Bir necha oy karantin tufayli davom etgan tanaffusdan keyin mashg‘ulotlarga qaytgan «Qo‘qon-1912» a’zolari bugun o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishdi. Baxtiyor Ashurmatov shogirdlarining bugungi raqibi Namanganning “Navbahor” klubi bo‘ldi.
Qo‘qondagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tgan uchrashuv kutilganidek shiddatli tarzda boshlandi. Ilk daqiqalardan oldinga intilgan vakillarimiz dastlabki hujumdayoq raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatni vujudga keltirishdi. Avvaliga Yakuba Bamba yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadi. 14-daqiqada vakillarimiz tezkor qarshi hujumga o‘tib ketishgan edi. So‘nggi pallada Norbekovning uzatmasi Ro‘ziyevgacha yetib bormadi.
Ketma-ket hujumlarimiz samarasiz yakunlangach, 25-daqiqada sen urmasang, senga urishadi degan naqlga mos ravishda mehmonlar hisobni ochishdi. Abbos G‘ulomov jarima maydonimiz ichiga kirib, aniq zarbasi bilan darvozamizni ishg‘ol qildi. 30 –daqiqada Azim Ahmedov uzoq masofadan aqlli zarba yo‘lladi. Yaxshiyam zarba noaniq bo‘ldi. Oradan bir daqiqa o‘tib, Suhrob Berdiyevning zarbasi "o‘xshamadi". Birinchi bo‘limning qolgan daqiqalarida hisob o‘zgarishsiz qoldi.
Ikkinchi bo‘limni mezbonlar shiddatli tarzda boshlashdi. 47-daqiqada o‘ng qanotdan Avazxon Mamatxo‘jayev to‘pni Quvondiq Ro‘ziyevga aniq uzatdi. Quvondiqning aniq va kuchli zarbasini Yusupov qaytardi. Oradan bir daqiqa o‘tib, «Qo‘qon-1912» hisobni tenglashtirdi. Yakuba Bambani uzatmasidan so‘ng, Shohnazar Norbekov boshi bilan O‘tkir Yusupov darvozasini ishg‘ol qildi.
50-daqiqada maydon egalari yana bir xavfli vaziyatni vujudga keltirishdi. Norbekov-Bamba-Berdiyev ijrosida super kombinasiyasidan keyin Berdiyevning zarbasi shundoqqina darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi. 70-daqiqada chiroyli hujum bo‘lgan edi. Norbekovning uzatmasini raqib himoyachisi qaytarib qoldi, aks holda Rayevas darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqishi mumkin edi.
Ketma-ket tashkil etgan «Qo‘qon-1912» futbolchilari 78- daqiqada hisobda oldinga chiqib olishdi. Gol muallifi Avaz Mamatxo‘jayev bo‘ldi. 83-daqiqada yana bir yaxshi imkoniyat yo‘qqa chiqdi. Avazxon Mamatxo‘jayev chiroyli xarakatlari bilan raqib himoyachini aldab o‘tib zarba yo‘lladi. Biroz noaniq chiqdi. Ikkinchi bo‘limda to‘liq tashabbusga ega bo‘lgan «Qo‘qon-1912» “Vodiy derbisi”da g‘alaba qozondi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
“Qo‘qon-1912” – “Navbahor” – 2:1 (0:1)
Hakamlar: Doston Mirzarayimov, Shohruh A’zamov, Sanjar Rahmonov, Shohboz Vaxobjonov.
Nazoratchi: Sulton Zaylobiddinov.
Gollar: Shohnazar Norbekov (48), Avaz Mamatxo‘jayev (78). - Abbos G‘ulomov (25).
"Qo‘qon-1912": 21. Muzaffar Abdullayev, 3. Bobur Akbarov, 7. Shohnazar Norbekov, 9. Suhrob Berdiyev, 10. Quvondiq Ro‘ziyev, 15. Oybek Rustamov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 33. Ivan Yosovich, 13. Sardor Azimov, 70. Murod Xolmuhammedov, 91. Yakuba Bamba.
Zaxira: 1. Botirali Ergashev, 12. Muhammadali Sobirov, 4. Sobir Sindarov, 5. Jasur Yoqubov, 8. Suhrob Nurulloyev, 11. Otabek Haydarov, 14. Avazxon Mamatxo‘jayev, 19. Xamidillo Abduhamidov, 20. Iqbol Malikjonov, 44. Shodiyor Hojimatov, 22. Muhammadanas Hasanov, 99. Bek Abdullayev, 69. Filip Rayevas.
“Navbahor”: 1. O‘tkir Yusupov, 7. Azimjon Ahmedov, 8. Ivan Solovyov, 10. Azizbek Turg‘unboyev, 11. Islom Isoqjonov, 15. Obid Jo‘raboyev, 19. Mirzohid G‘ofurov, 22. Igor Golban, 27. Islom Rashidxonov, 28. Xurshid Muxtorov, 70. Abbos G‘ulomov.
Zaxira: Tohir Shamshiddinov, Ruslan Volov, Shohruh Mahmudhojiyev, Amirbek Jo‘raboyev.