Milliy chempionat bahslari tobora, o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Tomoshabinlar O‘zbekiston Superligasining navbatdagi tur uchrashuvlarini vodiy, voha, Navoiy va Toshkent shaharlaridan amalga oshirilgan jonli translYasiyalar orqali tomosha qilishdi.
Dastavval, 8 sentyabrda, bugun OCHLdagi ishtirokini davom ettiradigan “Paxtakor“ “Metallurg“ bilan xalqaro maydondagi musobaqa tufayli muddatidan avval o‘yin o‘tkazib, 3:0 hisobida zafar quchdi. Gollarga Dragan Cheran, Javohir Sidiqov hamda Asad Sobirjonovlar mualliflik qilishdi. Ushbu g‘alaba orqali “sherlar“ 41 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirishmoqda. Andrey Shipilov shogirdlari esa 28 ochko bilan 5 o‘ringa joylashishdi.
Dastlabki, 20 sentyabr kuni Muborakdagi markaziy o‘yingohda “Buxoro“ jamoasi “Lokomotiv“ni qabul qilib, mag‘lubiyatga uchradi. Mehmonlar safidan, Temurxo‘ja Abduxoliqov, Marat Bikmayev hamda Azizbek Amanovlarning gollari “temiryo‘lchilar“ga g‘alabani ta’minladi. Shuhrat Muhammadiyev o‘yindan chetlatilgan bo‘lsada, bu natijaga deyarli ta’sir o‘tkazmadi. Raqiblardan Bexruz Sadulloyevning goli esa, hisobni biroz qisqartirdi xolos. Yakuniy hisob 1:3. So‘nggi o‘yinlar toshkentliklar o‘z natijalarini sekin-astalik bilan yaxshilab borayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa bevosita yangi murabbiylar effekti bilan namoyon bo‘lyapti. Shu orqali Andrey Miklyayev shogirdlari 21 ochko jamg‘arib, jadvalda 8 o‘rinni band etishdi. Jamshid Saidov qo‘l ostidagi “Buxoro“da esa ijobiy o‘zgarishlar sezilmayapti va jamoa hali hamon quyi, 13 o‘rinda bormoqda.
Shu kuni, “Andijon“ Namanganga safar uyushtirdi. Vodiy derbisida nursiz durrang qayd etilib, tomonlar bir ochkodan bo‘lishib olishdi. Shu tariqa “burgutlar“ning g‘alabasiz o‘yinlari soni 16 taga yetdi. Xuddi shunday g‘alabasiz jamg‘arilgan 7 ochko esa eng so‘nggi pog‘onanigina ta’minlayapti xolos.
Namanganliklar esa 21 ochko bilan jadvalning o‘rtasida joylashishdi. Jamoada ba’zi muammolar bo‘lib o‘tmoqda chog‘i, murabbiylar yakdil, fikrlari hamohang emas. Muammo ham, bu holat jamoatchilikka ochiq ma’lum qilinayotganligi. Ammo, kecha “Markaziy“ o‘yingohda yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va unda rahbariyat vakillari, murabbiy va futbolchilar klub atrofidagi mish-mishlarni mutlaqo inkor etib, jamo ichidagi muhit yaxshi ekanligini bayon etishgan.
Dushanba kunida, Jizzax hamda Qarshida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. “So‘g‘diyona“ sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borayotgan “Qo‘qon-1912“ni qabul qildi. Butun o‘yin mezbonlarning ustinligida kechdi. Mehmonlar tarkibidan Bobur Akbarovning maydondan chetlatilishi esa, murabbiy Davron Fayziyev va uning jamoasi rejalarini butunlay buzib yubordi. Birinchi taymdagi Shaxboz Jo‘rabekov hamda Marko Kolakovichilarning gollari, ikkinchi bo‘limda Iskandar Shayqulovning raqiblar darvozasiga kiritgan to‘pi Ulug‘bek Baqoyev qo‘l ostidagi jamoaga g‘alaba taqdim etdi, 3:0. Ko‘plab g‘alabalar evaziga birinchi davrani yaxshi o‘tkazgan vodiy jamoasi mana 3 turki, biroz o‘ziga o‘xshamayapti. Buni muxlislardan tortib, murabbiylar ham tan olishmoqda va yo‘l qo‘yilgan xatolarga ko‘proq e’tibor qaratish hamda bo‘lg‘usi bahslar uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidlashmoqda.
