O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio (Yaponiya) shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan yurtimiz sportchilari to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Bu borada Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, hukumatimiz sportchilarimizning lisenzion musobaqalardagi ishtiroki, mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda.
Bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha MOQ huzurida tashkil etilgan tezkor shtab faoliyati va Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegasiyasi uchun maxsus ishlab chiqarilgan sport ekipirovkalari hamda rasmiy liboslarining taqdimoti bo‘yicha matbuot anjumani tashkil qilindi. Anjumanning dastlabki qismi tezkor shtab faoliyatiga bag‘ishlandi va unda MOQ departament direktori Alisher Karimov hamda ushbu shtabga rahbar etib tayinlangan Sherzod Toshmatov ishtirok etishdi.
“Xabaringiz bor, hozir koronavirus sabab ko‘p musobaqalar bekor qilindi va endi qayta tiklanmoqda. O‘z navbatida bular terma jamoalarimizning rejalashtirgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Aprel-may oyiga kelib qo‘lga kiritgan lisenziyalarimiz ham ancha ko‘payib qoladi. Hozir barchasi tayyorgarlik bo‘yicha ishlab chiqqan reja bo‘yicha ketmoqda”, – dedi Alisher Karimov.
Tashkil etilgan tezkor shtab borasida O‘zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi raisi va ushbu shtabga rahbar qilib tayinlangan Sherzod Toshmatov batafsil gapirib berdi.
“Tezkor shtabning asosiy maqsadi lisenziyaga da’vogar va yo‘llanma olib ulgurgan sportchilar bilan individual tarzda ishlash, ularning sog‘lig‘i va ijtimoiy ahvolini nazorat qilib borish, eng muhimi Olimpiadadagi muvaffaqiyatli ishtirokni ta’minlashdir. Muhtaram Prezidentimiz sportchilarimizni Tokio Olimpiadasiga tayyorlash bo‘yicha bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Biz bunga munosib bo‘lib, zamon bilan teng yurishimiz lozim”, – dedi Sherzod Toshmatov.
Olimpiadaga tayyorgarlik haqida gap ketar ekan, unda atletlarimiz, delegasiya vakillari va qo‘llab-quvvatlash guruhi uchun sport ekipirovkalarini tanlash alohida mavzuga aylanadi. MOQ hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bu borada ham sohaning yetakchi firma va dizaynerlari bilan hamkorlikda ishchi guruhi tashkil qildi. Professional va havaskor dizaynerlarga o‘zlarini ko‘rsatish uchun delegasiyamizning Tokio Olimpiadasi uchun ekipirovkalari bo‘yicha xalqaro tanlov e’lon qilindi. Tanlovda 100 dan ortiq ishtirokchi o‘z loyihalari bilan qatnashdi. Yakunda esa eng saralari tanlab olinib, Prezidentimiz va hukumatimiz rahbariyatiga taqdimot qilib berildi. Muhtaram yurtboshimiz ushbu ekipirovkalarni yaqindan o‘rganib chiqdilar va ular orasida eng munosiblarini ijobiy baholadilar. Sport lisoblari yaraatilishida Tokio shahrining iqlimi ham inobatga olingani e’tiborga molik. Matbuot-anjumanining ikkinchi qismida MOQ Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Xalida Kamilova hamda ekipirovkalar dizayneri Elnora Rizayevalar ishtirok etishdi.
“Tokio-2020 sport ekipirovkalariga shaxsan yurtboshimiz alohida e’tibor qaratmoqdalar. Shu o‘rinda biz ham bu borada yangicha yondashdik. Misol uchun, og‘ir atletika, taekvondo, eshkak eshish kabi sport turi bilan shug‘ullanadigan atletlarimizning tanasi har xil shakllangan. Shu bois ham kiyimlar har bir sport turi bo‘yicha maxsus tayyorlanadi. Ayniqsa, para-atletlarimiz uchun ham ularning klassifikasiyaga qarab kiyim tayyorlanadi”, – dedi Xolida Kamilova.
“Dizayn mamlakatimiz bayrog‘ida aks etgan ranglar asosida tanlandi. Oq rangdan dunyoda ko‘p davlatlarda foydalanishadi. Shu bois ham bizning kiyimimiz ajralib turishi uchun oq va yashil ranglarning uyg‘unligidan foydalanishga harakat qildik. Bu Olimpiada payti Tokioning issiq va nam iqlimida ancha qulay. Qaraganda ham o‘zining jozibasi bilan kishini rom qiladi. Kiyimlardagi naqshlarda boy madaniyatimizni aks ettirishga ham urindik. Bu rang va naqshlar islom dinida xam ijobiy ma’no ifodalaydi. Dunyo ahli bu kiyimlarni ko‘rganida tez suratlarda rivoj topib borayotgan O‘zbekistonni tasavvur qilishi lozim”, – dedi liboslar dizayneri Elnora Rizayeva.