Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Paxtakor» - «Navbahor». Bobur Akmalovning taassurotlari

«Paxtakor» - «Navbahor». Bobur Akmalovning taassurotlari

Baho:
+ | -

Pichoq, bolta, arra yoki qilich bo‘lishi kerak bo‘lgan temir bo‘lagining taqdiri shu - bolg‘adan ham, sandondan ham zarb yeydi. Sharhlovchini shu temirga o‘xshataman - bir jamoa yutqazsa, muxlislaridan tanqid, dakki va hatto haqoratlarni qabul qiladi. Bunisi yutqazsa, bunisining muxlislaridan. Lekin har qanday holatda ham o‘z uslubi va o‘zi to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan og‘ishmay shu ishda davom etish — matonat.

Sharhlovchi "mediyniy persona". U bu yo‘lga kirayotganda nimalarga duch kelishi mumkinligini oz bo‘lsada biladi, tushunadi. Kirib bo‘lgach, his qiladi.
*
"Navbahor" zo‘r o‘ynadi. Nomdor raqibidan umuman cho‘chimadi. O‘yinning dastlabki dekadasi namanganliklar ustunligi ostida o‘tdi. "Paxtakor" "Navbahor"dan shunday qarshilikni kutgandir, ammo bunday o‘yinga va qarshilikning bu darajasiga amalda tayyor emas ekan. To‘g‘ri, keyinchalik ilk taymning yarmidan boshlab o‘ziga keldi va o‘yinda ustunlikka erisha boshladi. Biroq yashin tezligidagi qarshi hujumlarning birida gol o‘tkazib yubordi. Taymni mag‘lub holda tark etdi.

Umuman, har ikki taym uchun, o‘yin uchun jamoalarga tashakkur aytish lozim. Qiyin o‘yin o‘tkazishdi.
*
Hakam barcha kartochkalarni haqli berdi, deb hisoblayman. Barcha ko‘rsatilgan kartochkalarda o‘sha kartochkalarga loyiq follar sodir etildi. "Navbahor" futbolchisi Isoqjonov bor aybni o‘z zimmasiga olishi kerak. Raqibga qarshi bir xil qo‘pollik ishlatdi, har ikki qoida buzilishi bir xil - ikkalasi sariqqa loyiq. Gap yo‘q. Krimes ishlatgan qo‘polliklar ham xuddi shunday. Ikkala futbolchi o‘yindan haqli tarzda chetlatildi. Tantashevga bu borada shaxsan o‘zimning e’tirozim yo‘q.
*
Hakamga e’tirozim boshqa jihatga: bu o‘yinga uni kim tayinladi? Ravshan Ermatovmi yo boshqa? O‘yinni o‘qish, o‘yin ichida bo‘lish, futbolchilar va muhitni his qilish borasida hakamga leksiya o‘qishdan yiroqman, uning o‘zi yaxshiroq bilsa kerak. Lekin bilgan narsasini amalda qo‘llay olmadi — o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardi, o‘yin kayfiyatini tushunmadi. Oqibatda dahanaki janglar, provokasiyalar va simulyasiyalar ko‘paydi. Ayrim futbolchilar fol bo‘lmagan joyda ham bor ovozi bilan baqirib, o‘layotgandek dumalab, "publika"ga o‘ynashi tobora avj oldi. Haddidan oshgan to‘pteparlar bilan qattiqqo‘l turib gaplasha olmadi, yumshoqlik va uquvsizlik qildi haqam, oqibatda futbol kam, kurash va to‘polon ko‘p bo‘lgan o‘yin guvohi bo‘ldik.
*
O‘yinga tayinlov bo‘lganidayoq xursand bo‘ldim.
Markaziy o‘yin.
Katta afisha.
Mavsumning ilk o‘yini.
Barchaning e’tibori.
Katta bosim.
Namanganlik muxlislar. Hammasini bilgan holda, ongli ravishda bu tayinlovdan xursand bo‘ldim. Chunki shunday o‘yinlarda toblanadi sharhlovchi. Ha, uning ishidan mag‘lub tomon rozi bo‘lmaydi, albatta. Namanganlik muxlislar o‘tgan yilgi sharhimdan qanchalar xursand bo‘lgan bo‘lishsa, bunisidan shunchalik xafa bo‘lgandirlar balki. Gap menda yo anavi boshqa sharhlovchida emas, futbolda, futbolchilarda, natijada bo‘ladi bunday paytlarda. Nachora, bila turib bosh suqqanmiz bu arining uyasiga. Chidaymiz!
*
Stadiondan kuzatganlarga tasanno. Ikkala jamoa muxlislariga ham. Namangandan kelgan chamasi 5 ming muxlis supermuhit yaratdilar. Vuvuzelani qaylardan topib keldinglar-e?:)

"Paxtakor" muxlislari ham basma bas muxlislik qilishdi. O‘zidan zo‘rrog‘i kelsa uning darajasiga yetishga harakat qiladi-ku odam, shunaqa bo‘ldi.

"Navbahor" o‘z muxlislaridan rozi bo‘lishi lozim! Doim aytamiz — bu muxlislar ko‘prog‘iga loyiq. "Navbahor" bu yil o‘tgan mavsumdagidan ko‘prog‘ini ko‘rsatishi kerak!

Namanganlik muxlislar uylariga omonlikda yetib olishlariga tilakdoshman. O‘tgan yilgi mudhish hodisa yodimizda. Ehtiyot bo‘linglar. Oq yo‘l!

"Paxtakor" muxlislari, sizlarga tabrik!
*
Bu boshlanishi. Butun mavsum oldinda. Shu shashti so‘nmasin jamoalarning. Yozning issig‘ida lanjlanib, kuzda yana eski toz, eski hammom bo‘lib, o‘yinlar sotishga o‘tib ketishmasa, chempionat yaxshi o‘tadi.
***
O‘zimga va hamkasblarimga ham omad!
Darvoqe, hamkasblarim baxtli odamlar. Chunki ular ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bilan muloqotda bo‘lishmaydi. Ular Tvitter, Feysbuk, Instagram, Telegramda faol emaslar. Shuning uchun muxlislar ularga ta’na toshlarini yog‘dirishmaydi, yog‘dirishgan taqdirda ham ular bularni eshitishmaydi. Men esa, afsuski, "mediynaya persona". Eshitamiz.

Sog‘ bo‘ling!

Bobur Akmalov.

Manba: https://t.me/boburachannel
Kiritildi: 22:38, 27.02.2020.
O'qildi: 4380 marta.
Fikrlar: 24 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.