Futbolsiz o‘tgan ikki oydan so‘ng Germaniya Bundesligasi Yevropa top-5 ligalari orasida birinchi bo‘lib mavsumni qayta boshlaydi.
16 may, shanba kunidan chempionatning 26-turiga start beriladi. Uchrashuvlarning barchasi tomoshabinlarsiz o‘tadi. Futbolchilar, murabbiylar, xodimlar va hakamlar qat’iy qoidalarga rioya qilishga majbur bo‘ladi.
Futbolsiz o‘tgan ikki oydan so‘ng Germaniya Bundesligasi Yevropa top-5 ligalari orasida birinchi bo‘lib mavsumni qayta boshlaydi.
Rur derbisi turning markaziy o‘yini sifatida e’tirof etilmoqda. Jamoalarning musobaqa jadvalidagi o‘rniga qaramasdan, mazkur derbi o‘zining keskinligi va kurashlarga boyligi bilan ajralib turadi.
«Borussiya» Bundesliga ikkinchi davrasidagi sakkiz o‘yinning yettitasida g‘alabaga erishdi. «Shalk-04» esa ligada ketma-ket yetti o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda — uch durang, to‘rt mag‘lubiyat. Dortmundliklar «Shalke-04»ga qarshi so‘nggi 29 uy uchrashuvining faqatgina bittasida mag‘lub bo‘lgan, o‘tgan mavsum gelzenkirxenliklar «Signal Iduna Park»da 4:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgandi. «Shalke-04» 2020 yilni qoniqarli boshlay olmadi, jamoa joriy yilda umumiy miqdorda 4 ta gol urishga erishgan. Solishtirish uchun 2020 yilda «Borussiya» hujumchilari Erling Holand 9 ta va Jeydon Sancho 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
«Leypsig» — «Frayburg»
«Buqalar» ikkinchi davrani ko‘ngildagidek o‘tkaza olmayapti. Jamoa Bundeligadagi so‘nggi olti o‘yinning faqat ikkitasida g‘alaba qozondi, qolgan to‘rttasida esa durang natija qayd etildi. Birinchi davrada sermahsullik ko‘rsatgan Timo Verner ham so‘nggi o‘yinlarda muntazam gol urmay qo‘ygandi. «Frayburg» esa 25-turdan so‘ng 36 ochko to‘plagan holda so‘nggi yetti yil ichidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Shuningdek, jamoa standart vaziyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha yaxshi statistikaga ega. Bundesligadagi so‘nggi 14 golning o‘ntasi standart vaziyatdan so‘ng kiritilgan.
«Ayntraxt» — «Borussiya M»
O‘tgan mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan «Ayntraxt»ning joriy mavsumda omadi yurishmayapti. Myunxengladbaxliklar esa aksincha chempionlik uchun kurash olib bormoqda, jamoani peshqadamdan olti ochko, ikkinchi o‘rindan esa ikki ochko ajratib turibdi. O‘tgan mavsumda jamoalar bir ochko farq bilan musobaqa jadvalidan o‘rin olgandi, hozirda ochkolar orasidagi farq 21 taga yetgan.
«Borussiya M» safardagi so‘nggi uchta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi. Shuningdek, jamoa ketma-ket uchta o‘yindan buyon Bundesliga doirasida frankfurtliklarga yutqazmay kelmoqda. O‘z navbatida gladbaxliklar «Ayntraxt» uchun qulay raqib hisoblandi. Jamoa Bundesligada jami 34 bor «Borussiya M»ni taslim etgan, «burgutlar» faqatgina «Verder»ni bundan ko‘p mag‘lubiyatga uchratgan (35 marta).
«Union» — «Bavariya»
Musobaqa peshqadami «Bavariya» Berlinga safar qiladi va liga debyutanti bilan kuch sinashadi. Myunxenliklar Bundesliganing so‘nggi 11 turidan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda, mazkur seriyada jamoa faqatgina bir bor durang o‘ynadi. Biroq «Bavariya»da poytaxt klublari bilan bog‘liq noxush an’ana bor: jamoa Bundesliga tarixidagi safar o‘yinlarida faqatgina uchta klubni taslim eta olmagan, ularning ikkitasi Berlin jamoalari hisoblanadi.
Bundesliga, 26-tur bahslari
16 may, shanba
«Borussiya D» — «Shalke-04» 18:30
«Leypsig» — «Frayburg» 18:30
«Hoffenhaym» — «Herta» 18:30
«Fortuna» — «Paderborn» 18:30
«Augsburg» — «Volfsburg» 18:30
«Ayntraxt» — «Borussiya M» 21:30
17 may, yakshanba
«Kyoln» — «Mayns» 18:30
«Union» — «Bavariya» 21:00
18 may, dushanba
«Verder» — «Bayer» 23:30