Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/04 00:00 Aston Villa 2-2 Chelsi
28/04 00:00 PSJ 3-3 Gavr
28/04 00:00 Atletiko 3-1 Atletik Bilbao
28/04 13:00 Tojikiston 5-5 O‘zbekiston
28/04 15:30 Inter 2-0 Torino
28/04 16:00 Mets 1-2 Lill
28/04 16:00 Tailand 1-4 Eron
28/04 17:00 Kadis 1-1 Malyorka
28/04 18:00 Tottenhem 2-3 Arsenal
28/04 18:00 Bornmut 3-0 Brayton
28/04 18:00 Loryan 1-2 Tuluza
28/04 18:00 Strasbur 1-3 Nissa
28/04 19:00 Indoneziya - O‘zbekiston
28/04 19:15 Granada 3-0 Osasuna
28/04 20:05 Renn 4-5 Brest
28/04 20:30 Nottingem Forest 0-2 Manchester Siti
28/04 21:00 Napoli 2-2 Roma
28/04 22:00 Lion 3-2 Monako
28/04 22:30 Yaponiya - Iroq
28/04 23:45 Fiorentina 5-1 Sassuolo
29/04 00:00 Marsel 2-1 Lans
29/04 00:00 Betis 1-1 Sevilya
29/04 23:45 Jenoa - Kalyari
30/04 00:00 Barselona - Valensiya
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
30/04 05:00 Borussiya D - PSJ
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid
01/05 00:00 Bavariya - Real Madrid

Pandemiya davrida jismoniy tarbiya va sport sohasi qanday rivojlanmoqda?

Pandemiya davrida jismoniy tarbiya va sport sohasi qanday rivojlanmoqda?

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT
Rukn: Yangiliklar

2020 yil nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo sportida muhim yil bo‘lishi kutilayotgandi. Jumladan, 24 iyul – 9 avgust kunlari kunchiqar yurt Yaponiyada XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi belgilangan, yurtimizda ham ko‘plab nufuzli musobaqalar va tadbirlar o‘tishi lozim edi. Ammo...

Koronavirus pandemiyasi tufayli rejalar butkul o‘zgarib ketdi. «Tokio–2020» bir yil keyinga surildi, ko‘plab sport tadbirlari kechiktirildi yoki bekor qilindi. Xullas, orzular, rejalar, maqsadlar o‘zgardi.

Koronavirus balosi inson uchun salomatlik naqadar qadrli ne’mat ekanini teran anglashni, sog‘lik qadriga yetishni o‘rgatdi. Bu ofat odamlarda jamiyatga, atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga boshqacha nazar bilan qarashga, sog‘lom kuchlarning jipslashishi, ommaviy madaniyatni yuksaltirish naqadar dolzarb vazifa ekanini anglatdi. Pandemiyaning keng tarqalishi jamiyatda inson salomatligini mustahkamlashda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni naqadar ahamiyatliligini yanada yorqinroq namoyon etdi. Bugun jahonning ko‘plab davlat va nodavlat tuzulmalarida o‘tkazilgan monitoringlar, taqqoslar, tahlillar jismoniy madaniyat bilan muntazam shug‘ullangan, faol hayot tarziga ega odamlarda kasallikka chalinish darajasi juda ham pastligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.

Xo‘sh, kishi sog‘lom bo‘lishi uchun nimalarga ahamiyat berishi kerak? Karantin davrida qanday qilib sport bilan shug‘ullanish mumkin? Hozirgi murakkab, barcha o‘zini yakkalash sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining faoliyati qanday tashkil etilmoqda? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida biz jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan suhbatda bo‘ldik.

— Pandemiya sharoitida vazirlik faoliyati qay yo‘sinda tashkil etilmoqda? Umuman, pandemiya sport sohasiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

