Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Mane: «Onamdan yegan tarsakilar ish berdi»

Mane: «Onamdan yegan tarsakilar ish berdi»

Baho:
+2 | -

«Liverpul»ning chempionligi uchun katta hissa qo‘shgan Sadio Manening sarguzashtlarga boy hayoti bilan o‘quvchilarini tanishtirib o‘tamiz. Tan olish lozim, sabr, bardosh va orzu sari intilishda Sadio bugungi kundagi yosh futbolchilarga chinakam o‘rnak bo‘lishi lozim. Keling,hammasi haqida navbati bilan...

«Men uydan qochib ketish uchun hamma narsani tayyorlab qo‘ydim. Afsuski, puldan boshqa hammasi hal etgan edim. Kerakli buyumlarni sumkaga joyladim va uyimiz oldidagi baland o‘tlar ichiga berkitib qo‘ydim. O‘sha kuni juda erta turdim. Tishlarimni yuvdim va do‘stimning uyiga ravona bo‘ldim. U menga yo‘l haqi uchun pul berib turishi lozim edi. Keyin 5 km piyoda yo‘l bosdim va Dakar sari jo‘nayotgan avtobusga o‘tirib orzum sari yo‘l oldim».

Oradan ikki oy o‘tib yosh Sadioning oilasi uni topdi va yana ortga – Bambali qishlog‘iga olib ketishdi. Bu ham yetmaganidek, unga «sen Bambali qishlog‘idan futbolchi chiqadi deb o‘ylaganmiding?» qabilidagi savolni ham berishdi. Achinarlisi shundaki, Sadioning oilasida hech kim futbol bilan qiziqmas, onasi uni ko‘chada to‘p tepayotganini ko‘rishi bilan uni quvib ketar edi. Bechora ona o‘z o‘g‘lining yaxshi o‘qituvchi bo‘lishini, ilm olib Dakarga yo‘l olishini orzu qilar edi. Uning nazlida to‘p tepish bilan hayotda hech narsaga erishib bo‘lmas edi. Shunga qaramay, Sadio futbol uchun darslardan qochar, har safar dadasi yoki onasidan kaltak yesada futboldan sira voz kecha olmas edi. E’tiborlisi shundaki, u o‘sha kaltaklarni kulib eslab turadi:«Bu mening tarbiyamning bir qismi. Aynan shu tarsakilar sababli bugungi kunimda ham yaratganga shukurlar aytaman».

Sadio shu qadar futbolni yaxshi ko‘rar edi-ki, hatto unga ayrim kunlari cho‘milib chiqishga ham vaqt yetmay qolar edi. Bechora bolakay doimo do‘stlariga: «qachon pul topsam, ana o‘shanda cho‘milishni boshlayman»,deb aytar, hech qachon mehnatdan qochmas edi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Sadio qishloq yaqinidagi guruch va yong‘oq ekilgan yerlarda yollanma dehqon sifatida ishlar, shu bilan birgalikda,futbol uchun ham vaqt ajratar edi. Tasavvur qiling! Ozg‘indan kelgan, past bo‘yli bolakay guruch dalasidan loy botib kelgancha charchab uyquga ketmoqda...

Uyidan qochib ketish orqali vaziyatni hal etib bo‘lmasligini anglagan Sadio boshqacha uslubni qo‘llashga tushib ketdi. Endi u barchani o‘zidan yaxshi futbolchi chiqishiga ishontirishni boshladi. Sadioning 6 oy davomida qilgan iltimoslari ota-onasini eritib yubordi. Bambali qishlog‘i aholisi Sadio uchun Dakar safariga yetarli pulni yig‘ib berdi. Uning amakasi jiyani bilan avtobusga o‘tirdi va Senegal poytaxti sari yo‘l oldi.
«U yerda 200-300 chog‘li bolalar bo‘lib, barchasi ko‘rikdan o‘tish maqsadida tashrif buyurgan ekan. Men uchun barchasi juda yomon boshlandi. Barcha ustimdan kulishni boshladi. Sababi, egnimda o‘zimga kattaroq bo‘lgan ishton, yonlari yirtilib ketgan eski butsa va rangi uniqqan eski futbolka bor edi. Meni ko‘rgan «barcha shundan futbolchi chiqadimi» degan qiyofada boqar, biroq buni yengib o‘tdim. Maydonda yangi butsa kiyib kelgan bolalardan yaxshiroq chopdim va hammasini amalda ko‘rsatdim. Ularga yoqdim va meni tanlab olishdi. Aynan o‘sha kundan boshlab mening sarguzashtlarim boshlandi desam, adashmagan bo‘laman».
Akademiyadagi Sadioning birinchiustozi Madi Ture o‘sha kun haqida quyidagicha xotrilaydi: «Sadio juda e’tiborli va mushohadali bolakay edi. U tengdoshlaridan tezroq o‘rgana boshladi».

