Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Eng tez iste’fo egasi yohud Gollandiya terma jamoasining yangi murabbiyi kim?

Eng tez iste’fo egasi yohud Gollandiya terma jamoasining yangi murabbiyi kim?

Baho:
+ | -

Stadion.uz Gollandiya terma jamoasining yangi murabbiyi haqida fikr almashadi.

Ronald Kuman «Barselona» taklifini qabul qilish orqali Gollandiya terma jamoasini qiyin ahvolda qoldirib ketdi. Qit’a birinchiligi boshlanishiga bir yildan kamroq vaqt qolayotgan bir paytda Gollandiya terma jamoasi barchasini noldan boshlashga majbur. Shundoq ham ikkita katta musobaqani (Evro 2016, JCH 2018) o‘tkazib yuborgan gollandlar uchun bu chinakam sinovli kunlar boshlanmoqda degani.

Sentyabr oyidagi Millatlar Ligasidagi uchrashuvlarda Kumanning yordamchisi – Duayt Lodevegas jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi, ammo bu vaqtincha ekanligini barcha his etib turibdi. Ayniqsa, Italiyadan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan so‘ng uning jamoa postida qolishiga ishonish mushkul. Ronald Kumanning murabbiylar shtabi o‘z o‘rniga qaytishi mumkin, biroq bosh murabbiн o‘zgarishi turgan gap.

Kuman Kataloniyaga uchib ketgach, Gollandiya futbol federasiyasi Maks Allegrining variantini ko‘rib chiqishni boshladi. Anchadan beri ta’tildagi murabbiyning yangi ish o‘rnidagi sarguzashtlari juda qiziq bo‘lishi aniq edi. Sababi, so‘nggi bor ushbu yurt terma jamoasini golland bo‘lmagan murabbiy 1978 yilda boshqargan edi. O‘sha yili Erenst Xappel boshchiligidagi «uchar gollandlar» Mundialning finaliga qadar yetib borgan edi. Aynan o‘sha mundialdan so‘ng, ushbu yurt faqat o‘z farzandlariga bosh murabbiylikni ishonib kelmoqda. Bu tanlov Allegrining o‘ziga ham u qadar hush kelmasligi mumkin. Sababi, katta musobaqaga tayyorlangan, shakllantirilgan jamoani qisqa muddatda «o‘zlashtirish» oson emas. Bu omil yakunda natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mahaliy nashrlar Arsen Venger va Loran Blanning terma postida paydo bo‘lishi haqida yozdi, ammo bu mish-mishdan uyog‘iga o‘tgani yo‘q. Katta ehtimol bilan ushbu murabbiylarning o‘zi ham Gollandiya futboli rahbarlari nishonida ekanligini sezmagan bo‘lsa, ajab emas. Boshqa xorijlik murabbiylar haqida hatto mish-mish ham paydo bo‘lgani yo‘q. Gollandiya futboli o‘z tarbiyalanuvchisiga suyanishda davom etmoqchi. Xo‘sh, ayni damda kimlar bosh jamoa murabbiyiga aylanishi mumkin?

 Katta musobaqa oldidan mas’uliyatni o‘z qo‘liga olishga munosib murabbiylar mavjud. Jamoa nishonida  Lui Van Gal, Bert van Marveyk, Gus Hidding va Dik Advokat singari tarjibali mutaxassislar mavjud, ammo bu qaror qay darajada to‘g‘ri qaror? Katta ehtimol bilan bu ortga tashlangan qadam bo‘lishi aniq. Sababi, yuqorida nomi zikr qilingan murabbiylarning yulduzli onlari ortda qolgan. Zamonaviy g‘oyalar asosida shakllantirilayotgan grandlarga qarshi eski maktab murabbiylari qarshilik ko‘rsata olmasligini Joze Mourino isbotlab kelmoqda.

Xo‘sh, balki Gollandiya futbolining 80-90 yillaridagi super yulduzlari bilan aloqaga chiqish kerakdir? Ronald Kuman bilan birgalikda to‘p surganlar orasida qay biri terma jamoaga munosib nomzod? Marko Van Bastenning sog‘lig‘ida muammolar mavjud. Rossiya chempionatida ham o‘z o‘rnini topa olmagan Rud Gullitmi? Yoki aytarli hech qanday yutuqqa erisha olmagan Erving Kumanni taklif qilish to‘g‘ri qarormi? Shu o‘rinda Frenk Reykard varianti haqida bosh qotirishimiz mumkin, ammo uning «Barselona»dagi shonli g‘alabalari o‘tmishda qolgan.

