Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Bobur Farhodov: «Buxoro»ga vaqt kerak, bizga ham»

Bobur Farhodov: «Buxoro»ga vaqt kerak, bizga ham»

Baho:
+ | -

Avvalgi mavsum kuchlilar safida qolish vazifasini bajarishiga to‘g‘ri kelgan va buning uddasidan zo‘rg‘a chiqqan «Buxoro» qishki transferlar vaqti tarkibini imkon qadar kuchaytirishga harakat qildi. Asosiy maqsad - raqobatbardosh jamoa shakllantirish asnosida yuqori o‘rinlar uchun kurashish, muxlislarni quvontirish, albatta. Binobarin, qadim Buxoro jamoasi o‘ziga yarasha tarixga ega va unga quyi o‘rinlarda yurish yarashmaydi. Xullas, klub rahbariyati mavsumlar oralig‘ida avvalgi xatolarni takrorlamaslik va muxlislarni stadionga qaytarish ilinjida sezilarli ishlarni olib bordi. Xususan, jamoaning taraqqiyot yo‘nalishi belgilab olindi. Lekin yangi futbolchilar va legionerlarni o‘zaro tushunib o‘ynab ketishlari uchun ma’lum vaqt talab etiladi. «Buxoro»ning Superliga-2020 startidagi natijasini shu bilan izohlash mumkin. Ehtimolki, koronavirus pandemiyasi ortidan vujudga kelgan tanaffus Muhsin Muhammadiyev boshqaruvidagi jamoaga ayni muddao bo‘lar... Jumladan, yangi mavsum starti arafasida «Bunyodkor»dan «Buxoro» safiga qo‘shilgan Bobur Farhodov ham shu fikrda. «Qaldirg‘ochlar» ustozi Vadim Abramov yosh futbolchi ko‘proq amaliyotga ega bo‘lishini xohlab, «Buxoro»ning ijara shartnomasiga rozilik bergan bo‘lsa, ajabmas. Aslida o‘tgan mavsum asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilish bilan cheklangan Farhodning «Bunyodkor»da qolishi kutilgan edi. U hattoki, OCHL saralash bosqichida «Al-Zavra»ga qarshi kechgan bahsda raqib darvozasini nishonga oldi ham. Biroq tarkibdagi kuchli raqobat tufayli oxir-oqibat, Buxoro safiga yo‘l oldi. Ajabmas, ijara ko‘rinishidagi xizmat safari yosh futbolchi uchun burilish nuqtasiga aylansa...

- Farhod, endi-endi ko‘zga tashlana boshlagan yosh iqtidorlardan biri sanalasiz. Keling, avvaliga futbol bilan qanday oshno tutinganingiz, ilk qadamlaringiz haqida gapirib bersangiz. Xususan, «Bunyodkor»ga kelishingiz qay tariqa ro‘y bergan?

- Yoshligimdan hamma qatori ko‘chada to‘p ortidan yugurib, ulg‘aydim. Lekin professional futbolga nisbatan kech qadam tashladim. Aniqrog‘i, 18 yoshda Toshkentning «Lokomotiv» klubi yoshlar jamoasi ko‘rigida qatnashdim. Shu tariqa yosh «temiryo‘lchilar» safida yarim yilcha to‘p surgach, birinchi liga jamoasi safiga qo‘shildim. Umuman olganda, ikkinchi darajali ligamizda 3 yil o‘ynadim. 2019 yili esa «Bunyodkor»ga chaqirishdi va ko‘rikdan o‘tgach, jamoaning to‘laqonli a’zosiga aylandim.

- O‘tgan mavsumning o‘zida ko‘plab uchrashuvlarda zaxiradan maydonga tushib, jamoangiz o‘yinini biroz kuchaytirdingiz. Shunga yarasha, sekin-asta asosiy tarkibga kira boshladingiz. Xo‘sh, elitadagi debyut mavsumdan qanday taassurot qoldi? Katta futbolga biroz kech qolganingiz sezilmadimi?

- Hammasining o‘z vaqti bor. «Bun­yodkor» safiga qo‘shilgach, Vadim Abramovdan ko‘p narsa o‘rgandim. Demak, debyut mavsumdan ijobiy taassurot oldim. O‘ylaymanki, hali kech emas, barchasi oldinda. 

- Vadim Abramovning aynan qaysi xususiyati ma’qul tushdi?

- Vadim Karlenovich hazilkash inson, lekin o‘z o‘rnida juda qattiqqo‘l. Eng ma’qul tushgan xususiyatiga kelsak, sizda qandaydir savol tug‘ilsayu, unga murojaat qilsangiz, muloqot uchun hamisha ochiq. Ya’ni yordamini ayamaydi, ayniqsa, yoshlardan.

- Umuman, Superligadagi ilk mavsumda ko‘rsatgan o‘yiningizni qanday baholaysiz? Har holda, asosiy tarkibga intildingiz, gollar urdingiz, yakunda bronza medali oldingiz.

- Tabiiyki, har bir futbolchi maydonda ko‘proq bo‘lish, asosiy tarkibdan joy olishni istaydi. Jumladan, men ham yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlayman. Birinchi yili ko‘plab uchrashuvlarda ishtirok etmadim, ammo o‘ziga xos maktab bo‘ldi, yangi-yangi qirralarni o‘zlashtirdim. Bu yil o‘z ustimda yanada jiddiyroq ishlab, «Buxoro»ning asosiy tarkibidan joy olaman, Xudo xohlasa. Bunga ishonchim katta.

- Qiziq, «Buxoro»ga o‘tishni o‘zingiz istadingizmi yoki kimdir shu qarorga keldi?

- 2020 yil shaxsan men uchun yaxshi boshlandi. Zero, faoliyatim davomida ilk marta xalqaro uchrashuvda qatnashdim, gol ham urdim. «Buxoro» taklifiga esa o‘z xohishim bilan rozilik bildirdim. Ha, Vadim Karlenovich ham bu jamoada yetarli amaliyot hosil qilish imkoniyatim baland ekanligini ta’kidladi va bir yil ijara shartnomasi asosida o‘ynashimga ruxsat berdi.

- «Bunyodkor»ning OCHL guruh bos­qichiga yo‘llanma olishiga nima yetishmadi?

- Menimcha, ozgina omad. Har holda, safarda «Al-Ayn»dek raqib bilan tengma-teng kurash olib bordik, faqat vaziyatlardan foydalanolmaslik...

- Yangi jamoa, yangi muhit, yangi murabbiylar shtabiga moslashishda qiynalmadingizmi?

- Yo‘q, to‘g‘ri, bu jarayon hali davom etadi. Jamoada meni iliq kutib olishdi. Bosh murabbiy Muhsin Muhammadiyevning ishga professional darajada yondashishi yaqqol sezilib turibdi. Futbolchilarni yaxshi tayyorlaydigan, ularga yetarli motivasiya bera oladigan mutaxassis. Chunonchi, vaqtida o‘zi ham yuqori saviya­da to‘p surgan.

- Biroq «Buxoro» Superliga startida qatorasiga 3ta o‘yinni boy berdi...

- Jamoa yangitdan tuzilganini e’tiborga olish kerak. Yangi futbolchilar ko‘p. Ularning o‘zaro tushunib o‘ynab ketishlariga biroz vaqt kerak. Umid qilamanki, majburiy tanaffusdan keyin muxlislarni chiroyli o‘yinlar va g‘alabalar bilan quvontirishni boshlab yuboramiz.

A.ISKANDAROV suhbatlashdi, "InterFUTBOL" gazetasi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 20.05.2020.
O'qildi: 1928 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.