"Liverpul"ning joriy mavsumda Angliya chempioni bo‘lishi kutilgan voqea edi. Ammo bu holat mersisaydliklarning o‘yinidan keyin emas, "Siti"ning mag‘lubiyatidan keyin sodir bo‘lishi biroz kutilmagan holat bo‘ldi.
"Manchester Siti" bugun "Chelsi" klubi mehmoni bo‘lib, imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvning 36-daqiqasida maydon markazida Mendi va Gyundoganning qo‘pol xatosidan keyin Pulishich to‘pni egallab, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Kristianning zarbasini Ederson qaytara olmadi — 1:0.
Ikkinchi bo‘lim boshida Kevin de Bryuyne jarima zarbasini a’lo darajada ijro etib, "Chelsi" darvozasi "to‘qqizligi"ni aniq nishonga oldi. Oradan 2 daqiqa o‘tib Rahim Sterling yo‘llagan zarba natijasida to‘p ustunga tegib qaytdi!
Uchrashuvning 72-daqiqasida Pulishich ajoyib imkoniyatdan foydalana olmadi. U darvozabon bilan yuzma-yuz vaziyatda posbonni aldab o‘tdi va darvoza tomon sekin zarba berdi. Uoker to‘pni qaytarib qoldi.
Bahsning 76-daqiqasida esa Fernandinyo o‘z jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynab, maydondan chetlatildi. Villian 11 metrli jarima zarbasidan "Chelsi"ni oldinga olib chiqdi.
"Chelsi" ushbu g‘alaba tufayli o‘z ochkolarini 54taga yetkazdi va jamoa 3-o‘rindagi "Lester"dan endi atigi 1 ochko ortda qolmoqda. "Siti" esa, mavsum yakunlanishiga 7 tur qolganida, "Liverpul"dan 23 ochko ortda qolib ketdi.
Natijada "Liverpul" 30 yillik tanaffusdan keyin o‘z tarixidagi 19-chempionlikni qo‘lga kiritdi.
APL, 31-tur
Chelsi – Manchester Siti 2:1 (1:0, 1:1)
Gollar: 1:0 – 36 Pulishich, 1:1 – 55 de Bryuyne, 2:1 – 78, penalti Villian.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Alonso, Ryudiger, Kristensen, Kante, Barkli (Kovachich, 73), Pulishich (Gilmor, 90), Maunt (Pedro, 90), Villian, Jiru (Abraxam, 62).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Laport (Otamendi, 74), Mendi (Zinchenko, 59), Bernardu Silva (Gabriel Jezus, 55), Gyundogan, Sterling, Rodri Ernandes (Silva, 55), Marez, de Bryuyne, Fernandinyo.
Ogohlantirishlar: Alonso (38), de Bryuyne (76).
Chetlatish: Fernandinyo (77).