Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

UYEFA superkubogi. Prevyu: Olmon «qo‘shini» andalusiyalik «qizil-oqlar» qarshi

UYEFA superkubogi. Prevyu: Olmon «qo‘shini» andalusiyalik «qizil-oqlar» qarshi

Baho:
+ | -

Odatga ko‘ra, har yangi mavsum bo‘sag‘asida UYEFA o‘zining navbatdagi nufuzli tituli uchun, Yevropani titratgan ikki jamoani yana bir jangga taklif etadi. Yevropa superkubogining bu galgi da’vogarlari — Chempionlar Ligasi g‘olibi “Bavariya“ hamda Yevropa Ligasi sohibi "Sevilya".

Ikkala jamoa ham ortda qolgan mavsumni a’lo darajada o‘tkazdi deyish mumkin. Xans-Diter Flik bosh murabbiyligidagi dastlabki mavsumdayoq "trebl"ga erishib, jamoani tamomila ochib yubordi. Bir yilning o‘zidayoq dahshatli o‘yinlar va unutilmas natijalarni taqdim etdi. Nemislar oldindagi mavsumda ham shunday shov-shuv ko‘tara olishadimi, deganlarga Bundesliganing dastlabki turida “Shalke-04“ jamoasiga qarshi kechgan bahs(8:0) javob bo‘la oldi, nazarimizda.

Tarkib borasida deyarli xavotirli narsa yo‘q. Jamoa yetakchilaridan biri Tiago Alkantara Myunxen shahrini tark etib, "Liverpul" a’zosiga aylangan, ijara muddati yakunlangan Perishich “Inter“ safiga borib qo‘shilgan bo‘lsa-da, ispaniyalik xavbek va xorvatiyalik vingerning o‘rnini to‘ldiradigan futbolchilar yetarlicha. Leroy Sanening jamoaga adaptasiyasi kutilganidan yaxshiroq kechgani bois, COVID tufayli izolyasiyada bo‘lgan Kingsli Komanning Budapeshtga bormasligi ham Flikni o‘ylantirayotgani yo‘q. Ammo, klubning mudofaa chizig‘ida David Alaba bilan yangi shartnoma borasida bir to‘xtamga kela olmayotgani, bu esa “Ayaks“ning amerikalik himoyachisi Serjinyo Destga bo‘lgan qiziqish va kurashni yuzaga keltirgani, bor gap. Hozircha, Alaba jamoada va kubok bahsi uchun kengaytirilgan qaydnomaga ham kiritilgan. Nafaqat Dest balki, boshqa xaridlar borasida ham xabarlar tarqalgan. Transferlar borasidagi voqealar rivoji yaqin kunlarda yanada oydinlashsa, ajab emas. Tez orada germaniyalik mutaxassis o‘zi yozgan tarixni, superkubok aks etgan sahifa bilan boyitishga harakat qilib ko‘radi.

"Sevilya" ham jamoaga yangi bosh murabbiy Xulen Lopetegi taklif etilgandan keyin ko‘zga ko‘rinarli natijalarni qayd etdi. Klub tarixida 4 bor Yevropa Ligasi sovriniga ega chiqildi, shuningdek Ispaniya primerosi ham kuchli to‘rtlikda yakunlanib, xalqaro maydon yo‘llanmasini Yevropa ligasi chempionligidan avval hal etildi. “Blanquirrojos“ (oq-qizillar) Budapeshtga yaxshi ko‘rinishdagi tarkib bilan borgan. Nega deganda, transferlar oynasida jamoaga ba’zi futbolchilar kelib, boshqalari tark etishdi. Jumladan, “Milan"dan Suso, "Sporting"dan Markos Akunya, “Barselona“dan jamoaning sobiq futbolchisi Ivan Rakitich kabilar taklif etilgan bo‘lsa, yetakchi futbolchilaridan biri, yarim himoyachi Ever Banega Saudiyaning “Ash-SHabob“ klubiga, o‘tgan mavsum chap qanot himoyasida, ijara asosida sermahsul o‘yin namoyish etgan Serxio Regilon Londonning “Tottenhem“ klubiga qo‘yib yuborildi.

Jamoa bugungi o‘yinga qadar "Atletik Bilbao"(2:1) hamda "Levante"(3:2)ga qarshi nazorat-o‘rtoqlik bahsi o‘tkazdi va ikkisida ham g‘alaba qozondi. Shundan kelib chiqib, umumiy tayyorgarlik tobida deyish mumkin. Ispaniyalik mutaxassis rahbariyatga o‘z potensiali darajasidagi jamoa qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdi. Ushbu sovrin esa oldindagi mavsum uchun klubga katta ishonch va ishtiyoq berishi shubhasiz.

Iqtiboslar

Xans-Diter Flik: "Biz mavsumni mukammal o‘tkazdik Albatta, kubokni himoya qilish qiyin bo‘ladi, ammo biz ushbu chorlovni qabul qilamiz. Ajablanarlisi, mavsum so‘ngida Superkubokni yuqoriga ko‘tarish bu — tort ustidagi gilos. Bizning maqsadimiz juda aniq. Biz ham "Sevilya" singari g‘alaba qozonmoqchimiz. Biz, jamoadan ketgan futbolchilarni sog‘inamiz, ammo ular hozir tarkibda yo‘q va biz bunga moslashib ketmoqdamiz . “Bavariya“ har doim muvaffaqiyatli bo‘lishni xohlaydi, bu bizning DNKimizda".

Xulen Lopetegi: "Bavariya" ajoyib o‘yinchilarga ega eng yaxshi darajadagi jamoa. Ularda jamoaviy ishlash qobiliyatiga ega va jamoaning qarashlarini o‘zgartira olgan, yuksak e’tiborli murabbiy bor. Bu dunyodagi eng yaxshi jamoaga qarshi o‘yin bo‘ladi. Lekin bizda ham, mag‘rur va intiluvchan jamoa bor. O‘yin oldidan hayajon bor, lekin biz finalda o‘zimizni yaxshi namoyon qilishni xohlaymiz. Oson bo‘lmaydi, lekin biz bunga ishonamiz".

Raqiblar o‘zaro, so‘nggi marta YECHLning 2017-18 yilgi mavsumining nimchorak final bosqichida to‘qnash kelishgan bo‘lib, o‘shanda “Roman Sanchez Pisxuan“da kechgan bahsda "Sevilya" 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan. So‘ngra, “Alyans Arena"dagi uchrashuv 0:0 hisobida yakunlangangach, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Bavariya“ keyin bosqich yo‘llanmasiga ega chiqqan.

Taxminiy tarkiblar

"Bavariya": Manuel Noyer, Benjamin Povar, Niklas Zyule, Jerom Boateng, Alfonso Devis, Yozua Kimmix, Lion Goretska, Leroy Sane, Tomas Myuller, Serj Gnabri, Robert Levandovski

"Sevilya": Bono, Diyego Karlos, Jyul Kunde, Xesus Navas, Serxio Eskudero, Franko Vaskes, Ivan Rakitich, Fernando, Suso, Lukas Okampos, Yussef En-Nesiri

Vengriya, Budapesht, “Pushkash-Arena“. Qiziq bo‘ladi!

Dadajon FOZILJONOV tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 10:16, 24.09.2020.
O'qildi: 4445 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.