— Pandemiya barcha sohalarda bo‘lgani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Boshlanishida sport tashkilotlari, federasiyalar, sport maktablarida bunday sharoitda ishni qanday tashkil etish, mashg‘ulotlar uzluksizligini ta’minlash, ayniqsa, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik olib borayotgan sportchilarning jismoniy yuksak holatini saqlab qolish masalasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan vaziyatlar ham bo‘ldi. Biroq O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, sport federasiyalari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mashg‘ulotlarni masofadan olib borish dasturi ishlab chiqildi. Bilasiz, to‘rt yil kutilgan «Tokio–2020» Olimpiya o‘yinlari bir yilga kechiktirildi, juda ko‘plab sport musobaqalari qoldirildi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari to‘xtatildi. Bunday qaltis jarayonda rosti, jahon sporti bir muddat «o‘zini yo‘qotib qo‘yganligi» bor gap. Shunday bo‘lsada, kundalik faoliyati jismoniy tarbiya bilan bog‘liq yurtdoshlarimizda sport hayoti bir zum bo‘lsada to‘xtagani yo‘q. E’tiborlisi, mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport tizimi, uning minglab murabbiy va sportchilari, mutaxassislari koronavirus bilan mardonavor kurashmoqda. Sportchi va trenerlar, mutaxassislarimiz bu kunlar o‘tib ketishi, oldinda Vatanimiz sha’ni himoya qilinadigan jiddiy musobaqalar kutib turganini teran anglashmoqda. Shu bois, joriy yilning 16 martidan e’lon qilingan dastlabki karantin davridan sportchi va trenerlar mashg‘ulotlarni to‘xtatgani yo‘q. Bu borada maxsus o‘quv rejalar va mashg‘ulotlar mundarijasi ishlab chiqilib, sport maktablari va federasiyalar orqali har bir trenerga yetkazildi. Ular esa, o‘z navbatida, qo‘l ostida shug‘ullanib kelayotgan sportchilar bilan onlayn mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Sport» telekanali bilan hamkorlikda malakali trenerlar ishtirokida onlayn teledarslar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi va har kuni ertalabki dasturlar orqali 10 daqiqadan uy sharoitida bajarish mumkin bo‘lgan mashqlar namoyish etib borilmoqda. Qolaversa, taniqli sportchi va trenerlar ishtirokida «Sport bilan koronavirusni yengamiz!» aksiyasi doirasida videoroliklar tayyorlanib, telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali muntazam yoritilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida 1 apreldan masofaviy o‘qitish joriy etildi. Barcha fanlardan tayyorlangan ma’ruzalarni videoportal hamda telegram kanallari orqali yetkazish yo‘lga qo‘yildi. “Online maktab” loyihasi doirasida tashkil etilgan masofaviy televizion videodarslar orqali maktab-internat o‘quvchilari umumta’lim fanlarini to‘liq o‘zlashtirishiga erishildi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi imtihonlarini onlayn (masofaviy) tarzda davlat imtihonlari shaklida o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning Nukus, Samarqand, Farg‘ona filiallarida masofaviy o‘qitishga jami 1 352 nafar tinglovchi hamda 145 nafar professor-o‘qituvchi jalb etildi.

Darvoqe, vazirligimiz tomonidan amalga oshirilgan xayrli ishlardan yana biri — poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga karantin davrida uyda qolgan yurtdoshlarimiz uchun Olympic virtual muzey xizmati yo‘lga qo‘yilganligidir. Ushbu xizmatdan foydalanish orqali xalqimiz uyida turib jahon arenalarida o‘zbek sportining dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarib kelayotgan sportchilarning yorqin g‘alabalari aks etgan fotolavhalardan bahramand bo‘lishi mumkin.

— Karantin davrida vazirlik tashabbusi bilan ko‘plab onlayn musobaqa va chellenjlar tashkil etildi. Umuman, avvallari onlayn musobaqalar juda kam o‘tkazilardi. Shu ma’noda, aholining masofaviy bahslarga qiziqishi qanday bo‘ldi, ushbu tadbirlar kutilgan darajada samara berdimi?

