Frederik Karlton «Karl» Lyuis bolalik paytida dastavval sport bilan emas, balki musiqa bilan shug‘ullangan. Kunlarning birida u hovliga chiqib, 29 fut va 2,5 dyuym (8 metr 90 santimetr) uzunlikni o‘lchab, marradagi yerga yopishqoq tasmani yopishtirib qo‘ydi. O‘sha paytda jahonning eng nomdor sportchilari ham bu masofaga sakray olmasdi. Ammo Karl shu masofani zabt etish uchun tinimsiz mashq qilishni boshlab yubordi.
Karlga uning ota-onasi sportchilar oilasi bo‘lganligi ham qo‘l keldi. Karlning otasi mahalliy universitetda yengil atletikachilar treneri bo‘lib ishlardi, onasi esa 1951 yilda Panamerika o‘yinlarida to‘siqlar osha yugurish musobaqalarida ishtirok etgan edi. To‘g‘ri, sport bilan shug‘ullanishga ota-onasi emas, balki shifokorlar tavsiya berishgan. Chunki o‘smir juda oriq bo‘lgan.
Hovlidagi mashqllardan keyin nima sodir bo‘lgani jahon sporti tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Karl Lyuis beshta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, 10 ta medalni qo‘lga kiritgan. U, shuningdek o‘n marta jahon chempionatlarida ishtirok etib, yengil atletikaning bir necha turlarida jahon rekordlarini o‘rnatgan. 17 yil davomida rasmiy musobaqalarda ishtirok etgan sportchi “Asr olimpiyachisi”, “Qirol Karl”, Yuz yillikning eng yaxshi sportchisi” va “Shamol o‘g‘loni” deb e’tirof etilgan.
Karl Lyuisning noyobligi shundan iboratki, u to‘rtta Olimpiadada yengil atletikaning 10 ta dasturida ishtirok etib, 9 ta oltin medalni va faqat bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan. Olimpiya o‘yinlarida Karl Lyuisni faqat bir marta – 1988 yilda Seulda 200 metrga yugurishda Olimpiada rekordini o‘rnatgan Jo Deloach orqada qoldira olgan. G‘olib bu masofada 19,75 soniya natijasini ko‘rsatgan bo‘lsa, kumush medal sohibi 19,79 soniyada marraga kelgan.
Amerikalik sportchi ketma-ket uch marta – 1982, 1983 va 1984 yillada jahonning eng yaxshi yengil atletikachisi deb e’lon qilingan. 1996 yilda u Avstriya shahzodasi sovrini laureati bo‘lgan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi amerikalik yengil atletikachini “Asr sportchisi” deb e’lon qilgan. Karl Lyuisning siymosi hatto Ozarbayjonning pochta markasida muhrlangan.
Bugungi kunda u Karl Lyuis hayriya jamg‘armasini tashkil etgan. Jamg‘arma mablag‘lari ham yoshlar, ham katta yoshdagilarni yengil atletika bilan shug‘ullanishga yordam berishga va bu bilan o‘z salomatliklarini mustahkamlash, imkoniyatlarini kengaytirishga sarflanmoqda.