Sportchilarimiz orasida o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonovni alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Abdurahmonov faoliyati davomida Olimpiya o‘yinlaridan boshqa barcha musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan: jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari hamda chempionati va boshqalar. Kurashchimiz Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida ham shohsupaga ancha yaqin kelgan, biroq bronza medali uchun kurash bosqichida imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Ayni paytda Abdurahmonov Riodagi armonining Tokioda ushalishi yo‘lida mehnat qilmoqda. Quyidagi intervyuda kurashchimiz va uning murabbiyi Aleksandr Nedorezovning rejalari haqida so‘z boradi:
– Reglament bo‘yicha, ayni paytda Tokio Olimpiadasi uchun yo‘llanma beruvchi musobaqada kurashayotgan bo‘lishingiz kerak edi. Biroq koronavirus sabab bu jarayon ortga surilib ketdi. Bu Siz ko‘zlayotgan rejaga ta’sir o‘tkazmaydimi?
– Albatta, ta’sir qiladi. Nega desangiz, sal kam bir yildan beri mart oyining oxiriga sport formamizni yaxshilash uchun tayyorlanib borayotgan edik. Nima ham qilar edik, sharoit shuni taqozo qildi va kelgusi taqvim e’lon qilingach barchasini yana noldan boshlaymiz. O‘zi hali sport formamiz eng yuqori darajasiga chiqmagan edi 1 oy oldin AQSHdan keldim va shunga qarab sekin-asta tayyorlanib borishni mo‘ljal qilgan edik. Bu ham maqsad yo‘lidagi o‘nqir-cho‘nqirlardan biri. Musobaqaning bekor bo‘lganini ancha avval ma’lum qilishgani esa yaxshi bo‘ldi. Endi murabbiyim Aleksandr Ivanovich bilan kelgusi turnirga tayyorlanamiz.
– Sport kurashlarida lisenziya olish mumkin bo‘lgan musobaqa jahon chempionati hisoblanadi. Nur-Sultanda Sizga nima halaqit bergan: qur’aning noqulay kelganimi yo tayyorgarlikning ko‘ngildagidek bo‘lmaganimi?
– To‘g‘risi, aniq narsani ayta olmayman. Qur’a desam, bahona bo‘lib qoladi. Lekin unda gap ko‘p. Nimagadir Qozog‘istonda aksariyat kuchlilar bir tomonga yig‘ildi va ular orasiga men ham tushib qoldim. Aytishadi-ku, hakamlarga imkon qoldirmaslik kerak deb. O‘zimdan ham qayerdadir qandaydir kamchilik o‘tgandirki, shunday bo‘ldi.
– Aleksandr Ivanovich, bu borada Siz nima deysiz?
– Musobaqada psixologik va taktik jihatdan qandaydir yetishmovchilik bo‘lgan deb hisoblayman. Hozir aynan shu tomonlar ustida ish olib bormoqdamiz. Jahon chempionatida Bekzod tushgan guruhda Olimpiada chempioni ham, jahon chempioni ham, Osiyo chempioni ham o‘rin olgan edi. Bu raqiblar kim bo‘lishidan qat’iy nazar ta’sir o‘tkazmasligi kerak. Jismoniy tayyorgarlik zo‘r bo‘lgani bilan psixologik jihatdan yetishmovchilik bo‘lsa, maqsadga yeta olmaysiz.
– Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonida har bir federasiyaga psixolog biriktirilgan. Sizlar bilan psixolog ishlayaptimi?
– Bilasizmi, agar sport psixologi sportchi bo‘lmasa, uning atletlar bilan ishlashidan foyda yo‘q. Bizda avvaldan o‘zimizning psixolog bor. Kerak bo‘lgan paytlari uning yordamiga ehtiyoj sezamiz va u ham bizga ko‘maklashadi.
– Kelayotgan Olimpiadaning Osiyoda o‘tishi mintaqamiz uchun bo‘ladigan kvalifikasion turnirda foyda beradimi? Ya’ni, yapon kurashchilari ham o‘ziga yarasha kuchli.
– Erkin kurashda unday emas. Qoidaga ko‘ra Olimpiada mezboni ham saralashda ishtirok etadi. Mening vaznimda jahon chempionatidan yaponiyalik kurashchi lisenziya oldi. Aslida u yaponiyalik kurashchi jahon yetakchilari darajasida ham emas. Biroq o‘shanda qandaydir omadi kelib qoldi. JCHda qit’amizdan qozog‘istonlik va yaponiyalik kurashchi yo‘llanma oldi xolos. Baribir Eron, Qirg‘iziston, Koreya va 2 karra Olimpiada sovrindori bo‘lgan hindistonlik kurashchi qolib ketdi. Qisqa qilib aytganda, men qatnashadigan (-74 kg) vazn toifasida Osiyoda hali hech narsa hal bo‘lmagan.