Akademiya Fransiyaning «Mes» jamoasi bilan hamkorlik qilar, asosiy daromad aynan shu hamkorlikdan kelib tushar edi. Fransuz skautlari Manening maydonda ter to‘kishini ko‘rgan kuniyoq u bilan shartnoma imzolashdi va Farang yurtiga olib ketishdi. Qahramonimiz tezroq asosiy tarkibga kirish maqsadida ilk uchrashuvini kuchli og‘riq bilan o‘tkazdi. 2011-yilda bo‘lib o‘tgan uchrashvdan so‘ng, qahramonimiz hatto kasalxonaga tushib ham qoldi, biroq o‘zi istagan maqsadga erishdi. U o‘sha uchrashuvdan boshlab faqat «Mes»ning asosiy tarkibida o‘ynadi.

Oradan bir yil o‘tin Maneni Senegel olimpiya terma jamoasiga chaqirishdi. 2012-yildagi Olimpiadada qahramonimiz o‘zini juda yaxshi namoyish etdi. Musobaqadan so‘ng u bilan «Marsel» va «Bordo»singari grandlar qiziqqan bo‘lsa-da, futbolchining agenti uni Avstriyaga majburlab olib ketdi. Sadio aslida hech qayerga ketmoqchi emas edi, biroq «Red Bulls» allaqachon uning transferi uchun 4 million yevro to‘lab qo‘ygan va Manedan ketishdan boshqa chora yo‘q edi.

«Klub prezidentixonasidan chiqar ekanman, negadir ko‘zlarimga yosh keldi. «Mes» men uchun allaqachon o‘z uyimdek qadrdon bo‘lib qolgani bois, ketishni sira istamaganman. Shunday bo‘lsada, Avstriyada meni o‘z jamoasida ko‘rishni istagan murabbiy qarshi oldi. Rojer Shmid mening futbolchi sifatida o‘sishimda katta yordam berdi. Aynan u futbolda eng muhimi taktika ekanligini, pozisiya tanlashni va o‘z imkoniyatlarimdan unumli foydalanish yo‘llaridan menga saboq berdi. Eng muhimi shundaki, u menga birinchi kundan boshlab ishonch bildirdi va bu ishonchni yo‘qotib qo‘ymaslikka tirishdim».

Shmidning o‘zi senegallik yigitchadan iliq xotirlar qolganini yashirib o‘tirmaydi: «Men ilk mashg‘ulot o‘tkazgan kunimdayoq unda top darajaga chiqish uchun barcha imkoniyat borligini anglaganman. Shunday bo‘lsada, taktik aspektlar borasida unda uquv yo‘qligi sababli tezda natija qayd etishning iloji bo‘lmadi. E’tiborlisi shundaki, yangi darajaga ko‘tarilish uchun hech qanday vaqt talab etilmadi. Mane singari futbolchini avval sira uchratmagan edim. U jamoasi uchun 90 daqiqa tinmay yugurishi va himoyada ham ter to‘kishi mumkin. Uning formatidagi o‘yinchilar istalgan murabbiy uchun orzu».

Aynan ushbu transfer Manega katta futbol eshiklarini ochib berdi. Avvaliga Avstriya chempionligi, Yevropa Ligasidagi ajoyib o‘yinlardan so‘ng, «Sautgempton» Maneni «tumanli albion»ga olib keldi. Qahramonimiz mehnatkashligi sababli ikki mavsumdayoq «Liverpul» nazariga tushdi va Yurgen Kloppning yengilmas jamoasi a’zosiga aylandi. Ko‘p o‘tmay, «Liverpul» uni butun dunyoga tanitdi. YECHL, APL oltin medallaridan so‘ng, Mane «oltin to‘p» uchun kurashda 4-pog‘onani zabt etdi.

Klopp Manening taqdiri!

Aslida, Maneni yangi darajaga olib chiqqan Rojer Shmid Yurgen Kloppning «Borussiya»sidan ilhomlangan murabbiy sanaladi. Eng qizig‘i shundaki, o‘z vaqtida Mane «Borussiya Dortmund» bilan shartnoma imzolash maqsadida Dortmundga keladi va Yurgen Klopp bilan suhbat o‘tkazadi.

