Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Ulug‘bek Mirzayev: «Bir masalada jiddiy xavotirdamiz»

Ulug‘bek Mirzayev: «Bir masalada jiddiy xavotirdamiz»

Baho:
+ | -

Shu kunlarda Superliga va Pro-liga jamoalari Osiyo futbol konfederasiyasining klublarni lisenziyalash tizimi bo‘yicha bu yilgi ishlarni yakunlash arafasida. Bu borada «Bunyodkor»dagi ishlar qay darajada bitkazilayotganligini bilish maqsadida, klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev bilan suhbatlashdik.

- Ma’lumki, OFK talablariga ko‘ra, o‘zbek klublari har yili lisenziyalash jarayonidan o‘tishadi. Xo‘sh, «Bunyodkor»da bu yil mazkur jarayon qanday kechdi?

- Jamoamizning lisenziyalash menejeri - uzoq yillik boy tajribaga ega xodimimiz Ayniddin G‘iyosov hisoblanadi. Ushbu mutaxassisimiz bilan doimo aloqadamiz. «Bunyodkor» tuzilmasidagi barcha bo‘limlar OFK talab qilgan hujjatlarni A.G‘iyosovga topshirishgan. O‘z navbatida, u mazkur hujjatlarni OFKning lisenziyalash bo‘yicha elektron tizimiga deyarli kiritib bo‘ldi. O‘ylaymanki, «Bunyodkor», har yili bo‘lgani singari, bu safargi lisenziyalash jarayonini ham yaxshi o‘tkazadi. Jamoamiz har yili o‘z oldiga Osiyo Chempionlar ligasiga chiqish vazifasini qo‘yadi. Ushbu mavsum ham bundan mustasno emas. Ya’ni bu yil ham Superligada yuqori o‘rinlarni egallash va bu orqali Chempionlar ligasiga yo‘llanma qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Barchaga ma’lumki, lisenziyalash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tmagan klub, Superligada qanday natija qayd etishidan qat’iy nazar, Chempionlar ligasida qatnasha olmaydi. Biz nafaqat maydondagi, balki tashkiliy yo‘nalishdagi ishlarimizni ham a’lo darajada bajarib, ikki tomonlama ham xalqaro musobaqada qatnashishga loyiq ekanligimizni ko‘rsatmoqchimiz. Aslida bu Superliganing barcha klublariga tegishli.

- Kuni kecha OFK o‘zbek klublari uzoq tanaffusdan so‘ng keyingi yildan boshlab OFK kubogida yana qatnashishlarini ma’lum qildi. PFL Bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev klublarimiz OFK kubogida g‘olib chiqish orqali 1,5 million dollar ishlab olishlari mumkinligini eslatib o‘tdi. OFK kubogi «Bunyodkor» uchun qo‘shimcha imkoniyat. Shunday emasmi?

- PFL aprel oyida klublardan o‘z byudjetlarini yana qanday qo‘shimcha mablag‘lar evaziga ko‘paytirishlari mumkinligi bo‘yicha ma’lumot so‘ragan edi. O‘shanda biz OFK kubogida ishtirok etish orqali mablag‘ ishlash mumkinligini bildirgandik. Ochig‘ini aytganda, «Bunyodkor» hozirgi paytda Chempionlar ligasida g‘olib chiqishi mushkul masala. OFK kubogida g‘olib chiqqan taqdirda 1,5 million, finalgacha yetib borganda esa 750 ming AQSH dollari miqdorida pul ishlab olsa bo‘ladi. Qolaversa, finalga yetib kelgan jamoa har bosqichdan o‘tgani uchun ham ma’lum summa egasiga aylanadi. Bu o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan barcha klublarimizga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Lekin bizni xavotirga solayotgan bir jihat bor...

- Bu qanday jihat ekan? Nima xavotirga solishi mumkin?

- 2019 yilning 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilingan edi. O‘sha farmonda Superliganing 10 va Pro-liganing 3 jamoasi ta’sis hujjatlari Davlat aktivlarini boshqari agentligiga o‘tkazilishi masalasi belgilandi. Yil boshidan beri jamoalarning ta’sischilari o‘z ulushlarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisobiga o‘tkazib kelishmoqda. Barcha ishlar yakunlanganidan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi klublarimizning yagona ta’sischisiga aylanadi. Lekin OFKning klublarni lisenziyalash talablariga ko‘ra, bir musobaqada ishtirok etayotgan ikki va undan ortiq klublarning ta’sischisi bitta tashkilot bo‘lishi mumkin emas. Bu xoh yuridik shaxs bo‘lsin, xoh jismoniy. Bir so‘z bilan aytganda, barcha jamoalarning ta’sischilari boshqa-boshqa, alohida-alohida bo‘lishi shart, ya’ni manfaatlar kesishuvi bo‘lmasligi kerak.

