Stadion.uz “Barselona” tarixidagi eng “g‘alati” transferlar bilan qisqacha tanishtirib o‘tadi.
So‘nggi kunlarda “Barselona” tomonidan (majburan) sotib olingan Breytueyt ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, shu kunga qadar “Barsa” hech qachon bunday transferlarga qo‘l urmaganmi?
Kristof Dyugarri
Yevropa va Jahon chempioni sifatida xotiralarimda qolgan fransuz ham “Barselona” jamoasi safida to‘p surganini ko‘pchilik unutib ham yuborgan bo‘lsa, ajab emas. 1997-yilda “Milan”dan Kataloniyaga ko‘chib o‘tgan futbolchi jamoa safida atigi yarim mavsum to‘p surgan bo‘lsada, 13 ta uchrashuvda maydonga tushdi va birorta foydali harakat namoyish eta olmadi. Qaysidir ma’noda uning vaziyatini tushunish mumkin. U “Barselona”ga o‘tgan chog‘lari klub hujumida Rivaldo, Sonni Anderson va Jovannidan iborat braziliyaliklar to‘p surar edi. Fransuz qanchalar istamasin, jamoa hujumchilari bilan chiqishib keta olmadi. Yarim mavsumdan so‘ng, birinchi imkon bo‘lishi bilan jamoani tark etdi.
Sayid Unsal
Bu umuman o‘zgacha tarix. Siz Sayid Jam Unsal ismli “Barselona” futbolchisi haqida eshitganmisiz? Eng qizig‘i shundaki, “Barselona”ga o‘tgunga qadar, hujumchi Janubiy Koreya chempionatida juda omadsiz mavsum o‘tkazgan va tez orada Turkiyaning kamtarin jamoalaridan birida ko‘rinish berishi kerak edi (12 ta uchrashuv 1 ta gol). 1998-yilgi mavsumoldi mashg‘ulotlarida chog‘ida “Barselona” Sayid Unsalning jamoaga kelib qo‘shilgani haqida rasmiy ma’lumot tarqatadi. Afsuski, Unsalning parvozi uzoqqa cho‘zilmaydi. Kataloniyaliklar u bilan iyul oyida shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, avgustda erkin agent sifatida “Trabzonspor”ga qo‘yib yuborishadi. Shunga qaramay, hujumchi “ko‘k-anorranglilar” safida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishga muvaffaq bo‘ladi.
Alfonso Peres
2000-yilda Kataloniya klubi tomonidan 16,5 million yevro evaziga sotib olingan Alfonso Peresni yoshi katta muxlislar ham eslashlari mushkul. Sababi, hujumchi klubga hech qanday naf keltirmagan. O‘z davri uchun fantastik summa evaziga kelgan hujumchi jamoa safida bir yarim mavsum harakat qilgan bo‘lsada, atigi 5 ta gol (gollarning 3 tasi kubok uchrashuvlarida) kiritgan xolos.
Maksi Lopes
Vanda Naraning sobiq turmush o‘rtog‘i sifatida nom qozongan Maksini Yevropaga 2005-yilda “Barselona” olib kelgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas. Jamoaning ikkinchi hujumchisi bo‘lishi taxmin qilingan Lopes Kataloniyada bir yarim mavsum harakat qilgan bo‘lsada, atigi 2 bor gol kiritdi, xolos. Xenrik Larsson jarohatidan forig‘ bo‘lgach, “Barselona” argentinalik hujumchiga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yubordi.
Keyrrison
“Barselona” 2009-yilda braziliyalik iqtidor uchun 14 million yevro sarf etgan bo‘lsa-da, hujumchi klub safida birorta o‘yin o‘tkazmagan. Shunaqasi ham bo‘ladimi deysizmi? E’tibor qarating, Kataloniya klubi futbolchi bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi va uni ijaraga berishni boshlaydi. Qahramonimiz 5 yil davomida turli jamoalar («Benfika», «Fiorentina», «Santos», «Kruzeyro» va «Koritiba») safida harakat qilgan bo‘lsa-da, yildan-yilga o‘yinini yo‘qotib bordi. Oqibatda, klub Keyrrison bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi va 14 million yevro havoga uchib ketdi.
Kevin-Prins Boateng
O‘tgan qishda “Barselona” yana bir o‘zgacha uslubdagi transferga qo‘l urdi. Yodingizda bo‘lsa, klub jarohat olgan Suaresning o‘rnini ganalik yarim himoyachi Kevin-Prins Boateng bilan to‘ldirmoqchi bo‘lgan edi. Oqibatda bu transferdan faqat Boateng foyda ko‘rdi, xolos.
Oradan bir yil o‘tib kataloniyaliklar yana bir noodatiy transferga qo‘l urishdi. Shu kunga qadar deyarli hech kimga tanish bo‘lmagan daniyalik hujumchi Martin Breytueyt transferi uchun “Leganes”ning hisob-raqamiga 20 million yevro to‘lab berildi. Qanchalar “g‘alati” tuyulmasin, klub daniyalik hujumchiga qadar izohsiz transferlarni amalga oshirgan. Breytueyt shunchaki “g‘alati” transferlarning mantiqiy davomi xolos.