Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Jamshid Botirov: «Buxoro» tarkibini mahalliy yoshlar hisobiga shakllantirmoqchimiz»

Jamshid Botirov: «Buxoro» tarkibini mahalliy yoshlar hisobiga shakllantirmoqchimiz»

Baho:
+ | -

Superliganing yangi mavsumi starti «Buxoro» uchun omadsiz kelmoqda. Jamoa hozircha turnir jadvalining so‘nggi o‘rinlarida bormoqda. Yaqinda klub matbuot xizmati «Buxoro» bosh direktori Jamshid Botirov bilan suhbat uyushtirdi. Quyida mazkur intervyu bilan tanishishingiz mumkin.

- Jamshid Mehmonovich, klub rahbari etib tayinlanishingiz qanday amalga oshdi?

- Avvalambor, barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Futbol klubi rahbarligiga kelishimga viloyat hokimligidagi futbolga mas’ul insonlarning taklifi sabab bo‘ldi. Ular viloyatimiz bosh jamoasini tubdan yangilash, mahalliy yoshlarga ko‘proq imkoniyat berish kerakligi, meni yoshlar bilan ishlash hadisini olgan mutaxassis sifatida bilishlarini aytib, ushbu lavozimga aynan meni tavsiya qilishdi. Albatta, viloyat futboliga befarq emasligim, qolaversa, klub tizimidagi «Buxoro» futbol maktabi rahbari va murabbiyi sifatida bir qancha tarbiya­lanuvchilarimizni viloyatimiz bosh jamoasi, o‘rinbosarlar tarkibiga yetkazib berganligimiz inobatga olindi. Jamoa tarkibini deyarli to‘liq bilaman. Bundan tashqari, rahbarlar tashabbusi bilan «Buxoro»ni yaqin kelajakda to‘liq o‘zimizning yosh tarbiyalanuvchilarimiz hisobiga shakllantirish rejasi menga ma’qul kelganligi sabab ushbu lavozimda ishlashga rozilik berdim.

- O‘z vaqtida futbolchi va murabbiy sifatida faoliyat olib borgansiz. Shu haqda ham gapirsangiz.

- Albatta, katta futboldagi qadamlarimni O‘zbekiston 1-ligasida ishtirok etgan Buxoroning «Lokomotiv» va «Sitora» jamoalarida boshlaganman. Murabbiylik faoliya­timni esa mamlakatimizning mashhur, birinchilardan bo‘lib tashkil etilgan «Mash’al» klubiga qarashli futbol akademiyasida boshlaganman. 2011 yili Buxoro viloyati hokimining taklifiga binoan, «Buxoro» klubiga qarashli futbol maktabiga rahbar etib tayinlanganman.

- «Buxoro» jamoasi oldiga rahbariyat tomonidan qanday vazifa qo‘yilgan?

- «Buxoro» - O‘zbekistonda o‘z nomi va obro‘siga ega klub. Albatta, hozir tarkibimiz 70 foizga yangilanganligini inobatga olgan holda, zimmamizga Superligada munosib qatnashish, shuningdek, kelajakda mamlakat chempionatida raqobatbardosh jamoa shakl­lantirish vazifasi yuklatilgan. Ayni paytdagi moliyaviy imkoniyatimizni inobatga olgan holda, tarkibimizga 4 nafar legioner, mamlakatimizning turli jamoalarida faoliyat yuritgan 8 nafar o‘zbekistonlik futbolchilar jalb etildi. Bundan tash­qari, ixtiyorimizda 14 nafar mahalliy yoshlar bor. U-18 va U-21 jamoalarimizda Buxoro futbol maktabi tarbiyalanuvchilari to‘p surishmoqda.

- «Buxoro»ni oldinda nimalar kutmoqda? Reja va maqsadlar xususida ma’lumot bersangiz.

- Kelajakda jamoa tarkibida to‘liq buxorolik yoshlar ishtirokini ta’minlash va turli yoshdagi termalarimizga mahalliy iqtidorli yoshlarni yetkazib berishni maqsad qilganmiz.

- Futbol birinchi navbatda muxlislar uchun o‘ynaladi. Jamoa ish­qibozlariga nima degan bo‘lardingiz?

- Albatta, futbolni muxlislarsiz tasavvur qilish qiyin. Shunday ekan, biz o‘z ishqibozlarimizni qadrlaymiz, hurmat qilamiz. Hozir ularni salbiy natijalarimiz bilan biroz ranjitib qo‘ymoqdamiz. Qolaversa, muxlislarimizga biroz noqulayliklar keltirib chiqaryapmiz, sababi, jamoaning uy uchrashuvlari o‘tkaziladigan markaziy stadionda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli, ayrim uy uchrashuvlarini Muborakdagi Bahrom Vafoyev nomidagi arenada o‘tkazishga majburmiz. Buni «Buxoro» uchun uy uchrashuvlari deb bo‘lmaydi, neytral maydonda o‘ynaganimiz sababli, o‘zimizni safarda o‘ynayotgandek his qilamiz. Mavjud noqulayliklar va salbiy natijalar uchun muxlislardan uzr so‘rayman. Umid qilamizki, yaqin vaqtlar ichida vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartiramiz. Ishqibozlarimizga bosh­qa shaharda o‘tadigan o‘yinlarga borib-kelishlari uchun imkon darajasida sharoit yaratib beramiz. Albatta, biz muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlariga muhtojmiz. Chunki, ko‘rib turganingizdek, qur’a bizga ketma-ket safar o‘yinlari va kuchli raqiblarni ro‘para qilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda maksimal natijalarga erishishga harakat qilamiz va muxlislarimizni xushnud etamiz, degan umiddaman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:30, 23.03.2020.
O'qildi: 2614 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.