Shu yerda bir voqeani eslab o‘tishni lozim deb bilaman. 2009-2010 yillarda «Bunyodkor»da lisenziyalash menejeri lavozimida faoliyat yuritganman. O‘sha vaqtda klub bosh direktori Bahrom Davlatov edi. OFKga lisenziyalashga oid barcha hujjatlarni to‘liq taqdim qilganmiz. OFKning shu sohadagi mutaxassislari, tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, shuni aniqlaganlarki, Davlatov «Bunyodkor»dan bir necha yillar avval Muborakning «Mash’al» klubida ham ishlagan hamda Bahrom Boyjonovichning «Mash’al» FK ustav fondida juda ham bir kichik - taxminan 0,5 foiz ulushi bo‘lgan. Shuni OFK komissiyasi aniqlab, ulush miqdori juda ham kam bo‘lishiga qaramay, bitta shaxs bir vaqtning o‘zida ikki jamoaning boshqaruv tizimida ulush yoki ta’sir kuchiga ega bo‘lishi mumkin emas deya, undan «Mash’al»dagi ulushini topshirish lozimligini talab qilishgan. Shunda Bahrom Boyjonovich o‘z ulushini o‘g‘lining nomiga o‘tkazib bermoqchi bo‘lganida, OFK mutasaddilari bu holat ham lisenziyalash talablariga to‘g‘ri kelmasligini, biror bir klubda rahbar bo‘lib ishlayotgan shaxsning hatto birinchi darajali qarindoshi ham xuddi shu musobaqadagi boshqa bir klubda ulushga ega bo‘lishligi mumkin emasligini ma’lum qilishgan. Shundan so‘ng Bahrom Boyjonovich o‘z ulushidan voz kechib, «Mash’al» klubi foydasiga o‘tkazgan.

Hozirgi vaziyatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi barcha klublarimizning yagona ta’sischisiga aylanib qoladi. To‘g‘ri, bu orqali, birinchi navbatda, davlatimiz rahbari farmonining ijrosi chiroyli tarzda amalga oshirilmoqda. Ammo, ikkinchi tarafda, klublarimizning xalqaro maydondagi ishtiroki hamda lisenziyalash talablari ham bor. Bu jabhada qandaydir nomutanosiblik borga o‘xshaydi, go‘yo. OFK buni qanday qabul qilarkin? Chunki bu OFKning talablariga zid. «Bunyodkor» Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa-yu, biroq OFKning lisenziyalash talablarida kamchiliklar kuzatilsa va yakunda bizga OFK Chempionlar ligasida ishtirok etishga ruxsat berishmasa, nima bo‘lar ekan, degan xavotirlarimiz bor. Bu holat nafaqat «Bunyodkor»ni, balki Davlat aktivlariga o‘tayotgan boshqa klublarni ham tashvishlantirishi tabiiy.

- Sizningcha, bu masalani qanday hal qilish mumkin?

- Fikrimcha, PFL Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir to‘xtamga kelishi kerak bo‘ladi. Bunday holatda «oltin o‘rtalikni» topish darkor. Ya’ni yuqorida keltirib o‘tilgan farmonning ham, OFK talablarining ham bajarilishini esdan chiqarmaslik lozim. Davlat aktivlarini boshqarish agentligida kuchli mutaxassislar ishlaydi. Shuningdek, PFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev ham futbol bo‘yicha yetuk salohiyatga va bilimga ega. O‘ylaymanki, har ikkala tashkilot bu masalada eng maqbul yechimni topa olishadi.

*****

IZOH. O‘zbekiston Professional futbol ligasi Lisenziyalash bo‘yicha reglamentidan KO‘CHIRMA. Reglamentning L.03 bandida yuqorida ko‘tarilgan mavzuga oid quyidagi talablar alohida bayon etilgan:

Mulk huquqi va klublarni boshqarish

— Lisenziya talabgori (futbol klubi) klubni boshqarish mexanizmi va mulkchilik shakli aniq ko‘rsatilgan tegishli hujjatni taqdim etishi lozim.

— Klub boshqaruvida, ma’muriyatda va/yoki klub sport faoliyatida qatnashadigan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs:

a) ushbu musobaqada qatnashayotgan boshqa klubning qimmatli qog‘ozlari, aksiyalari yoki ulushining egasi bo‘lmasligi va ular bilan ishlamasligi zarur;

b) ushbu musobaqada qatnashayotgan boshqa klubning aksionerlari ichida ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmasligi kerak;

v) ushbu musobaqada qatnashayotgan boshqa bir klubning ma’muriyati, boshqaruvi va kuzatuv organidan kimnidir ishga tayinlash va ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘lmasligi lozim;

g) boshqa bir klub aksiyalariga (ulushlariga), garchi qolgan aksiyadorlar bilan kelishgan taqdirida ham, egalik qila olmaydi;

d) ushbu musobaqada qatnashayotgan boshqa bir klubning vakili bo‘lmasligi shart;

YE) ushbu musobaqada qatnashayotgan boshqa bir klubning ma’muriyati, boshqaruvida ishlamasligi va/yoki sport yutuqlarida, faoliyatida qatnashmasligi zarur;

j) ushbu musobaqada qatnashayotgan boshqa bir klubda hech qanday ta’sir kuchi bo‘lmasligi shart.

Manba: fcbunyodkor.com
Kiritildi: 20:29, 30.07.2020.
O'qildi: 3553 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.