— Darhaqiqat, karantin davrida xalqimizni uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga da’vat etish maqsadida qator chellenjlar o‘tkazildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. E’tiborlisi, bu musobaqalarga ko‘proq havaskorlarni jalb etishga harakat qildik. Jumladan, yurtdoshlarimiz orasida sport bilan faol shug‘ullanishni keng targ‘ib etish maqsadida «uyda qol!»«hayotga qo‘shil!»“sport challenge” e’lon qilindi. 6 apreldan 10 maygacha davom etgan chellenjga respublikamizning barcha hududlaridan uy sharoitida bajarilgan sport mashg‘ulotlari aks etgan jami 10 mingdan ortiq videolavha kelib tushdi. Umumiy hisobda chellenj o‘rtacha 25-30 ming yurtdoshimizni qamrab oldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chellenj 7 ta bosqichda tashkil etildi. Quvonarlisi, chellenjni yurtdoshlarimiz juda iliq qarshi olishdi. Masalan, Navoiy viloyati Nurota tumanidan yuborilgan bir videorolikda uch, ehtimol to‘rt avlod vakillari ishtirok etganligi bizni hayratga soldi. Rolikda 86 yoshli onaxon, uning 68 yoshli o‘g‘li, 63 yoshli kelini, 35-40 yoshlar atrofidagi o‘rta avlod vakillari, bular nabiralari bo‘lsa kerak nazarimda, yosh bolakaylar, qisqasi 6-7 kishi ishtirok etishgan. Shuningdek, xalqimiz orasida kompyuter sporti, ya’ni kibersportni yanada ommalashtirish maqsadida Esports Uzbekistan federasiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk marotaba “MINSPORT ONLAYN KUBOGI” tashkil etildi. Kibersport musobaqasida jami 4 617 nafar havaskor sportchi qatnashdi.

Qolaversa, 11 maydan 20 mayga qadar «Uyda qol va g‘alaba qozon!» shiori ostida shaxmat bo‘yicha birinchi onlayn O‘zbekiston chempionati tashkil etildi. Mazkur turnir onlayn tarzda, shveysarcha tizimda Chess.com o‘yin platformasi orqali o‘tkazildi. O‘nta turdan iborat musobaqa ko‘pchilikda ijobiy taassurot qoldirdi. 3 000 nafarga yaqin havaskor shaxmatchi ishtirok etgan musobaqada 10 nafar g‘olib aniqlandi. Bu ro‘yxatga yana karatening «kata» va taekvondoning «pumse» yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan onlayn musobaqalar, bahodirlar o‘yinlari va tosh ­ko‘tarish bo‘yicha onlayn O‘zbekiston chempionati, onlayn yugurish kabi musobaqalarni qo‘shish mumkin.

Sanab o‘tilgan chellenjlar yurtdoshlarimiz tomonidan juda yaxshi kutib olingani, qolaversa, pandemiya sababli karantin holati cho‘zilayotgani, mazkur vaziyatda aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish orqali ular salomatligini mustahkamlash va immunitetini ko‘tarishga hissamizni qo‘shish maqsadida vazirligimiz tashabbusi bilan «Onlayn yurish», «Onlayn yugurish», «Onlayn velomarafon», «Onlayn shaxmat» chellenji hamda kibersport bo‘yicha 8 ta yo‘nalishda “MinSport eSropts CUP” musobaqalarini yangi yilgacha davom ettirishga qaror qildik. Ushbu tadbirlar orqali aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ko‘zda tutilgan. Onlayn musobaqa va chellenjlarda faol qatnashgan yurtdoshlarimiz nafaqat salomatligini mustahkamlashi, balki qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, onlayn shaxmat musobaqasining mutlaq g‘olibi “Spark” avtomobilini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, vazirligimiz oldiga joriy yilda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan aholi sonini 18 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Garchi pandemiya tufayli sport tadbirlari o‘tkazilmayotgan bo‘lsada, bu vazifani hech kim zimmamizdan soqit qilmagan. Onlayn sport tadbirlari orqali biz ana shu vazifani bajarishga harakat qilmoqdamiz. Qolaversa, ommaviylikni oshirmasdan turib, professional sportda ulkan yutuqlarga erishib bo‘lmaydi.

— Tokio — 2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik bugungi kunda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Tokio Olimpiadasiga munosib tayyorgarlik ko‘rish davlatimizning doimiy e’tiborida. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik ishlari murakkab vaziyatga qaramasdan tasdiqlangan dastur asosida olib borilmoqda. Pandemiya sharoitida ham bo‘lg‘usi olimpiyachilarga barcha qulayliklar yaratib berildi. Har bir olimpiyachi uchun uy sharoitida mashg‘ulotlarni to‘laqonli olib borishi, ularning salomatliklarini muntazam nazorat qilish borasida maxsus dastur ishlab chiqilib, kunlik, haftalik mashg‘ulotlari tahlil etib borildi. Karantin kunlari har bir sportchi, uning oila a’zolari bilan alohida-alohida muloqotlar o‘tkazildi. Jismoniy va ruhiy muvozanatlari biriktirilgan shifokorlar, diyetolog va ruhshunoslar orqali kuzatuvda bo‘ldi. Zarur hollarda oilasiga, mahallasiga kerakli yordamlar ko‘rsatildi. To‘g‘ri, pandemiya tufayli rejadagi o‘quv mashg‘ulotlarning dasturiga o‘zgartirishlar kiritildi, ammo ularning mohiyati, tub negizi asl holat, reja asosida davom ettirilmoqda.

