Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Kann»dan Zidan, «Padova»dan Del Pero… Buyuk futbolchilar yetishib chiqqan kichik klublar

«Kann»dan Zidan, «Padova»dan Del Pero… Buyuk futbolchilar yetishib chiqqan kichik klublar

Baho:
+ | -

Bugun yodga olmoqchi bo‘lgan klublarimizni allaqachon unutib yuborgansiz. Shunday bo‘lsada, ular katta futbolga yetkazib bergan futbolchilarni hech kim unutgani yo‘q. Stadion.uz kamtarin klublarda faoliyatini boshlagan super yulduzlarni yodga oladi. 

Darvozabon.

Oliver Kan – «Karlsruye»

«Titan» laqabi bilan futbol olamida abadiy qoluvchi kipper 14 yil davomida «Bavariya» sharafini munosib himoya qilib keldi. Shunga qaramay, qahramonimiz 20 yil davomida «Karlsruye» sharafini himoya qilganini unutmaslik lozim. Ushbu klub akademiyasidagi barcha yosh toifalarida faoliyat olib borgan Oliver 4 mavsum davomida jamoa darvozaboni sifatida harakat qiladi. 25 yoshga to‘lganida esa, uni «Bavariya» o‘z safiga qo‘shib oladi. Myunhen klubiga ko‘chib o‘tgach, qahramonimizning yulduzli onlari boshlanadi. 

Himoyachilar.

Mattias Zammer – «Dinamo Drezden»

«Dinamo Drezden» klubi yangi mavsumni 3-divizionda boshlashga majbur. Zammer to‘p surgan chog‘lari esa, ushbu klub Germaniyadagi nomdor jamoalardan biri edi. Hatto GDR chempionligi uchun ham kurash olib borgan mavsumlar bo‘lgan. Afsuski, Berlin devori qulagach, «Dinamo Drezden» katta moliyaviy muammolarga duch keldi. Oqibatda, jamoa quyi divizionga tushib ketdi. Shunga qaramay, ushbu klub muxlislari «oltin to‘p» sovrindorini tarbiyalagani bilan faxrlanishi mumkin.

Daniyel Passarela – «Sarmento»

Ikki karra jahon chempioni va Argentina terma jamoasining abadiy sardori haqida soatlab fikr bildirish mumkin. «River Pleyt» safidagi super o‘yinlariga qaramay, qahramonimiz «Sarmento» tarbiyalanuvchisi sanaladi.  Daniyel «River»ga o‘tguniga qadar, ushbu klub sharafini ikki mavsum davomida himoya qilgan. Aynan shu faktor sababli bu klubni Passarellaning jamoasi deb atash Argentinada urfga aylangan.

Shahar tashqarisidagi kichik Xunin qishlog‘ida joylashgan klub ayni damda Argentinaning ikkinchi divizionida harakat qilmoqda.

Virjil Van Deyk – «Groningen»

Gollandiyadagi deyarli barcha klublar kamida bitta super yulduzni yetishtirgani bilan faxrlanishi mumkin. «Groningen» ham shular jumlasidan. «Shimol faxri» Aka-uka Kumanlarni katta futbolga yetkazib bergan. Shuningdek, Robben ham aynan shu klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. E’tiborlisi shundaki, «Liverpul» yetakchisi Virjil Van Deyk ham aynan shu klubda katta futbolga kirib kelgan.

Roberto Karlos – «Union San Juan»

Braziliyada katta klublar juda ko‘p. O‘z-o‘zidan ulardan yetishib chiqqan super yulduzlar ham talaygina topiladi. «Union San Juan» esa, bu borada biroz kamtarin ko‘rinishda. Shunday bo‘lsada, ushbu klub dunyo futboliga Roberto Karlos singari super futbolchini yetkazib bergani bilan maqtanishi mumkin. 90 yillarda Braziliyaning oliy ligasida harakat qilgan klub moliyaviy muammolar sababli pastki divizionlarga qulashni boshladi. 2014 yilda o‘zining so‘nggi uchrashuvini o‘tkazgach, «Union San Juan» to‘liqligicha futbol xaritasida yo‘qolib qoldi.

Yarim himoyachilar.

Rud Gullit – «Xarlem»

Reykard va Van Bastenlar “Ayaks” tarbiyalanuvchilari sanaladi. Negadir, ko‘plab muxlislar Rud Gullitni ham Amsterdam klubida tahsil olgan deb o‘ylaydi. Vaholanki, Gullit faoliyati davomida biror marotaba “Ayaks” sharafini himoya qilmagan. «Feynoord» va PSVda to‘p surguniga qadar, qahramonimiz «Xarlem» sharafini himoya qilgan. Gullit jamoasi bilan avvaliga Gollandiyaning pastki, so‘ng yuqori ligalarida to‘p surgan. Achinarlisi shundaki, 120 yillik tarixga ega klub 2010 yilda bankrot bo‘lganini rasman e’lon qildi.

Andrea Pirlo - «Breshia»

«Breshia» sharafini o‘z vaqtida Gvardiola, Badjo, Gamshik, Xadji singari yulduzlar himoya qilgan, ammo ularning hech biri akademiya tarbiyalanuvchisi sanalmaydi. Shu bois, ushbu muxlislar Andrea Pirloni klub tarixidagi eng yaxshi futbolchi deb hisoblashadi. Bu bejizga emas. Sababi, Pirlo «Breshia»ni «B seriya»da ham tashlab ketmagan edi.

Zayniddin Zidan – «Kann»

Zidanning futbolchilik davrini ko‘z oldingizga keltirsangiz, «Real» va «Yuventus» libosidagi futbolchini ko‘rasiz. Agar yaxshilab xotirlasangiz, «Bordo»dagi Zidanni ham tasavvur qilishingiz mumkin, ammo «Kann» sharafini himoya qilgan Zidanni eslay olasizmi? 30 yil avval Zidan va Patrik Viyeyra singari yulduzlarga qo‘nim bo‘lgan jamoa ayni damda juda og‘ir ahvolda. Moliyaviy sabablarga ko‘ra, «Kann» ayni damda Fransiyaning 7-divizionida faoliyat olib bormoqda.

Hujumchilar.

Roberto Badjo – «Vichensa»

Afsonaviy futbolchi Kaldonyoda tavallud topgan. Shu bois, ushbu shaharchadagi klubda ilk futbol saboqlarini oladi. Badjo o‘zining professional faoliyatini ushbu klub safida “C seriya”da boshlaydi, ammo ko‘p o‘tmay uni «Fiorentina» sotib oladi.

Alessandro Del Pyero – «Padova»

Sandroni “janob «Yuventus» deb atashadi. Turin klubidagi rekordlarni o‘ziniki qilib olgan futbolchi aslida «Padova» tarbiyalanuvchisi sanaladi. Qahramonimiz ushbu klub safida 15 ta o‘yin o‘tkazgach, 18 yoshida Turinga ko‘chib o‘tadi. To‘g‘ri, uning faoliyatidagi eng asosiy klub «Yuventus» bo‘lib qoladi, ammo «Padova» doimo birinchi!

David Vilya – «Sporting»

David Vilyaga mashhurlikni «Valensiya» klubi olib kelgan bo‘lsada, qahramonimiz kamtarin Xixongning «Sporting» jamoasi faxri va  Ispaniya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi hujumchi sanaladi.

Manba: Stadion.uz
Kiritildi: 17:14, 19.09.2020.
O'qildi: 5646 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.