«Rostov» hujumchisi Eldor Shomurodovning manfaatlarini himoya qiluvchi "ProSportsManagement" kompaniyasi boshlig‘i German Tkachenko o‘zbekistonlik futbolchi yozda klubni tark etishi mumkinligini ma’lum qildi.
— Shomurodov borasida taxminlaringiz qanday?
— Bu taxmin emas, bu bizning rejamiz. Yakuniy qarorni «Rostov» qabul qiladi, biz esa bunga hurmat bilan qaraymiz. Klub Shomurodovni qishda sotmaslik rejasiga tushunish bilan yondashdik.
— Takliflar bo‘ldimi? 15 million yevro?
— Ha, qiziqishlar bo‘ldi, taklif etilgan summalar ham jiddiy edi. Lekin buning iloji yo‘qligini tushunardik. Germaniya klublari orasida «Shalke»dan hech qanday taklif bo‘lmagan. Gelzenkirxenda bunday futbolchini bilishmaydi ma’nosidagi xabar esa to‘g‘ri emas. Eldor haqida bilishadi, uning narxi qancha ekanligi haqida qiziqish bildirishdi.
Xudo xohlasa, transfer amalga oshadigan bo‘lsa, uning narxini «Rostov» belgilaydi. Bizning maqsadimiz esa, "Rostov"ni xafa qilmagan holda aytamanki, yozda uning boshqa jamoaga o‘tishini ta’minlash. Ammo Rossiya chempionatidan tushadigan takliflarni ko‘rib chiqmaymiz. G‘arbga yo‘l olishni istaymiz. Hozirgi kunda aniq taklif mavjud.
— Uning samaradorligi pasaygani hayron qoldirmayaptimi?
— Biz nafaqat samaradorligi, balki uning barcha harakatlariga qaraymiz. U deyarli har bir o‘yinda assistni va boshqa foydali harakatlarni amalga oshiradi. Hech bo‘lmasa «Krasnodar» bilan o‘yinda Ionovga tovon bilan qay tariqa pas berganini eslaysizmi? Yoki uning «Spartak» bilan o‘yinda golli hujumlardagi ishtirokini?
Futbolchining harakatlarini tahlil qilish kerak: qancha masofaga yugurdi, jamoaning himoyadagi o‘yinida qanday harakat qildi. Eldor, shubhasiz, universal futbolchi. Lekin bugungi kunda unga bahoni Valeriy Karpin berishi kerak. Ammo bu baho bizning baho bilan mos kelmasligi mumkin.
— Yozgi transfer borasida «Rostov» bilan og‘zaki kelishuv mavjudmi?
— Yo‘q.
— Lekin klub qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
— Bo‘lishi mumkin. Bu uning huquqi. Demak, yechim qidiramiz. Klubni ko‘ndirishga urinamiz. So‘nggi so‘zni «Rostov» aytishini tushunamiz. Hech kim bunga da’vogarlik qilayotgani yo‘q. Qishda futbolchi jamoani tark etmasligi haqidagi qarorga biz rozi bo‘ldik.
Qishda taklif bo‘ldi, ammo klub buni ko‘rib chiqmadi. Biz bunga hurmat bilan qaraymiz. Bundan tashqari, «Rostov» uni sotmaslik huquqiga ega.
Ammo yozda tushadigan taklifni ko‘rib chiqmaslik... Biz kuchliroq chempionatga o‘tishni istaymiz. Ha, qarorni klub qabul qiladi, lekin biz Shomurodovni adolatli narxga sotishi haqida kelishuvga erishdik. Birgalikda muhokama qilamiz.
— Futbolchining o‘zi kuchli chempionatga ko‘chib o‘tishga ruhan tayyormi? Eldor ancha kamtar inson.
— Aksincha, o‘ziga xalal beradigan narsalardan himoyaga ega. U quvnoq yigit. Jamoaning unga bo‘lgan munosabatiga qarang.
— Shomurodov ingliz tilini o‘rganyaptimi?
— O‘rganyapti.
— Majbur qilyapsizmi?
— Ha, majburlayapmiz. O‘qituvchi topdik.
— O‘sish bormi?
— U bilan shaxsan o‘zim gaplashdim, ammo hali baho berishga erta. U avvalgiga nisbatan yaxshiroq gapira boshladi.