Qahramonimiz keyinchalik «Sparta» va «Galatasaray»da faoliyat olib bordi, biroq natijalar ko‘ngildagidek emas. Boz ustiga, Reykard deyarli 7 yildan beri murabbiylik faoliyatini olib bormayapti. Shunday ekan, Gollandiya futboli afsonalarining keyingi avlodiga e’tibor qaratamiz.

Filip Koku ayni damda «Derbi Kaunti» bilan band. Mark Van Bommel PSV bilan aytarli hech qanday yutuqqa erishgani yo‘q. Yap Stap haqida fikr bildirmasa ham bo‘ladi. Yap qo‘l ostida «Feynoord» qanday achinarli ahvolga tushib qolganini hali unutganimiz yo‘q. Danni Blind variantini ham hisobdan chiqarib yuborish lozim. Sababi, uning qo‘l ostida bir necha yil avvalroq «lolalar yurti» Yevropa Chempionatining saralash bosqichidan o‘ta olmadi. Fred Ryutten “Anderlext”dan ketgach, bir yildan beri ishsiz. Patrik Klyuvert haqida uzoq fikr bildirishning hojati yo‘q. Klyuvert murabbiylik borasida hali juda no‘noq.

Bundan ko‘rinib turibdiki, bosh murabbiy lavozimini egallash uchun ikkita nomzod qolmoqda. Biri Jovanni Van Bronkxorst bo‘lsa, ikkinchisi Frank De Bur! Shunday bo‘lsada, Jovanni katta ehtimol bilan Xitoy klubi boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi. Yozning so‘nggi kunlarida «Guanjou Fuli» bilan shartnoma imzolagan murabbiy katta tovon puli to‘lash orqali yurtiga qaytib kelmasa kerak. Demak Gollandiya terma jamoasi uchun Aka-uka De Burlardan boshqa mos nomzod qolmadi.

To‘g‘risi, Frank De Burni kuchli murabbiy deyish biroz g‘alati. O‘z vaqtida “Ayaks” bilan 6 mavsum ishlagan va  4 bor chempionlikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Keyin u bilan «Inter» 3 yillik shartnoma imzoladi, ammo 3 oydan so‘ng, uni iste’foga chiqarib yubordi. Klubning o‘yinidagi passivlik sababli Milan shahri jamoasi 1 million yevro tovon puli to‘lash orqali De Burni klubdan uzoqroq qilishga majbur bo‘ldi. Keyinroq, golland «Kristal Pelas» bilan APLni zabt etishga kirishdi. Achinarlisi shundaki, bu sarguzasht juda erta yakunlandi. Mavsum boshidagi 4 ta o‘yin va 4 ta mag‘lubiyat. 78 kun ichida gollandiyalik murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi. Bunaqangi tez iste’fo APL tarixida bundan avvalroq sira kuzatilmagan edi.

Birin-ketin omadsizliklardan so‘ng, Frank De Bur o‘z kuchini MLSda sinab ko‘rishga qaror qildi va okean oshib AQSHga ko‘chib bordi. “Atlanta Yunayted” safida De Bur yo‘qotilgan obro‘ni bir muncha tiklab olishga muvaffaq bo‘ldi. AQSH ochiq kubogini qo‘lga kiritgan murabbiy keyinroq o‘z konferensiyasida tengsiz bo‘lishni uddaladi.

O‘tgan mavsum startida negadir klub va murabbiy o‘rtasidagi shartnoma bekor qilindi. Bunga ayrim nashrlari De Burning shartnomasidagi maoshi borasida muammolar chiqqanini ro‘kach qildi. AQSHdagi ishonchli mavsumlardan so‘ng, De Bur ikkinchi imkoniyatni qabul qilib olish uchun yana Yevropaga qaytib keldi.

Katta ehtimol bilan, uning Yevropadagi sayohati tez orada yakunlanadi. Sababi, yaqindagina Frankning Gollandiya futbol rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazayotgani haqida rasmiy ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Muzokaralar qanday yakunlangani tez orada rasman e’lon qilinadi. Katta ehtimol bilan, Gollandiya yangi murabbiyga ega bo‘ladi. Ayni damda, «lolalar yurti»da boshqa nomzod yo‘q. Balki, AQSHda orttirilgan tajriba ko‘mak berar. Balki, Frank De Bur terma jamoa bilan kutilgandan yaxshiroq natija ko‘rsatar. Bu savollarga faqat oliy hakam sanalmish  vaqtgina to‘g‘ri javob bera oladi xolos. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 16:33, 18.09.2020.
O'qildi: 7637 marta.
Fikrlar: 575 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.