«Men o‘z hayotim davomida bir nechta xatolarga yo‘l qo‘yganman. Ulardan eng kattasi sifatida Maneni qo‘ldan chiqarib yuborganim ekanini tan olaman. U mening xonamda o‘tirar, biz uzoq suhbat qurdik. Negadir so‘nggi daqiqalarda shubha uyg‘ondi va men bu transferdan voz kechdim. Bu 111 foiz mening aybim. Sadio ajoyib yigit. Yaxshiyamki,taqdir menga ikkinchi imkoniyatni taqdim etdi».

Sadio «Liverpul» bilan shartnoma imzolagach, ingliz nashrlari uchun qiziqarli voqeani so‘zlab berdi.

«Men APLga kelganimda, Klopp allaqachon «Liverpul»da ish boshlagan edi. Men doimo uning jamoasiga qarshi uchrashuvlarda gol kiritganman. Har safar «Liverpul» bilan o‘yinda gol urganim bois ham u meni sotib olishlarini so‘rgan bo‘lsa, ajab emas. Ular «Liverpul»ga boshqa gol kiritmasligim maqsadida meni sotib olishgan bo‘lsa kerak».

Tan olish lozim, futbol ortidan kelgan katta pullar Sadioni o‘zgaritib yuborgani yo‘q. Hozir unga bo‘lgan hurmatingizni oshishiga sabab bo‘luvchi kichik omillarni e’tiboringizga havola etamiz.

«O‘ylashimcha, yer yuzida «PlayStation»dan foydalanishni bilmagan yagona professional futbolchi men bo‘lsam kerak. Sababi, jamoadoshlarimning barchasi ko‘p vaqtini aynan vidYEoo‘yinlarga sarf etishadi. To‘g‘risi, bunday o‘yinlar meni sira qiziqtirmagan. Ochig‘i,o‘yin pultini to‘g‘ri ushlashni ham bilmayman».

Sadio haqida fransuz suratchisi aytib berga voqea hali-hamon muxlislarni hayron qoldirishda davom etmoqda. Uning aytishicha, Sadio kamerani ko‘rgach, uning oldiga keladi va undan o‘zini klub epikirovkasi tushirilgan libosda suratga olib qo‘yishini iltimos qiladi. Senegallik bolakay ushbu suratni onasiga jo‘natishini iltimos ham qiladi. Suratkash onasining e-mail adresini so‘rganida, u boshini chayqatadi. Keyin klub pochtasini beradi. Hammasi kelishilgach, Mane hammasi tekingami deb so‘rab ham qo‘yadi. Bu voqeani aytib bergan suratkash Emil Gustons allaqachon ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylanib ketgan. «Sadioni bir ko‘rishda eslab qoldim. U xuddu yaponlar singari boshini eggancha rahmat aytar, juda tavozYEbilan so‘zlar edi. O‘shanda u menga Senegaldan endi kelganini va oila a’zolari undan xavotir olayotganini ham qo‘shib qo‘ygan edi».

Sadio Mane 2016-yilda otasi imomlik qilayotgan masjidni to‘liq ta’mirdan chiqarib beradi. Ushbu mavzu haqida berilgan savolga Mane «Men hali yoshman, biroq ayni damda yurtim uchun nimadir qilish maqsadidaman. Yoshligimdan boshlab meni tarbiya qilgan region uchun nimadir qila olish ishtiyoqida katta bo‘ldim. Senegallik do‘stlarim bilan ajoyib rejalarni o‘ylab qo‘yganmiz. Hammasi o‘z navbati bilan bo‘ladi degan umiddaman».

«Men musulmonman. Har kuni besh bor Allohga ibodat qilishga va bu ishni masjidda bajarishga harakat qilaman. Qaysidir kuni masjidda ganalik do‘stimni uchratib qoldim. U bilan suhbatlashdik va birga masjid tahoratxonasini tozaladik. Ana shu paytda, bizni kimdir suratga olayotganini ko‘rib qoldim. Darrov uning oldiga keldim va bu videoni ommaga ko‘rsatmaslikni iltimos qildim. U va’da bergancha bizdan nari ketdi, biroq ertasi kuni internetda o‘sha videoga ko‘zim tushib qoldi. Biroz g‘alati, biroq buning qo‘rqinchli joyi yo‘q».

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 22:15, 14.07.2020.
O'qildi: 5192 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.