Kecha Italiyaning Rim shahrida yengil atletika bo‘yicha “Brilliant liga” musobaqasining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ahamiyatlisi, unda erkaklar o‘rtasida langarcho‘pga tayanib sakrash yo‘nalishida shvesiyalik Arman Dyuplantis ukrainalik afsonaviy Sergey Bubkaning rekordini yangiladi.
1994 yil Sergey Bubka ochiq havodagi musobaqalarda 6.14 metrdan sakrab o‘tgan va 26 yil davomida hech kim bu natijani yangilay olmayotgan edi. Kecha tunda 20 yashar Dyuplantis ushbu rekordni 1 smga yangiladi.
“Armanni mening rekordimni yangilagani bilan chin qalbimdan tabriklayman! Ajoyib natija! Uning ota-onasi, o‘zi va yengil atletika uchun xursandman. Sportda u kabi yoshlar yetishib chiqmoqda. Kelajakda Armanga yanada baland marralarni zabt etishini tilab qolaman”, – dedi Sergey Bubka.
“Va nihoyat, yangi jahon rekordi! Bu juda ajoyib! Men bu balandlikka sakrashni juda xohlagan edim. So‘nggi paytlarda ko‘pchilik bu haqida gapirar va mening yelkamda shu mish-mishlarning yuki turar edi. Tushundimki, odamlar mendan qachon rekordni yangilaysan, deb doim so‘rayvermasliklari uchun bu ishni qilishim kerak bo‘ldi. Kelasi hafta Doxadagi bosqichda ham bu natijani yaxshilab ko‘rishga harakat qilaman. Ana undan keyin hordiq chiqarib, bu natijamni bayram qilaman”, – dedi Arman Dyuplantis.
Eslatib o‘tamiz, Dyuplantis joriy yilning fevral oyida yopiq inshootlardagi musobaqalarda ham jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgan edi (6.17 m).