Sportchilarimizning Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash maqsadida 13 ta sport turi bo‘yicha 18 ta xorijiy trener jalb qilingan. Ularning aksariyati, aniqrog‘i, 15 nafari karantin davrida ham yurtimizda qolib, shogirdlari bilan onlayn shug‘ullandi. Bundan tashqari, Olimpiya sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarga jalb etilgan xorijlik malakali trener-maslahatchi va mutaxassislar bilan hududlardagi yosh va iqtidorli sportchilar uchun onlayn mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Negaki, bu yoshlar o‘zbek sportining ertasi, aynan ular vaqti kelib, terma jamoalardan o‘rin egallaydi. Aniq misollar bilan aytadigan bo‘lsam, shu kungacha O‘zbekiston dzyudo federasiyasi tomonidan yaponiyalik mutaxassis Tomu Tori ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida, O‘zbekiston VTF taekvondo assosiasiyasi tashabbusi bilan janubiy koreyalik mutaxassis Jing Yung Kim ishtirokida Andijon, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlarida, O‘zbekiston sport kurashlari assosiasiyasi tashabbusi bilan murabbiylar ­Arsen Axmetov hamda Zaza Silagadze ishtirokida barcha hududlarda, O‘zbekiston yengil atletika federasiyasida faoliyat yuritayotgan rossiyalik Boris Jgir ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida onlayn seminar hamda mahorat darslari tashkil etildi. Tajribali murabbiylardan bugun olinayotgan bilim va tajriba esa ularga kelgusi faoliyatida qo‘l kelishiga shubha yo‘q.

2021 yilga qoldirilgan Olimpiya o‘yinlariga hozirgacha sportchilarimiz 15 ta sport turi bo‘yicha (tennis, velosiped, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yunon-rum kurashi, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, yengil atletika, zamonaviy beshkurash, taekvondo WTF, boks, para o‘q otish, parakanoe, para suzish, para engil atletika, para taekvondo) jami 40 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Afsuski, pandemiya sababli Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etuvchi 20 ga yaqin xalqaro musobaqa o‘tkazilmay qoldi. Hozir Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qoldirilgan saralash musobaqalarining muddatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi Olimpiya sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoasi a’zolariga sport majmualarida Tokio o‘yinlariga tay­yorgarlik ko‘rishni boshlashga ruxsat berdi. Shunga asosan, hozir terma jamoalarimiz a’zolari maxsus bazalarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda va shifokorlarning doimiy nazorati ostida o‘quv yig‘inlarga kirishgan. Tahlillarimizga ko‘ra, sportchilarimiz 22 ta sport turidan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining yana 74 ta yo‘llanmasini qo‘lga kiritish ostonasida turibdi. Albatta, yutuqlar o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilmaydi. Har bir yo‘llanma ortida tinimsiz mehnat, e’tibor, trener va mutaxassislarning izlanishlari yotadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tgan yildan e’tiboran Olimpiya — 2020 shtabi samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

— Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri ommaviylikni oshirish, aholi orasida jismoniy madaniyatni shakllantirishdan iborat. Bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?

— Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib etish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ravishda joylarda «Yoshlar haftaligi», «Mahalla va nuroniylar haftaligi», «Ta’lim muassasalari haftaligi», «Xotin-qizlar haftaligi» musobaqalarining kalendar rejasi ishlab chiqib, shu kungacha minifutbol bo‘yicha hududiy jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari kubogi uchun musobaqalar o‘tkazildi. Unga jami 106 056 nafar uyushmagan yosh jalb etildi, e’tiborlisi, shundan 35 866 nafarini xotin-qizlar tashkil qildi.

