Xabaringiz bor, 15 avgust kuni Isroil Madrimov professional boksda o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi. Ushbu bellashuv Madrimovning faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Zero, bo‘lajak jang g‘olibi WBA kamarining vaqtinchalik chempioni nomiga sazovor bo‘ladi. Raqib esa amerikalik tajribali bokschi Erik Uolker.
Kuni kecha Uolkerning bo‘lajak bahs oldidan Isroil haqidagi fikrlari keng tarqaldi. Unda amerikalik bokschi shunday degan edi:
“Madrimov havaskor boksda yaxshi natijalar ko‘rsatgan, biroq professional boksda yetarlicha xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Men unga ilk mag‘lubiyatini taqdim qilaman. Pandemiya davrida ham mashg‘ulot qilib, sport formamni ushlab turibman. Bor e’tibor 15 avgust kuni bo‘ladigan jangga qaratilgan”, – deydi Uolker.
Biz hamyurtimiz bilan bog‘lanib, raqibining mazkur gaplariga nisbatan fikri bilan qiziqibgina qolmay, ba’zi savollarni ham berib ko‘rdik.
“Ha mayli, xohlaganicha gapiraversin. Hamma narsa ringda hal bo‘ladi. Xudo xohlasa, bu raqibimni ham mag‘lub etaman”, – deydi Madrimov.
– Raqibning janglari qanchalik o‘rganib chiqilmoqda?
– Erikning avvalgi janglarini ko‘rib, tahlil qilib chiqdik. Hozirgi mashg‘ulotlarda unga qarshi taktikalar ustida ishlayapmiz.
– Aynan unga qarshi bahs varianti qanday paydo bo‘ldi?
– “Matchroom boxing” va “DAZN” tashkilotlari hozirda shu bokschi Amerikadaligi va jang o‘tkazishga tayyor ekanini bildirishdi. Keyin biz bu taklifni qabul qildik.
– Ayrim manbalar bo‘lajak jang WBA kamari uchun bo‘ladi deb ko‘rsatmoqda. Shunga aniqlik kiritib o‘tsangiz.
– Ha inshoolloh, shu kamar. Yanayam aniqrog‘i, vaqtinchalik jahon chempionlik kamari uchun bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Erik Uolker 1983 yil AQSHda tavallud topgan. Professional boksda 22 ta jang o‘tkazib, ulardan 20 tasida g‘alaba qozongan (9 nokaut) va 2 bor mag‘lub bo‘lgan (ochkolar bo‘yicha). Isroil Madrimov esa 5 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini nokaut evaziga mag‘lub etgan.
Ta’kidlash joiz, Madrimov bilan bir kechada yana bir vakilimiz Shahram G‘iyosov ham o‘z vazn toifasida meksikalik Fransisko Roxoga qarshi jang qiladi.