O‘z navbatida, jizzaxliklarga ham barqarorlik yetishmayapti. Jamoaning ba’zi o‘yinlarda kerakli ochkolarni yo‘qotayotgani, jadvaldagi vaziyatini ham yomonlashishiga olib kelmoqda. Ammo, natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari yuqori pog‘onalar uchun kurashdan barvaqt chiqmoqchi emas. Darvoqe’, ushbu bahsdan so‘ng, “Bo‘rilar“ 20 ochko bilan 9, qo‘qonliklar 26 ochko bilan 6 o‘rindalar.
Shu kuni Qarshidagi markaziy stadionda kechgan qarama-qarshilikda “Nasaf“ raqiblari darvozasiga javobsiz 5 ta to‘p yo‘llab, “Surxon“ ustidan zafar quchdi. Mezbonlardan, Islom Kenjaboye hamda Bobur Abduxoliqov dubl qayt etgan bo‘lsa, Dilshod Rahmatullayevning bir goli, hisobning yiriklashishi uchun xizmat qildi. Shu tariqa Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi “ajdarlar“ ochkolari sonini 32 taga yetkazib, “kuchli uchlik“ zonasida uchunchi bo‘lib turishibdi. Ravshan Haydarov murabbiyligidagi “Surxon“ esa 9 ochko bilan 12 o‘rin, xavfli zonadan joy olishgan.
Turning markaziy uchrashuvida, “Milliy“ stadionda, “Bunyodkor“ hamda “AGMK“ to‘qnash kelishdi. Ikkinchilik uchun jiddiy kurash olib borayotgan Vadim Abramovning 10 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga, shu kuni Mirjalol Qosimov barham berdi. Ancha shiddatli va murosasiz kechgan bahs mobaynida, mezbonlar ikki marotaba hisobda orta borib, keyin muvozanatni tiklagan bo‘lishsada, yakunda o‘z darvozalaridan yana bitta to‘p olib chiqishga majbur bo‘lishdi. Olmaliqliklardan Mate Vatsadze Elguja Grigalashvili va Jasurbek Umarovlarning kiritgan 3 ta to‘piga, Nurillo To‘xtasinov va Xurshid G‘iyosovlar 2 ta gol bilan javob qaytarishdi. Umumiy hisob 2:3. Yakunda, “Qaldirg‘ochlar“ 29 ochko bilan 4, olmaliqliklar esa 33 ochko bilan 2 pog‘onani band etishdi.
Turni yakunlab bergan uchrashuv, Navoiyda “Qizilqum“ hamda “Mash’al“ o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Bir qancha xavfli vaziyatlar bo‘lishiga qaramasdan, butun o‘yin mobaynida darvozaga kirishni istamagan to‘p, ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan so‘nggi daqiqalarda muborakliklar darvozasidan, Samandar Shukrulloyevning avtogoli tariqasida joy oldi. Natijada, g‘alabalari sonini 3 taga, ochkolarini 14 taga oshirgan Hamidjon Aktamov boshchiligidagi klub 11 o‘rinda, shu paytgacha 19 ochko jamg‘argan Dilyaver Vaniyev shogirdlari esa 10 o‘rinda bormoqda.
Kelgusi, 17 turda, “Andijon“ “Buxoro“ni qabul qilsa, “Lokomotiv“ Bekobodda sinovdan o‘tadi. “Nasaf“ning galdagi manzili Namangan, “Qizilqum“ esa, bu safar olmaliqdan ochko ishlab qaytishgan harakat qiladi. “Surxon“ nisbatan osonroq raqib bilan kurash uchun, Muborakka safar qiladi.
“Qo‘qon-1912“ jadvalda hozirgidan yuqoriroq o‘rin istaydi va shu uchun “Bunyodkor“bilan kuch sinashadi. Tur doirasida, “Paxtakor“ning Jizzax jamoasiga qarshi “hisob-kitobi“ esa 9 oktyabr sanasiga qoldirilgan.
Dadajon FOZILJONOV