– Olimpiadadan Olimpiadaga ba’zi sportchilar vazn o‘zgartiradi. Masalan, Rioda Ixtiyor Navro‘zov -65 kg vaznda kurashgan Franklin Gomes (Puerto-Riko) endi sizga raqiblik qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqda Sizlarni kuzatib boramiz va u sizning yaqin do‘stingiz ekaniga guvoh bo‘ldik. Shunday paytda Sizlarning raqib bo‘lishingiz qanday natija beradi?
– U bilan AQSHda hatto bitta uyda turamiz, birga shug‘ullanamiz. Bizning raqib bo‘lishimiz faqat ziyonga ishlaydi. Jahon chempionatining birinchi davrasidayoq qur’a ikkalamizni ro‘baro‘ qilib qo‘ydi. Endi qarang, har kuni birga shug‘ullanadigan ikki do‘st qanday qilib bir-birining yo‘lini to‘sadi? Qozog‘istonda men uni mag‘lub etdim, lekin yakunda ikkalamizda ham natija bo‘lmadi. Bu sportchi uchun juda qiyin. Yaqinda Pan-Amerika mintaqasi uchun o‘tgan lisenzion turnirda Gomes Tokioga yo‘llanma oldi va uning uchun xursandman. Endi navbat menga.
– Endi AQSHdagi faoliyatingizga ham to‘xtalib o‘tsak. Rio-2016 arafasi “Garvard” universitetining rasmiy sayti Olimpiada qatnashadigan sportchilariga omad tilab maxsus maqola tayyorlagan va ular orasida Siz ham bor edingiz. Hozir ham ishlayapsizmi?
– Yo‘q, hozir “Garvard”dan ketganman. Hozir faqat akam ishlayapti. “Garvard”da jamoa bilan ishlar edim. Ular bilan har musobaqalarga borishingiz, universitet kurashchilarini turli turnirlarga tayyorlashingiz kerak bo‘lardi. Natijada o‘zingiz uchun yetarli vaqt ajrata olmaysiz. Shu bois boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘ldim. Hozir Pensilvaniya shtatida sport kurashlari bo‘yicha AQSH terma jamoasining asosiy vakillari shug‘ullanadigan joyda mashg‘ulot olib boryapman. U yerdan Kayl Snayder, Jordan Barrouz va boshqa mashhur kurashchilar yetishib chiqqan. Ular hozir ham o‘sha bazada Olimpiadaga tayyorlanishmoqda. Bunday darajadagi kurashchilar bilan mashq qilar ekansiz, o‘zingizga juda ko‘p narsa tajriba olasiz.
– Sizning vazningizda asosiy raqiblardan biri, London Olimpiadasi chempioni Jordan Barrouz bilan sparringda ko‘p kurashgansizlar. Ammo hozir Barrouzning davri o‘tmoqda, degan fikrga qanday qaraysiz?
– Ha, vaqt baribir o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Ilgari uni ushlab bo‘lmasdi. Shu qadar tez harakatlanar ediki, tutqich bermasdi. Hozir yoshi o‘tib, ancha sekinlashib qoldi. Ba’zi musobaqalarda yutqazib qo‘yishi unga qo‘shimcha psixologik bosim beryapti. Menimcha, Tokiodan keyin katta sportdan ketsa kerak. O‘zi uning kurashi juda vahimali emas. Tezligi evaziga qochadi va ortdan ikki oyoqqa hujum qilib ball ishlaydi. Lekin shu usulni yuqori darajada ijro qiladi.
– Aleksandr Ivanovich, Tokio Olimpiadasi uchun to‘liq tarkibda lisenziya qo‘lga kirita olamizmi? Buning uchun murabbiylarga qanday sharoitlar kerak?
– Albatta, qo‘lga kirita olamiz. Buning uchun to‘g‘ri reja ishlab chiqib, u asosda tizimli ishlashimiz kerak. Ana shunda ko‘zlangan maqsadga yetamiz. Hozirgi sharoitni kurashchilarimiz uchun jannat desak ham bo‘ladi. Bizning davrda bu darajada e’tibor yo‘q edi. Jamoa xorijiy yig‘inlar, zamonaviy metod va kerakli vitaminizasiyalar bilan ta’minlangan. Agar bizning davrda ham shunday sharoit bo‘lganida, men kim bo‘lib ketar edim-u! Albatta, buning uchun hukumatimiz va sportimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib qolaman.