Italiya chempionatining 34-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuv yakuniga yetdi. «Yuventus» va «Lasio» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Skudetto sohibini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kutilgan edi. Shunday bo‘ldi ham.
To‘p nazorati "keksa sinyora" tomonda bo‘lgan bo‘lsa, rimliklar qarshi hujumdan foydalanish payida bo‘lishdi. Tanaffusga qadar, Milinkovich-Savichning zarbasidan keyin to‘p rekoshet holatida ustun yonidan o‘tib ketgan bo‘lsa, Immobilening zarbasidan so‘ng to‘p aynan ustunga tegib qaytdi.
"Yuventus" yuzaga keltirgan xavfli vaziyatlar paytida esa Rabyoning zarbasi darvozabon qaytargan bo‘lsa, Ronalduning bosh bilan bergan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi.
Ikkinchi taymning dastlabki daqiqalari "Yuve" uchun juda omadli keldi. To‘p Bashtushning qo‘liga tekkani uchun hakam dastlab jarima maydoni tashqarisidan jarima zarbasi belgilangan edi. Ammo videotakrorni ko‘rgach, o‘z qarorini penaltiga o‘zgartirdi. Ronaldu esa undan samarali foydalanib, hisobni ochdi.
Oradan 3 daqiqa o‘tib Dibala maydon markazida Luis Felipedan to‘pni olib qo‘yishi natijasida Paulo va Krishtianu darvozabon bilan ikkiga bir vaziyatga chiqib ketishdi. Argentinalik futbolchining uzatmasidan keyin Ronaldu bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi — 2:0.
Portugaliyalik futbolchi xet-trikka erishishi mumkin edi. Dibalaning uzatmasidan keyin Krishtianu bosh bilan zarba berdi. To‘p esa to‘singa tegdi.
Bahsning 83-daqiqasida Bonuchchining xatosidan so‘ng "Yuve" darvozasi tomon penalti belgilandi. Chiro Immobile undan foydalanib, farqni qisqartirdi. Natijada "Lasio" hujumchisi va "Yuve" yetakchisining gollari 30taga yetdi.
Rimliklar hisobni tenglashtirishga yaqin kelishdi. Jarimadan to‘p naq "to‘qqizlik" sari yo‘llangan edi, ammo Voysex Shchesni seyv namoyish etdi.
Ushbu g‘alabadan keyin "Yuventus" o‘z ochkolarini 80taga yetkazib, yaqin ta’qibchisidan 8 ochkoga ilgarilab ketdi. Qolgan 4ta o‘yinda qo‘lga kiritilajak 5 ochko "Yuve"ni chempionga aylantiradi.
Italiya A seriyasi, 34-tur
Yuventus – Lasio 2:1 (0:0, 2:1)
Gollar: 1:0 – 51, penalti Ronaldu, 2:0 – 54 Ronaldu, 2:1 – 83, penalti Immobile.
Yuventus – Shchensni, Aleks Sandro, Bonuchchi, de Ligt, Bentankur, Kuadrado, Remzi (Matyuidi, 57), Rabyo, Duglas Kosta (Danilo, 57), Dibala (Rugani, 89), Ronaldu.
Lasio – Strakosha, Acherbi, Luis Felipe (Falbo, 89), Bashtush, Lassari (Moro, 89), Parolo, Anderson (Vavro, 66), Kataldi (Anderson, 75), Milinkovich-Savich, Immobile, Kaysedo (AdekanYE, 66).
Ogohlantirishlar: Anderson (37), Aleks Sandro (60), Bonuchchi (82), Danilo (88).