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan pandemiya talablari asta-sekin yumshatilib borishi natijasida 2020 yil iyun oyida vazirligimiz tashabbusi bilan jami 329 ta ommaviy sport tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tadbirlar karantin qoidalari asosida ishtirokchilar soni 30-40 kishidan oshmagan holda tashkil etildi. Shuningdek, «Yoshlar oyligi» hamda 23 iyun — Xalqaro Olimpiya kuni munosabati bilan bir qator sport tadbirlari tashkil etildi. Masalan, 22 iyun kuni Toshkent shahridagi «Eko park» sayilgohida 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan musobaqalar hamda taniqli sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Sport musobaqalari doirasida shahardagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarining o‘quvchi yoshlari voleybol, badminton, minifutbol hamda stol tennisi bo‘yicha o‘zaro bahslashishdi. Shuningdek, 28 iyun kuni «Yoshlar oyligi» doirasida respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab onlayn yugurish marafoni o‘kazildi. Unda 2 ming 500 ga yaqin yurtdoshimiz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 1 500 nafari ­onlayn yugurish marafonida o‘z imkoniyatini sinab ko‘rdi. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha «yashil» hududlarida tashkil etildi.

Ommaviylik borasida so‘z ketganda, Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoniga muvofiq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan o‘zaro hamkorlikda jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga ko‘maklashish, aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va aholiga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida «Jismoniy tarbiya va sport rivojlangan eng yaxshi mahalla» ko‘rik-tanlovi o‘tkazishi belgilangan. Mazkur ko‘rik-tanlovning birinchi bosqichi tuman(shahar)lar kesimida iyun oyida, ikkinchi bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida oktyabr oyi yakuniga qadar o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Hozir aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi bo‘yicha birinchi bosqich sovrindorlarini aniqlash maqsadida respublikamizda mavjud 9 145 ta mahalladan 3 200 tasi bo‘yicha ma’lumotlar respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.

— Samarqand shahrida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etildi. Bu ta’lim muassasasida qanday mutaxassislar tayyorlanadi?

— O‘zbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq 2019 yil 8 mayda tashkil etilgan ushbu filialga 2019-2020 o‘quv yilida 150 nafar (shundan 45 tasi davlat granti asosida) talaba o‘qishga qabul qilindi. Filial binosida amalga oshirilayotgan ishlar yakuniga yetmaganligi sababli 2019-2020 o‘quv yilida talabalar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida shu oliygohning professor-o‘qituvchilari rahbarligida tahsil olishdi. Mazkur filialda sport faoliyati yo‘nalishi, ya’ni sportning asosan o‘yin turlari, jumladan, futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi, tennis va yengil atletika bo‘yicha mutaxassislar, trenerlar tayyorlanadi.

Manzilli dastur doirasida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali uchun

400 o‘rinli yotoqxona qurilishi hamda mavjud o‘quv binolarini ta’mirlash uchun jami 21,0 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanish arafasida.

PS: Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu yil barcha jabhalarda bo‘lgani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari uchun ham sinovli yil bo‘lmoqda. Belgilangan ko‘plab sport musobaqalari o‘tkazilmadi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bekor qilindi. Lekin hali yil yakunlangani yo‘q. Hozir Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 2020 yilning qolgan davri uchun alohida, qisqartirilgan sport musobaqalari taqvimini ishlab chiqmoqda. Bunda muhim chempionatlar, xalqaro turnirlar e’tibordan chetda qolmaydi. Karantin davri ortda qolishi bilan shiddatli sport musobaqalari, qizg‘in bellashuvlar davri boshlanadi. Ayniqsa, aholining turli qatlamlarini qamrab oladigan ommaviy sport tadbirlariga keng o‘rin beriladi. Maqsad aniq — yurtdoshlarimiz orasida faol sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasini shakllantirish, aholi salomatligini yanada mustahkamlash.

Bugun mamlakatimizda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng islohotlar, bunyodkorlik ishlari yaqin kelajakda o‘zbek sportining imkoniyatlari cheksizligini va istiqbolini jahonga namoyon etadi. Muhimi, jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e’tibor orqali millat genofondi sog‘lomlashadi. Sog‘lom millat esa ulkan g‘alabalarga, qolaversa, intellektual yuksalishlarga qodir.

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.

Manba: yuz.uz
Kiritildi: 19:23, 25.07.2020.
O'qildi: 2736 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.