi

19-tur doirasidagi uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Shu turda Qo‘qonda mehmon bo‘lgan “Bunyodkor” jamoasi yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. O‘yinda katta tashabbusga ega bo‘lgan vakillarimiz Vadim Abramov shogirdlariga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Aytish joizki, avgust va sentyabr oylarni futbolchilarimiz yuqori tempda o‘tkazishib, ketma-ket g‘alaba qozonishdi.

“Qo‘qon-1912” futzalchilari chempion bo‘lishdi!

Toshkent shahridagi “Bunyodkor” akademiyasiga qarashli sport zalida futzal bo‘yicha pro-liga jamoalari o‘rtasidagi o‘tkazilgan mamalakat birinchiligi “Qo‘qon-1912” futzalchilari uchun omadli bo‘ldi. Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazgan jamoa futzalchilari muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirishdi.

Shunday qilib “Qo‘qon-1912” futzalchilari kelasi yil superliga musobaqasida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston professional futbol ligasi tomonidan “Qo‘qon-1912” futzalchilariga pro-liga chempionlik kubogi hamda musobaqaning oltin medallar topshirildi.

Manba: kokand1912.uz
Kiritildi: 08:47, 31.12.2019.
O'qildi: 1792 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.