APLda chempionlik kurashi tugadi hisobi. Barcha e’tibor to‘rtinchi o‘rin uchun kechadigan janglarga va liganing jon saqlash hududiga qaratiladi endi.
“Chelsi” va “Bernli” aynan shu ikki qutbda. Londonliklar ham, Shon Daych shogirdlari ham oxirgi o‘yinlarda muxlislarini xursand qilishmayapti. Ayniqsa, “Bernli”ning ishlari og‘ir. Taqvimini ko‘rib odam cho‘chib ketadi:
“Stemford Brij”dan so‘ng “qizillar” “Lester”ni qabul qilishadi, “Old Trafford”ga borishadi va uyda “Arsenal”ni kutib olishadi.
Shon Daychni taqvimdan ko‘ra ko‘proq o‘ylantirayotgan muammo bor – sifatli futbolchilarning taqchilligi. Haliyam Eshli Barns lazaretda, Jey Rodriges va Fil Bardsli o‘ynashi so‘roq ostida, yaqinginada Londonga Kris Vud ham bormaydi, degan xabar tarqalgandi. Tasavvur qilyapsizmi, “Chelsi” bilan o‘yinda APLda jamoaning 74ta goliga mualliflik qilgan trio maydonda bo‘lmasa?! Doych muxlislarni tinchlantirdi: Vud safga qaytdi! Harna-da...
“Chelsi” ham beqaror natijalarga o‘ralashib qolgan. Biroq, aristokratlar baxtiga ta’qibchilari ham shunaqa notekis yo‘ldan ketishyapti. Shu bois, London klubi hamon to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Lekin Lempard uydagi o‘yinlar muammosini yechib olishi kerak: “Chelsi” Londondagi 10ta uchrashuvda 14 ochko jamg‘argan. Bu “Uotford” yo “Aston Villa”ga mos kelar balki, ammo YECHL o‘rinlari uchun kurashayotgan klub darajasiga tushmaydi.
Kadrlar masalasida albatta poytaxtliklarning ishlari yaxshiroq. Kubok o‘yinida liderlarga dam berilgan. Aspilikueta, Ryudiger, Villian, Kante va Abraxam hordiq chiqarib o‘yinga chiqishadi. Faqatgina Kristian Pulishich bahsni o‘tkazib yuboradi. Uning o‘rni shunchalik kattami, demang, o‘tgan davrada Bernli darvozasiga xet-trik yo‘llagan aynan shu amerikalik yigit bo‘ladi.
“Bernli” shuncha muammo qarshisida qolganiga qaramay, Londonda qahramonlik ko‘rsatishi kerak. Chunki keyingi o‘yinlar bundan-da og‘ir bo‘lishini Doych yigitlari bizdan ham yaxshi anglab turishibdi.
20:00da birga kuzatamiz o‘yinni. Zerikmaymiz nasib qilsa...
Xayrulla HAMIDOV.